Matto 28:1-20
28 Shabbat kunidan so‘ng, haftaning birinchi kuni* tong otganda, magdalalik Maryam va boshqa Maryam qabrni ko‘rgani borishdi+.
2 To‘satdan, kuchli zilzila yuz berdi. Yahovaning* farishtasi osmondan tushib, qabrning og‘zidagi toshni yumalatdi-da, ustiga o‘tirib oldi+.
3 Uning ko‘rinishi chaqmoqday, kiyimlari esa qorday oppoq edi+.
4 Soqchilar uni ko‘rib, zir-zir titrashdi va qo‘rqqanlaridan qotib qolishdi.
5 Farishta ayollarga shunday dedi: «Qo‘rqmanglar, sizlar ustunda qatl etilgan Isoni axtarib kelganingizni bilaman+.
6 U hozir bu yerda emas. U o‘zi aytganiday tirildi+. Kelinglar, uning yotgan joyini ko‘rib qo‘yinglar.
7 Endi tezroq borib, uning tirilganini shogirdlariga aytinglar. Shuningdek, ularga: “U sizlardan avval Jalilaga ketyapti+. O‘sha yerda uni ko‘rasizlar”,— deb aytinglar. Men sizlarga aynan shuni aytish uchun kelganman»+.
8 Ayollarni vahima bosgan bo‘lsa-da, ular katta quvonch bilan shosha-pisha qabrdan chiqib, Isoning shogirdlariga xabar bergani yugurib ketishdi+.
9 Birdan, ularning yo‘lidan Iso chiqib: «Assalom-u alaykum!» — dedi. Ular Isoning yoniga kelib, unga ta’zim qilib, oyoqlariga yopishib olishdi.
10 Shunda Iso ularga: «Qo‘rqmanglar! Borib, birodarlarimga xabar beringlar, ular Jalilaga borishsin. Meni o‘sha yerda ko‘rishadi»,— dedi.
11 Ayollar yo‘lda ketishayotganida, soqchilardan+ ayrimlari shaharga borib, yuz bergan voqeani bosh ruhoniylarga aytib berishdi.
12 Bosh ruhoniylar esa oqsoqollar bilan maslahatlashib olgach, askarlarga anchagina kumush tanga berishdi.
13 Keyin ularga shunday deyishdi: «“Biz uxlab yotganimizda, shogirdlari kelib, uning jasadini o‘g‘irlab ketishdi”+,— denglar.
14 Mabodo bu hokimning qulog‘iga yetib borsa, o‘zimiz unga hammasini tushuntiramiz*, sizlar hech tashvishlanmanglar».
15 Shunday qilib, askarlar kumush tangalarni olishdi-da, ularga buyurilganday qilishdi. Bu gaplar to hozirgacha yahudiylar orasida tarqalgan.
16 Isoning 11 ta shogirdi esa Jalilaga+, Iso uchrashish uchun tayin etgan tog‘ga borishdi+.
17 Isoni ko‘rgach ular unga ta’zim qilishdi. Ammo ba’zilar uning Iso ekanidan shubhalandi.
18 Iso bo‘lsa ularga yaqinlashib, quyidagilarni aytdi: «Alloh menga yer-u osmondagi butun hokimiyatni topshirdi+.
19 Shuning uchun boringlar, barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar+. Ularni Ota, O‘g‘il va muqaddas ruh nomi bilan suvga cho‘mdiringlar+.
20 Men sizlarga amr etgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar+. Zamonaning* oxirigacha+ men doimo sizlar bilan bo‘laman».
Izohlar
^ Bu kun hozir yakshanba deb ataladi. Yahudiylarda esa, bu haftaning birinchi kuni edi.
^ Yoki «uni ishontiramiz».