Qanday qilib abadiy yashay olasiz?
Muqaddas Kitob asosida javob
Muqaddas Kitobda shunday va’da haqida yozilgan: «Xudoning irodasini bajarayotgan kishi abadiy yashaydi». (1 Yuhanno 2:17) Xo‘sh, Xudo nima qilishingizni xohlaydi?
Alloh hamda Uning O‘g‘li Iso Masih haqida bilib oling. Iso Xudoga ibodat qilganda: «Abadiy hayotga ega bo‘lish uchun, Seni — tanho haq Xudoni va Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilish kerak»,— deb aytgan. (Yuhanno 17:3) Xudoni va Isoni tanib-bilish nimani o‘z ichiga oladi? Ularni Muqaddas Kitobni tadqiq qilish va bilib olganlarimizni hayotimizda qo‘llash orqali tanib-bilishimiz mumkin a. Muqaddas Kitobga ko‘ra, Yaratgan Egamiz Yahova hayot Manbaidir. (Havoriylar 17:24, 25) Qolaversa, bu kitobdan «abadiy hayotning so‘zlariga» o‘rgatgan Iso Masih haqida bilib olamiz. (Yuhanno 6:67–69)
Iso Masihning to‘lov qurbonligiga ishoning. Iso yer yuziga «xizmat qilgani va... jonini to‘lov sifatida bergani kelgan». (Matto 20:28) Bu to‘lov odamlar uchun yer yuzida jannatda abadiy yashash imkoniyatini ochib bergan b. (Zabur 37:29) Iso quyidagicha degan: «Alloh insoniyatni shu qadar qattiq sevdiki, hatto ular uchun yagona O‘g‘lini berdi. Toki unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin». (Yuhanno 3:16) Ammo Iso Masihga ishonishning o‘zi yetarli emas. Unga ishonayotganimizni uning ta’limotlariga va samoviy Otasining irodasiga muvofiq yashab ko‘rsatamiz. (Matto 7:21; Yoqub 2:17)
Xudo bilan yaqin do‘st bo‘ling. Xudo biz Unga yaqinlashishimizni va U bilan do‘st bo‘lishimizni istaydi. (Yoqub 2:23; 4:8) Alloh mangudir, U doim bor bo‘ladi va do‘stlari ham abadiy yashashini xohlaydi. Kalomida Xudo Uni izlaydigan kishilar haqida «ular hayotdan toabad mamnun bo‘lib yashasin» deb yozgan. (Zabur 22:26)
Abadiy yashash borasidagi noto‘g‘ri fikrlar
Noto‘g‘ri fikr. Odamlar harakatlari tufayli abadiy yashay oladi.
To‘g‘ri fikr. Tibbiyotdagi ba’zi yutuqlar tufayli odamlarning umri uzayishi mumkin deb va’da qilinayotgan bo‘lsa-da, bu urinishlar abadiy hayotga yetaklamaydi. Abadiy hayotni yagona Alloh ato etishga qodir, chunki U «hayot manbai». (Zabur 36:9) «O‘limni U toabad yo‘q qiladi» va barcha sodiq kishilarga abadiy hayotni berishni va’da qilmoqda. (Ishayo 25:8; 1 Yuhanno 2:25)
Noto‘g‘ri fikr. Faqat muayyan irq vakillari abadiy umr ko‘radi.
To‘g‘ri fikr. Alloh hech bir irqni boshqasidan yuqori ko‘rmaydi. Aksincha, «Undan qo‘rqib, to‘g‘ri yo‘l tutgan har bir kishini U millatiga qaramay qabul qilarkan». (Havoriylar 10:34, 35) Barcha xalq vakillari va kelib chiqishi qanday bo‘lishidan qat’i nazar Xudoga itoatli bo‘lgan har bir kishi abadiy umr ko‘radi.
Noto‘g‘ri fikr. Abadiy yashash zerikarli.
To‘g‘ri fikr. Abadiy yashash va’dasini Xudo bermoqda, U bizni yaxshi ko‘radi va baxtiyor bo‘lishimizni istaydi. (Yoqub 1:17; 1 Yuhanno 4:8) Tangri shuni biladiki, biz baxtiyor bo‘lib yashashimiz uchun mazmunli ish bilan band bo‘lishimiz kerak. (Voiz 3:12) Alloh yer yuzida abadiy yashaydigan kishilar mazmunli hayot kechirib, qoniqarli ishlab, bundan o‘zlari va yaqinlari foyda olishini va’da bermoqda. (Ishayo 65:22, 23)
Bundan tashqari, abadiy yashaydiganlar Yaratuvchi hamda Uning ajoyib turli ishlari haqida yangi fikrlarni bilishda davom etishadi. Xudo bizni abadiy yashash va U haqida bilim olish istagi bilan yaratgan bo‘lsa-da, «odam hech qachon Xudoning ishlarini boshidan oxirigacha tushunib yeta olmaydi». (Voiz 3:10, 11) Shu bois, abadiy yashaydigan insonlar bilib olgisi kelgan va qilmoqchi bo‘lgan qiziqarli narsalar cheksizdir.
a Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobni bepul tadqiq qilishga sizni taklif qiladi. Ko‘proq ma’lumot olish uchun, «Muqaddas Kitob tadqiqi qanday o‘tkaziladi?» nomli videoni tomosha qiling.
b «Iso Masih qanday qilib qutqaradi?» nomli maqolaga qarang.