Ishayo 39:1-8

  • Bobillik xabarchilar (1-8)

39  O‘sha paytda Bobil shohi Baladon o‘g‘li Merodax-Baladon Hizqiyoning kasal bo‘lib sog‘ayganini eshitib+, unga xatlar bilan sovg‘a-salomlar yubordi+.  Hizqiyo kelgan kishilarni quchoq ochib kutib oldi va ularga xazinasini+ — kumush-u oltinini, balzam va boshqa qimmatbaho moylarini, butun qurol-aslahasini va xazinasidagi jamiki narsalarni ko‘rsatdi. Hizqiyo o‘z saroyi bilan saltanatida ularga ko‘rsatmagan narsasi qolmadi.  Bundan so‘ng, Ishayo payg‘ambar shoh Hizqiyoning oldiga kelib: «Bu odamlar qayerdan kelishibdi? Ular nima deyishdi?» — deb so‘radi. Hizqiyo: «Ular olis yurtdan, Bobildan kelishibdi»,— dedi+.  Ishayo Hizqiyodan: «Ular saroyingizda nimalarni ko‘rishdi?» — deb so‘radi. Hizqiyo bo‘lsa: «Saroyimdagi hamma narsani ko‘rishdi. Xazinamda ularga ko‘rsatmagan hech narsam qolmadi»,— deya javob berdi.  Ishayo Hizqiyoga dedi: «Endi Qo‘shinlar Sarvari Yahovaning so‘zini tinglang:  “Yahova shunday demoqda: “Saroyingdagi bor narsa — bugunga qadar ota-bobolaring yig‘gan-terganining bari bitta qoldirmay+ Bobilga olib ketiladigan kunlar kelmoqda+.  Sendan tug‘ilajak o‘g‘illaringdan ayrimlari ham olib ketiladi va ular Bobil shohi saroyida mulozim bo‘lib xizmat qilishadi”»+.  Shunda Hizqiyo Ishayoga: «Yahovaning siz orqali aytgan so‘zlari haqdir»,— dedi-da, so‘ngra: «Chunki mening davrimda tinchlik va barqarorlik hukm suradi»+,— deb qo‘shib qo‘ydi.

Izohlar