Levilar 5:1-19
5 Agar kishi biror qilmishning guvohi bo‘lgan yoki buni ko‘rgan, yo bilgan bo‘lsa va qilmish haqida guvohlik berish borasida ommaviy da’vatni*+ eshitib xabar bermasa, u xatosi uchun jazolansin.
2 Yoki kishi biror nopok narsaga: harom hisoblangan yovvoyi hayvonning, nopok uy hayvonining yoki g‘uj-g‘uj* nopok mavjudotlardan birortasining jasadiga tegsa, bunday kishi harom bo‘lib qoladi+. Hatto u harom bo‘lganini tushunmasa ham aybdor hisoblanadi.
3 Yoxud kishi bilmay turib insonning biror nopokligiga+ — uni harom qiladigan har qanday nopok narsaga tegsa va keyin buni bilib qolsa, aybdor hisoblanadi.
4 Agar kishi biror ishni qilaman deya oqibatini o‘ylamay shoshilib qasam ichsa — qanday ish bo‘lishidan qat’i nazar, xoh yaxshi, xoh yomon ish bo‘lsin — lekin keyin shoshilib qasam ichganini tushunsa, u aybdor hisoblanadi*+.
5 Bordi-yu, kishi ushbu narsalarning birortasida aybdor bo‘lib qolsa, qilgan gunohida iqror bo‘lishi kerak+.
6 U qilgan gunohi uchun Yahovaga ayb qurbonligini keltirsin+, ya’ni qo‘y-echkilaridan urg‘ochi hayvonni — urg‘ochi qo‘zini yoki yosh urg‘ochi echkini gunoh qurbonligi qilib keltirsin. Ruhoniy uning gunohini yuvsin.
7 Agarda qo‘yni keltirishga qurbi yetmasa, o‘z gunohi uchun ikkita g‘urrakni yoki ikkita kaptar palaponini Yahovaga ayb qurbonligi qilib keltirsin+. Birini gunoh qurbonligi, boshqasini kuydiriladigan qurbonlik qilib keltirsin+.
8 U qushlarni ruhoniyga bersin. Ruhoniy birinchi qushni gunoh qurbonligi qilib keltirsin. U qushning bo‘ynini old tomondan sindirsin*, lekin boshini uzib tashlamasin.
9 Gunoh qurbonligining bir qismini qurbongohning devoriga sachratsin, qonning qolgan qismini esa qurbongohning yonboshiga to‘ksin+. Bu — gunoh qurbonligi.
10 Boshqa qushni u qoidaga binoan kuydiriladigan qurbonlik qilib keltirsin+. Ruhoniy uning gunohini yuvsin va uning gunohi kechiriladi+.
11 Bordi-yu, ikkita g‘urrakni yoki ikkita kaptar palaponini qurbon qilishga qurbi yetmasa, unda qilgan gunohi uchun efaning*+ o‘ndan bir qismiga teng oliy navli unni gunoh qurbonligi qilib keltirsin. Oliy navli unga moy qo‘shmasin, ustiga xushbo‘y smola ham qo‘ymasin, chunki bu gunoh qurbonligidir.
12 U nazrni ruhoniyga bersin va ruhoniy oliy navli unning bir hovuchini ramz nazri sifatida olib, Yahovaga keltirilgan nazrlar ustiga qo‘ysin va qurbongohda kuydirsin. Bu — gunoh qurbonligi.
13 Ruhoniy uning sodir etgan gunohini, aytib o‘tilgan gunohlarning har qaysisini yuvsin va uning gunohi kechiriladi+. Nazrning qolgan qismi don nazri singari+ ruhoniyga tegishli bo‘lsin”+».
14 Yahova gapini davom ettirib, Musoga shunday dedi:
15 «Agar biror kishi bilmagan holda bevafolarcha yo‘l tutsa va Yahovaga tegishli muqaddas narsalar borasidagi qonunni buzib gunoh qilsa+, u podasidan nuqsonsiz qo‘chqorni ayb qurbonligi sifatida Yahovaga olib kelsin+. Qo‘chqorning qiymati kumush shekel* — muqaddas joyda asos qilib olingan shekel bilan baholansin+.
16 U muqaddas joyga qarshi gunoh qilgani uchun tovon to‘lasin. Bundan tashqari, o‘sha narsaning beshdan bir qismiga teng qiymatni qo‘shib bersin+. Bularni u ruhoniyga bersin va ruhoniy qo‘chqorni ayb qurbonligi qilib keltirsin va uning gunohini yuvsin+. Shunda uning gunohi kechiriladi+.
17 Agarda biror kishi Yahova qilma deb aytgan qandaydir gunoh ishga qo‘l ursa, hatto u buni bilmay turib qilgan bo‘lsa ham, aybdor hisoblanadi va u xatosi uchun jazolansin+.
18 U baholangan qiymatga ko‘ra o‘z podasidan nuqsonsiz qo‘chqorni ayb qurbonligi sifatida olib kelsin+. So‘ng ruhoniy, u bilmasdan sodir etgan, atayin qilinmagan xatoni yuvsin va uning gunohi kechiriladi.
19 Bu — ayb qurbonligi. U chindan ham Yahovaga qarshi gunoh qilgan».
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «la’nat (qasam) ovozini». Ehtimol, qilmish to‘g‘risidagi e’lon bo‘lib, bu e’lon qilmishga qo‘l urgan kishiga yoki qilmishning shohidi bo‘lib, bu haqda xabar bermagan guvohga qarata aytilgan la’natni o‘z ichiga oladi.
^ Bu ibroniycha so‘z ostida havoda, dengizda va quruqlikda uchraydigan gala-gala kichik mavjudotlar tushunilishi mumkin.
^ Bu yerda, kishi o‘z so‘zining ustidan chiqmagan vaziyat nazarda tutilgan.
^ Ya’ni bo‘ynini uzmasdan barmoq tirnog‘i bilan terisi tilinardi.
^ Bir efa=22 l. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Bir shekel=11,4 g. Ilovaning B14 mavzusiga q.