8-DARS
Nega Alloh azob-uqubatlar-u yovuzlikka yo‘l qo‘ymoqda?
1. Yovuzlik qanday paydo bo‘lgan?
Shayton ilk bor yolg‘on gapirganida, yer yuzida yovuzlik paydo bo‘lgan. Xudo Shaytonni yomon farishta qilib yaratmagan. U dastlab mukammal farishta bo‘lgan, lekin «haqiqat yo‘lida tura olmagan». (Yuhanno 8:44) Shayton faqat Allohga tegishli bo‘lgan narsani, ya’ni odamlar unga topinishini istagan. Shayton Momohavoni aldab, o‘ziga itoat ettirishga muvaffaq bo‘lgan. Odamato ham Xudoga itoatsizlikda Momohavoga qo‘shilgan. Odamatoning qarori azob-uqubatlar va o‘limga olib kelgan. Ibtido 3:1–6, 19 ni o‘qing.
Shayton Momohavoni Tangriga itoatsiz bo‘lishga og‘dirib, Xudoning hukmdorligiga qarshi isyon ko‘targan. Aksariyat insonlar Xudoni Hukmdor sifatida rad etib, Shaytonga qo‘shilgan. Shu tariqa Shayton «dunyoning hukmdoriga» aylangan. Yuhanno 14:30; 1 Yuhanno 5:19 ni o‘qing.
2. Xudoning ijodlarida nuqson bo‘lganmi?
Tangrining barcha ishlari mukammaldir. Shunday ekan, insonlar va farishtalar Xudoga mukammal darajada bo‘ysuna olishardi. (Qonunlar 32:4, 5) Alloh bizga yaxshilik yoki yomonlik qilishni tanlash erkinligini ato etgan. Bunday erkinlik Xudoga sevgimizni namoyon etish imkonini beradi. Yoqub 1:13–15; 1 Yuhanno 5:3 ni o‘qing.
3. Nega Alloh shu paytgacha azob-uqubatlarga yo‘l qo‘ymoqda?
Yahova O‘z hukmdorligiga qarshi muayyan vaqt isyon ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ygan. Nega? Insonlarning boshqaruvi hech qanday foyda keltirmasligini ko‘rsatish maqsadida. (Voiz 7:29; 8:9) Insoniyatning 6 000 yillik tarixi bu shunday ekanini tasdiqladi. Hech bir hukmdor urushlar, jinoyatchilik, adolatsizlik va kasallikka chek qo‘ya olmadi. Yeremiyo 10:23; Rimliklarga 9:17 ni o‘qing.
Insonlarning boshqaruvi jabr-zulm yetkazadi, Xudoning boshqaruvi esa baxt keltiradi. (Ishayo 48:17, 18) Tez orada Yahova odamlarning boshqaruviga chek qo‘yadi. Allohning hukmdorligini tan olganlargina yer yuzida yashaydi. (Ishayo 11:9) Doniyor 2:44 ni o‘qing.
4. Tangrining sabr-bardoshi tufayli qanday imkoniyatga ega bo‘ldik?
Shayton hech kim Yahovaga beg‘araz niyatda xizmat qilmaydi, deya da’vo qilgan. Bunday yolg‘onni rad etishni xohlarmidingiz? Siz buni qila olasiz, albatta. Xudoning sabr-toqati Uning yoki insonlarning boshqaruvini tanlayotganimizni ko‘rsatishga imkon yaratdi. Qaysi birini tanlaganimizni, shuningdek, hayot tarzimiz ham ko‘rsatib turadi. Ayub 1:8–12; Hikmatlar 27:11 ni o‘qing.
5. Qay yo‘sin Xudoni Hukmdorimiz sifatida tanlay olamiz?
Allohni Hukmdorimiz sifatida tanlash uchun, Uning Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobga asoslangan haq dinni izlab topib, undagi ta’limotlarga muvofiq hayot kechirishimiz lozim. (Yuhanno 4:23) Siyosatga aralashmasak va urushlarda qatnashmasak, Shaytonning boshqaruvini rad eta olamiz. Yuhanno 17:14 ni o‘qing.
Shayton axloqsiz va zararli narsalarni jozibali qilib ko‘rsatish niyatida o‘z hokimiyatidan foydalanadi. Bunday narsalarni rad etganimizda, ayrim do‘stlarimiz va qarindoshlarimiz bizni mazax qilishi yoki bizga qarshilik ko‘rsatishi mumkin. (1 Butrus 4:3, 4) Shunda tanlashimizga to‘g‘ri keladi. Bizni mazax qilib, qarshilik ko‘rsatganlarga do‘st bo‘lib qolamizmi yoki Xudoni sevganlar bilan do‘stlashamizmi? Allohning oqilona qonunlariga bo‘ysunamizmi? Agar to‘g‘ri yo‘lni tanlasak, siquv ostida hech kim Xudoga sodiq qola olmaydi, degan Shaytonning so‘zlari yolg‘on ekanini isbotlaymiz. 1 Korinfliklarga 6:9, 10; 15:33 ni o‘qing.
Allohning insoniyatga bo‘lgan sevgisi, U yovuzlik va azob-uqubatlarga chek qo‘yishining garovidir. Xudoning yo‘li to‘g‘ri ekaniga ishonganlar yer yuzidagi jannatda abadiy yashaydi. Yuhanno 3:16 ni o‘qing.