Asosiy materiallarga o‘tish

Maroni daryosi bo‘ylab ekspedisiya

Maroni daryosi bo‘ylab ekspedisiya

Gavjum shaharlar shovqinidan olisda Janubiy Amerikaning Amazonka nam tropik o‘rmonlarida turli qabila, til va millatga mansub odamlar yashaydi. 2017-yili, iyulda 13 kishidan iborat Yahova Shohidlarining guruhi Maroni daryosi va uning Fransiya Gvianasi hududidagi sharqiy irmoqlari bo‘ylab ekspedisiyaga chiqishdi. Xo‘sh, ularning maqsadi qanaqa edi? Ular daryo qirg‘oqlari bo‘ylab yashovchi odamlarga Muqaddas Kitobdagi umidbaxsh xabarni aytmoqchi edi.

Ekspedisiyaga tayyorgarlik

12 kunlik ekspedisiyadan bir oy oldin, barcha ishtirokchilar unga tayyorgarlik ko‘rish uchun birga yig‘ilishdi. «Biz bu hudud va uning tarixi haqida ma’lumotga ega bo‘ldik, shuningdek, bu safarga o‘zimizni qanday tayyorlashimiz mumkinligini muhokama qildik»,— deb eslaydi Vinsli. Har bir ishtirokchi gamak va pashshaxona solingan suv o‘tkazmaydigan idish bilan ta’minlandi. Ekspedisiya davomida ikki marta samolyotda uchishga hamda bir necha soat uzun ensiz qayiqlarda (kanoe) suzishga to‘g‘ri kelardi.

Klod va Lizet

Bu taklifni olganlar nimalarni his qilgan? Nafaqa yoshida bo‘lgan Klod va Lizet tayyorlik ila bu taklifni qabul qilishdi. «Xursand bo‘lsam-da, ozgina qo‘rquvni his qilayotgan edim. Chunki daryo oqimi juda xavfli ekani haqida ko‘p eshitgandim»,— deydi Klod. Lizet esa o‘z xavotirlari bilan bo‘lishib: «Amerikalik hindular tillarida gapira olamanmi yoki yo‘qmi deya tashvishlanayotgandim»,— dedi.

Mikael ismli ekspedisiya ishtirokchisi shunga o‘xshash tuyg‘ularni his qilgan. U: «Vayyana qabilasi to‘g‘risida uncha ko‘p ma’lumotga ega emasdik. Shu sababli Internetda izlanish olib borib bir nechta so‘z o‘rgandim va bu xalq tilida salomlashishni ham bilib oldim»,— deb aytdi.

Turmush o‘rtog‘i Yoxann bilan sayohatga chiqqan Sherli daryo bo‘ylab yashovchi xalqlar tillarining ro‘yxatini tuzgan. U shunday dedi: «Biz jw.org saytimizdan bu tillarning aksariyatida videolarni yuklab oldik hamda vayyana tilida so‘zlashgich sotib oldik».

Amerikalik hindular yashovchi hududga yetib borish

Seshanba, 4-iyul kuni ekspedisiya guruhi Sen-Loran-dyu-Maronidan samolyotga minib, Maripasulaga uchib keldi. Bu Fransiya Gvianasining ichkarisida joylashgan shaharcha.

Keyingi to‘rt kun davomida guruh uzun ensiz matorli qayiqlarda Maroni daryosining yuqori irmoqlari bo‘ylab joylashgan qishloqlarda va’z qildi. «Amerikalik hindular Muqaddas Kitobga oid mavzularga samimiy qiziqish ko‘rsatayotganini kuzatdik. Ularda ko‘p savollar paydo bo‘ldi va ba’zilari ular bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazishimizni so‘rashdi»,— deb bo‘lishdi guruhning Rolan ismli a’zosi.

Bitta qishloqda Yoxann bilan Sherli yosh bir er-xotinni uchratib qolishdi. Ularning qarindoshi yaqinda o‘z joniga qasd qilgan ekan. Yoxann shunday dedi: «Biz ularga “Tub amerikalik Yaratuvchini topdi” nomli videoni * qo‘yib berdik. Ular bu videoni ko‘rib ta’sirlanishdi. Ular biz bilan aloqada bo‘lishni istagani uchun elektron manzilini berishdi».

Ekspedisiya yetib borgan eng olis hudud Antekum Pata bo‘ldi. Bu yerning qishloq oqsoqoli guruhga jamoat joyida gamaklarni o‘rnatishga ruxsat berdi. Guruh a’zolari mahalliy aholi singari daryoda cho‘milishdi.

Keyin guruh a’zolari Tvenka qishlog‘iga yo‘l olishdi. Bu yerda ular yaqinidan ayrilib qolgan odamlarning aza tutayotganini ko‘rib qolishdi. Ekspedisiyani tashkillashtirgan insonlardan biri Erik shunday dedi: «“Qabilaning kattasi”, ya’ni qishloq oqsoqoli ayriliqni boshidan kechirayotgan bu insonlarga tasalli berishimiz uchun qishloqqa kirishga ruxsat berdi. Qishloq oqsoqoli va uning oilasiga vayyana tilidagi Muqaddas Kitobdan oyatlar o‘qib berganimiz ularga juda yoqdi. Biz, shuningdek, ularga Muqaddas Kitobdagi tirilish haqidagi va’da aks ettirilgan videolarni ko‘rsatdik».

Gran-Santi va Apatauda

Ekspedisiyaning keyingi manzili Maripasuladan daryo bo‘ylab pastda joylashgan Gran-Santi nomli shaharcha edi. Seshanba va chorshanba kunlari guruh a’zolari mahalliy aholiga Muqaddas Kitobdagi xushxabarni va’z qilishdi. Payshanba kuni esa ular Maroni daryosi bo‘ylab pastga besh yarim soat yo‘l bosib, Apatau qishlog‘iga yetib kelishdi.

Maripasula bilan Gran-Santi o‘rtasida joylashgan Maroni daryosi va Amazonka nam tropik o‘rmonlari

Ekspedisiya tugashidan bir kun oldin guruh a’zolari o‘rmondagi maronlarning qishloqlariga yetib olishdi. Maronlar — Surinam mustamlaka davlat bo‘lgan davrda Afrikadan Janubiy Amerikaga olib kelingan qullarning avlodlari. Guruh a’zolari o‘rmonda chodir o‘rnatib, mahalliy aholining barini maxsus uchrashuvga chaqirishdi. Klod shunday dedi: «Bu uchrashuvga ko‘p odam kelganini ko‘rib, qalblarimiz xursandchilikka to‘ldi. Axir ularga bu haqida ertalab aytgan edik-ku!» Chekka joylarda va’z qilish ekspedisiyasida ilk bor ishtirok etgan Karsten aukan shevasida «Hayotning bori shumi?» nomli ommaviy nutq so‘zladi. Mazkur uchrashuvga turli qishloqlardan jami bo‘lib 91 kishi keldi.

«Biz yana borishga tayyormiz!»

Nihoyat ekspedisiya Sen-Loran-dyu-Maroniga qaytdi. Guruh a’zolari mahalliy aholi ijobiy munosabat bildirganidan xursand edi. Chunki ular Yahovaning Shohidlari tomonidan chiqarilgan ko‘pgina adabiyotlarni oldi hamda bir qancha videolarni tomosha qildi.

Lizet: «Bu ekspedisiyaga borganimdan qanchalik baxtiyor ekanimni so‘z bilan ta’riflash qiyin»,— deb aytdi. Sindi esa qo‘shib qo‘ydi: «Yana shunday imkoniyat paydo bo‘lsa, fursatni qo‘ldan boy bermayman. Meni tushunish uchun bu xursandchilikni o‘zingiz his qilib ko‘rishingiz kerak!»

Bu ekspedisiyada ishtirok etganlarning ba’zilarida o‘sha joylarga qaytish istagi tug‘ildi. Mikael: «Biz yana borishga tayyormiz!» — deb aytdi. Vinsli esa Sen-Loran-dyu-Maroniga ko‘chib o‘tdi. Yoshi 60dan oshgan Klod va Lizet Apatauga ko‘chib borishdi.

^ 8- x.b. «Коренной американец находит Создателя» nomli videoni JW Internet-televideniesida rus tilida tomosha qilishingiz mumkin.