Qonunlar 8:1-20

  • Yahovaning barakalari esga olinadi (1-9)

    • Odam faqat non bilan yashamaydi (3)

  • Yahovani unutmang (10-20)

8  Uzoq umr ko‘rib ko‘payishingiz va Yahova ota-bobolaringizga beraman deb qasam ichgan yurtni egallashingiz uchun+, bugun men sizlarga bergan barcha amrlarga astoydil amal qilinglar.  Tangringiz Yahova sizlarni kamtarin bo‘lishga o‘rgatish, sizlarni sinab+ qalbingizda nima borligini bilish+ hamda Uning amrlariga amal qilish-qilmasliklaringizni aniqlash uchun, sizlarni 40 yil sahro bo‘ylab olib yurganini unutmanglar+.  Odam faqat non bilan emas, balki Yahovaning og‘zidan chiqqan har bir so‘z bilan yashashini bilishingiz uchun+, U och qolishingizga yo‘l qo‘ydi+ va o‘zlaringiz ham, ota-bobolaringiz ham bilmagan manna+ bilan oziqlantirib kamtarlikka o‘rgatdi.  Shu 40 yil davomida egningizdagi kiyimingiz ham yirtilmadi, oyoqlaringiz ham shishmadi+.  Ota o‘g‘lini to‘g‘ri yo‘lga solganiday, Xudoyingiz Yahova ham sizlarni to‘g‘ri yo‘lga solganini yaxshi bilasizlar+.  Allohingiz Yahovaning amrlarini bajaringlar: Uning yo‘llaridan yurib, Undan qo‘rqinglar.  Chunki Tangringiz Yahova sizlarni yaxshi bir yurtga+ — soylari bor yerga, vodiy va tog‘li hududlarida buloqlari-yu chashmalari* bor,  bug‘doy, arpa, uzumlar, anjir va anorlar o‘sadigan+, zaytun moyi hamda asal mo‘l bo‘lgan yerga+,  oziq-ovqat tanqis bo‘lmaydigan, sizlar hech narsada muhtojlik sezmaydigan, toshlarida temir, tog‘larida esa mis konlari bor yurtga olib bormoqda. 10  O‘sha yurtda yeb to‘yganingizdan keyin, sizlarga bu yaxshi yurtni bergan Xudoyingiz Yahovani ulug‘langlar+. 11  Ehtiyot bo‘linglar, Tangringiz Yahovani unutib, men bugun sizlarga buyurgan Uning amrlari, qoidalari va nizomlarini bajarmay qo‘ymanglar. 12  Yeb to‘yganingizda va shinam uylar qurib, ularda yashaganingizda+, 13  qoramolingiz bilan qo‘y-echkilaringiz, kumush-u oltiningiz va boshqa narsalaringiz ko‘payganda, 14  qalbingiz mag‘rurlikka to‘lib+, sizlarni Misrdan, sizlar qullikda bo‘lgan yurtdan* olib chiqqan Allohingiz Yahovani unutib qo‘ymanglar+. 15  U sizlarni zaharli ilonlar va chayonlar makoni bo‘lgan, suvsiz qaqrab yotgan yer, ulkan hamda vahimali sahro bo‘ylab olib o‘tdi+. U qoyadan* suv chiqardi+, 16  kelajakda sizlarga yaxshi bo‘lishi+ va kamtarlikka o‘rgatish uchun+ sizlarni sinab, ota-bobolaringiz bilmagan manna+ bilan sahroda sizlarni oziqlantirdi. 17  Bordi-yu, qalbingizda: “Bu boyliklarni o‘z qudratim va qo‘limning kuchi bilan topdim”+,— deb aytsangizlar, 18  aslida boylik orttirish uchun sizlarga kuch ato etayotgan Xudoyingiz Yahova ekanini yodda tutinglar+. U ota-bobolaringizga so‘z berib, qilgan ahdini ado etish uchun bugungacha shunday qilib kelmoqda+. 19  Agar Tangringiz Yahovani unutib, boshqa xudolarga ergashib ketsangizlar va ularga xizmat qilib, sajda qilsangizlar, bugun sizlarni ogohlantirib aytyapmanki, aniq nobud bo‘lasizlar+. 20  Allohingiz Yahovaga quloq solmaganingiz uchun Yahova oldingizda boshqa xalqlarni qanday qirib tashlagan bo‘lsa, sizlarni ham shunday yo‘q qiladi+.

Izohlar

Yoki «chuqur suv manbalari».
So‘zma-so‘z «qullar uyidan».
So‘zma-so‘z «chaqmoqtosh qoyadan».