Yuhanno 13:1-38

  • Iso shogirdlarining oyoqlarini yuvadi (1-20)

  • Iso Yahudoning xoin ekanini oshkor etadi (21-30)

  • Yangi amr (31-35)

    • «Orangizda mehr-muhabbat bo‘lsa» (35)

  • Butrus Isodan tonishi bashorat qilinadi (36-38)

13  Bu dunyodan Otasi yoniga o‘tish+ payti kelganini Iso Fisih bayramidan oldin bilardi+. Dunyoda bo‘lgan izdoshlarini u sevardi va ularni oxirigacha sevdi+.  Kechki ovqat payti edi. Iblis allaqachon Simun o‘g‘li Yahudo Ishqariyotning diliga Isoga xiyonat qilish+ niyatini solib qo‘ygan edi+.  Iso esa Otasi hamma narsani uning qo‘liga topshirganini, Allohdan kelganini va Allohning yoniga borishini bilardi+.  Ovqat paytida u o‘rnidan turib, ustki kiyimini yechdi-da, sochiqni olib beliga bog‘ladi+.  Shundan so‘ng Iso tog‘oraga suv quyib, shogirdlarining oyoqlarini yuva boshladi. Keyin beliga bog‘langan sochiq bilan ularning oyoqlarini artdi.  Simun Butrusning navbati yetganda, u Isoga: «Hazrat, nahot oyoqlarimni siz yuvsangiz?!» — dedi.  Iso unga javoban aytdi: «Hozir nima qilayotganimni siz tushunmayapsiz, faqat keyin tushunasiz».  Butrus bo‘lsa: «Aslo mening oyoqlarimni yuvmaysiz!» — deb e’tiroz bildirdi. Iso unga: «Agar yuvmasam+, men bilan ulushingiz bo‘lmaydi»,— deb aytdi.  Shunda Simun Butrus unga qarata: «Hazrat, unda nafaqat oyoqlarimni, qo‘llarimni ham, boshimni ham yuvib qo‘ying»,— dedi. 10  «Cho‘milgan kishining oyoqlarini yuvish yetarli, chunki uning butun badani pokdir. Sizlar poksiz, ammo hammangiz emas»,— dedi unga Iso. 11  Iso kim unga xiyonat qilishini bilardi+, shuning uchun: «Hammangiz ham pok emassiz»,— dedi. 12  Ularning oyoqlarini yuvgach, Iso ustki kiyimini kiyib, yana xontaxta oldida yonboshladi-da, ulardan so‘radi: «Men nima qilganimni angladingizmi? 13  Sizlar meni “Ustoz”, “Hazrat” deb ataysizlar va bu to‘g‘ri, men o‘shaman+. 14  Demak, agar men Hazrat va Ustoz bo‘la turib oyoqlaringizni yuvgan bo‘lsam+, unda sizlar ham bir-biringizning oyoqlaringizni yuvishga burchlisiz+. 15  Men sizlarga nima qilgan bo‘lsam, sizlar ham shunday qilinglar deya o‘rnak ko‘rsatdim+. 16  Ishonavering, qul o‘z xo‘jayinidan buyuk emas, elchi ham uni yuborgandan buyuk emas. 17  Bulardan xabardor ekansiz, ularga rioya qilsangiz, baxtiyor bo‘lasiz+. 18  Bularni barchangiz haqda aytayotganim yo‘q. Men o‘zim tanlagan kishilarni taniyman. Ammo shu yo‘sin Muqaddas Yozuvlardagi: “Non-tuzimni totgan kishi menga qarshi tovonini ko‘tardi*+”,— deb aytilgani bajo bo‘lishi kerak+. 19  Ushbu voqealar yuz berishidan avval bularni sizlarga aytyapman, toki bu hodisalar ro‘y berganda, men o‘sha ekanligimga ishoninglar+. 20  Ishonavering, men yuborgan har kimsani qabul qilgan, meni ham qabul qilgan bo‘ladi+. Meni qabul qilgan esa meni Yuborganni ham qabul qilgan bo‘ladi»+. 21  Bu so‘zlaridan so‘ng Iso chuqur xo‘rsindi-da, shunday dedi: «Ishonavering, orangizdan bir kishi menga xiyonat qiladi»+. 22  Shogirdlari bo‘lsa, u kim haqida gapirayotganini tushunmay, bir-biriga qaray boshladi+. 23  Isoning sevimli shogirdi+ uning yonida* yonboshlagan edi. 24  Simun Butrus unga bosh irg‘ab so‘radi: «Ayt-chi, u o‘zi kim to‘g‘risida gapiryapti?» 25  U bo‘lsa Isoning ko‘ksiga yaqinroq engashib: «Hazrat, u kim?»+ — deya savol berdi. 26  Iso javoban aytdi: «Burda nonni kosaga botirib kimga bersam, u o‘shadir»+. U nonni kosaga botirib, Simun o‘g‘li Yahudo Ishqariyotga uzatdi. 27  Yahudo burdani olgan zahotiyoq uning ichiga Shayton kirdi+. Iso Yahudoga: «Qiladiganingizni tezroq qiling»,— dedi. 28  Ammo xontaxta atrofida yonboshlaganlardan hech biri Iso nega bu so‘zlarni aytganini bilmasdi. 29  Yahudoning qo‘lida pul qutisi bo‘lgani uchun+, ayrimlar Iso unga: «Bayram uchun zarur narsalarni sotib oling» yoki «kambag‘allarga biror nima bering»,— deb aytyapti, degan xayolga borishdi. 30  Burdani olgach, u tezda tashqariga chiqdi. Qorong‘i tushgan edi+. 31  U chiqib ketgach, Iso bunday dedi: «Endi Inson O‘g‘li ulug‘lanyapti+ va Xudo ham u orqali ulug‘lanmoqda. 32  Xudoning O‘zi uni ulug‘laydi+. Ha, uni tez orada ulug‘laydi. 33  Sevikli bolalarim, men yana bir oz sizlar bilan bo‘laman. Meni izlaysizlar, ammo yahudiylarga aytganimdek, sizlarga ham aytyapman: “Men borayotgan joyga sizlar borolmaysizlar”+. 34  Men sizlarga yangi amr beryapman: bir-biringizni sevinglar. Men sizlarni sevganimdek+, sizlar ham bir-biringizni sevinglar+. 35  Agar orangizda mehr-muhabbat bo‘lsa, sizlar mening shogirdlarim ekaningizni barcha bilib oladi»+. 36  Shunda Simun Butrus undan so‘radi: «Hazrat, qayerga ketyapsiz?» Iso unga: «Men borayotgan joyga siz hozir borolmaysiz, keyinroq borasiz»+,— deb javob berdi. 37  Butrus bo‘lsa unga: «Hazrat, nega hozir orqangizdan borolmas ekanman? Men siz uchun jonimni* ham berishga tayyorman»+,— dedi. 38  Iso unga javoban aytdi: «Joningizni* berishga tayyormisiz? Ishonavering, xo‘roz qichqirmasdanoq siz mendan uch marta tonasiz»+.

Izohlar

Yoki «menga qarshi chiqdi».
Yoki «bag‘ri tomon».
Yoki «hayotimni».
Yoki «Hayotingizni».