Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Jismoniy mashqlarga meni nima undashi mumkin?

Jismoniy mashqlarga meni nima undashi mumkin?

 Nega jismoniy mashqlar qilishim kerak?

 Ko‘pgina mamlakatlarda yoshlar jismoniy mashqlar uchun kam vaqt ajratadi, bu tufayli esa, ularning sog‘ligi xavf ostida qoladi. Bejizga Muqaddas Kitobda: «Jismoniy mashq... foyda keltiradi»,— deb aytilmagan. (1 Timo‘tiyga 4:8) Quyidagilar haqida o‘ylab ko‘ring:

  •   Jismoniy mashqlar qilib, o‘zingizni yaxshiroq his eta olasiz. Jismoniy mashqlar tufayli miyada kimyoviy moddalar — endorfin ishlab chiqariladi va bu o‘zingizni yaxshi hamda xursand his etishingizga yordam beradi. Ba’zilar mashqlarni depressiyaga qarshi kurashishning tabiiy usuli deb ataydi.

     «Ertalablari yugurishga chiqsam, kunim samaraliroq va quvonchliroq o‘tadi. Yugurish kayfiyatimni ko‘taradi». (Regina)

  •   Jismoniy mashqlar bilan shug‘ullansangiz, tashqi ko‘rinishingiz yaxshilanadi. Me’yorida mashq qilish kuchliroq va tashqi ko‘rinishingiz yaxshiroq bo‘lishiga, o‘zingizni yanada dadil his etishga ko‘maklashadi.

     «Turnikda o‘n marta tortilganimda, o‘zimni yaxshiroq his qilaman. Bir yil oldin esa, hatto bitta ham tortila olmasdim! Eng ajoyibi, sog‘ligimga g‘amxo‘rlik qilayotganimni bilaman». (Oliviya)

  •   Jismoniy mashqlar umringizni uzaytirishi mumkin. Jismonan faol bo‘lish yurak qon-tomir va nafas yo‘llari faoliyatini yaxshilaydi. Aerobika bilan shug‘ullanish erka-gu ayollarning o‘limiga sabab bo‘layotgan qon-tomir kasalliklarining oldini olishi mumkin.

     «Sog‘ligimizga foyda keltiradigan mashqlar bilan shug‘ullansak, Yaratuvchimiz bergan tanamizni qadrlayotganimizni ko‘rsata olamiz». (Jessika)

 Xulosa. Jismoniy mashqlar ham kelajakda, ham hozirning o‘zida foyda keltira oladi. 22 yoshli Tonya shunday dedi: «“Aylanishga yoki yugurishga bekor boribman”,— deb aytmaysiz. Bahonalarimni chetga surib, mashq qilganimdan hech ham afsuslanmaganman».

Mashinaga e’tibor berilmasa, u ishdan chiqadi; jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanmasangiz ham, sog‘ligingiz pand berishi mumkin

 Nima menga to‘sqinlik qilyapti?

 Quyida duch kelish mumkin bo‘lgan ba’zi to‘siqlar keltirilgan:

  •   Undovchi kuch yo‘qligi. «Menimcha, yoshlarda undovchi ko‘ch bo‘lmaydi. Chunki bunday paytda sog‘lik muammolariga duch kelishingizni tasavvur qilish qiyin. Faqatgina keksalar bunday muammolarga duch keladi, deb o‘ylashadi». (Sofiya)

  •   Vaqt yo‘qligi. «Band bo‘lganim uchun sog‘lom ovqatlanish va uxlash uchun vaqt ajratishimga to‘g‘ri keladi, ammo jismoniy mashqlar uchun vaqt topish doim qiyin bo‘ladi». (Klarissa)

  •   Pul yetishmasligi. «Doim mashq qilishni istasangiz, bu qimmatga tushadi. Chunki sport zali uchun pul to‘lash kerak». (Gina)

 O‘ylab ko‘ring:

 Sizga mashq qilishingizga xalaqit qilayotgan eng katta to‘siq nima? To‘siqni yengish uchun harakat qilish kerak, natijasi bunga arziydi.

 Sog‘lom bo‘lish uchun qanday mashqlar qila olaman?

 Mana bir nechta taklif:

  •   Sog‘ligingizga g‘amxo‘rlik qiling. (Galatiyaliklarga 6:5)

  •   Bahonalar topishdan qoching. (Voiz 11:4) Masalan, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish uchun zalga borish shart emas. Sizga zavq keltiradigan mashqni toping va u hayotingizning bir qismiga aylansin.

  •   Boshqalardan ular qanday mashqlar qilishini so‘rang. (Hikmatlar 20:18)

  •   Maxsus jadvalingiz bo‘lsin. Maqsadlar qo‘ying va o‘zingizni undab turish uchun nimalarga erishganingizni yozib boring. (Hikmatlar 21:5)

  •   O‘zingizga hamroh toping. Siz bilan muntazam ravishda mashq qiladigan do‘stingiz bo‘lsa, u sizni undab, taslim bo‘lmasligingizga yordam bera oladi. (Voiz 4:9, 10)

  •   Hammasi ham silliq ketmasligi mumkin, lekin bo‘shashmang. (Hikmatlar 24:10)

 Muvozanatli bo‘ling

 Muqaddas Kitob ham ayollarni, ham erkaklarni «har narsada me’yorini biladigan» bo‘lishga undaydi. (1 Timo‘tiyga 3:2, 11) Shunday ekan, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishda ham, me’yorini biling. Jismoniy mashqlar bilan haddan tashqari ko‘p shug‘ullanadigan odamlar ko‘pincha o‘ziga o‘zi mahliyo bo‘lib qoladi. Yoshi 24da bo‘lgan Juliya quyidagi fikrni bildirdi: «Yigitlarning mushaklari bo‘lsa-yu, aqli bo‘lmasa, menga yoqmaydi».

 «O‘lay deyayotgan bo‘lsangiz, yana o‘n marta mashq qiling» kabi undovchi shiorlardan ehtiyot bo‘ling. Bu kabi maslahatlar jismonan zarar yetkazib, hayotda «qaysi narsalar muhimroq» ekanini farqlashingizga xalaqit qiladi. (Filippiliklarga 1:10)

 Qolaversa, undovchi maslahatlar tezda qo‘l siltab ketishingizga sabab bo‘lishi mumkin. 21 yoshli Vera quyidagicha dedi: «Ko‘p qizlar o‘zlari yoqtirgan va o‘xshashni istagan insonlarning rasmlarini saqlab qo‘yadi va endi taslim bo‘lay deganda, o‘sha rasmlarga qarashadi. Oqibatda esa, nuqul o‘zlarini ular bilan solishtirib, tushkunlikka tushadi, xolos. Faqat tashqi ko‘rinishni emas, sog‘likni yaxshilashni maqsad qilish foydaliroq bo‘lardi».