23- QISM
Xushxabarning yoyilishi
Havoriy Pavlus va’zgo‘ylik safarlarni uyushtiradi
MASIHNING izdoshi bo‘lgandan so‘ng, Pavlus o‘zgarib, g‘ayrat ila Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni e’lon qila boshlaydi. Qachondir qarshilik ko‘rsatgan kishining o‘zi endi siquvlar ostida qoladi. Serg‘ayrat Pavlus, Allohning ilk niyatini amalga oshiradigan samoviy Shohlik to‘g‘risidagi xushxabarni uzoq yurtlarga yoyish maqsadida va’zgo‘ylik safarlariga boradi.
Pavlus birinchi safarida Listra shahriga borib, u yerda tug‘ma cho‘loq kishini davolaydi. Shunda, bir to‘da odam Pavlusni va uning hamkori Barnaboni baland ovozda xudolar deb atashadi va hatto qurbonliklar keltirmoqchi bo‘lishadi. Lekin ular olomonni bunday qilmaslikka zo‘rg‘a ko‘ndirishadi. Keyin o‘sha-o‘sha odamlar Pavlus dushmanlarining ta’siri ostida, uni toshbo‘ron qilishadi va uni o‘ldi deb shahar tashqarisiga chiqarib tashlashadi. Biroq havoriy omon qoladi va shogirdlarga dalda berish uchun shaharga qaytib kiradi.
Ayrim yahudiy masihiylar, o‘zga xalq vakillaridan bo‘lgan masihiylardan Tavrotdagi muayyan qonunlarni bajarishlarini talab etishadi. Pavlus bu masalani ko‘rib chiqish uchun Quddusdagi havoriylar va oqsoqollarga murojaat qiladi. Ular bu masalani Muqaddas Yozuvlar yordamida va muqaddas ruh boshqaruvi ostida muhokama qilib, jamoatlarga butlarga bag‘ishlangan narsalardan, qondan, harom o‘lgan hayvon go‘shtidan va zinodan saqlanish haqida xat yo‘llashadi. Ushbu amrlar «zarur narsalar» hisoblanib, Tavrotga rioya qilish masihiylardan talab qilinmasdi (Havoriylar 15:28, 29).
Ikkinchi va’zgo‘ylik safarida Pavlus, hozirgi Gresiyaning hududida joylashgan Veriya shahriga boradi. U yerdagi yahudiylar xushxabarni jon deb qabul qilib, Muqaddas Yozuvlarni kunda sinchkovlik bilan o‘rganishadi. Bu safar ham Pavlus qarshilikka duch kelgani uchun Afinaga ketib qoladi. O‘qimishli afinaliklar oldida turib, havoriy xushmuomalalik, aql-idrok va so‘zga ustalik namunasini ko‘rsatib ajoyib nutq so‘zlaydi.
Uchinchi safaridan keyin, havoriy yana Quddusga yo‘l oladi. U ma’badga kelgandan so‘ng, yahudiylar qo‘zg‘olon ko‘tarib, uni o‘ldirmoqchi bo‘lishadi. Rimlik askarlar bu ishga aralashib, uni so‘roqqa tortishadi. Pavlus Rim fuqarosi bo‘lgani uchun rimlik hokim Feliksning oldida o‘zini himoya qiladi. Yahudiylar unga qo‘ygan ayblovlarini isbotlay olishmaydi. Ulardan qutulish uchun Pavlus boshqa rimlik hokim Festga: «Meni Oliy mahkamada hukm etishlarini talab qilaman!» — deb aytadi. Fest esa: «Oliy mahkamaning hukmini talab qildingmi, o‘sha yerga borasan»,— deya javob beradi (Havoriylar 25:11, 12).
Shundan so‘ng, Pavlusni Italiyaga kemada olib ketishadi. Lekin kema falokatga uchraydi va havoriy qish bo‘yi Malta orolida qoladi. Pavlus Rimga kelganda esa, ijaraga olingan uyda ikki yil davomida yashaydi. Garchi Pavlus soqchining nazorati ostida bo‘lsa-da, oldiga kelgan odamlarga u jasurlik ila Xudoning Shohligi to‘g‘risida va’z qiladi.
Havoriylar 11:22–28:31- oyatlarga asoslangan.