Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3- QISM

Buyuk to‘fon

Buyuk to‘fon

Xudo barcha yovuz odamlarni nobud qilib, Nuh payg‘ambar va oilasini saqlab qoladi

INSONLAR ko‘payib borgani sayin, gunoh va yovuzlik ham butun yer yuzi bo‘ylab tezda tarqalib ketdi. Faqatgina Xano‘x ismli payg‘ambar, Xudo barcha yovuz odamlarni yo‘q qiladigan kun kelishini bashorat qilib yurdi. Biroq, yovuzlik tobora ortib boraverdi. Ba’zi farishtalar Allohga qarshi chiqib, samodagi makonini tark etishdi. Ular jin deb ataladilar. Yer yuziga tushganida esa odam qiyofasiga kirib, ayollarni xotinlikka ola boshlashdi. Bunday g‘ayritabiiy aloqa natijasida ulardan nefilimlar, ya’ni haddan ziyod ulkan va yovuz odamlar tug‘ildi. Ular dastidan yer yuzi yovuzlik va xunrezlikka to‘lib-toshdi. Bandalarining buzilib ketayotganini ko‘rish, Xudoga juda og‘ir botgan edi.

Xano‘xdan so‘ng, yovuz odamlardan ajralib turgan Nuh ismli boshqa payg‘ambar ham yashagan. U oilasi bilan Xudoning nazarida pok yurishga intilgan. Alloh yovuz dunyoni yo‘q qilmoqchi bo‘lganda, Nuh va yerdagi boshqa jonzotlarni saqlab qolishga qaror qilgan. Shunda, U Nuhga quti shaklida katta kema qurishni buyurgan. Kemaga kirib, Nuh, oilasi hamda turli hayvonlar buyuk To‘fondan qutulib qolishlari mumkin edi. Nuh Xudoga quloq solib, o‘nlab yillar mobaynida kema qurgan va «adolat yo‘lini xabarlab yurgan» (2 Butrus 2:5). U To‘fon kelishi haqida odamlarni ogohlantirgan, lekin ular bunga baribir parvo qilishmagan. Nihoyat Nuh, oilasi hamda hayvonlar kemaga kirishgan. Keyin Tangri kemaning eshigini yopgan va jala quyishni boshlagan.

Yer yuzi tamomila suvga g‘arq bo‘lmaguncha, 40 kechayu 40 kunduz yomg‘ir yoqqan. Barcha zolim odamlar halok bo‘lgan. Bir necha oy o‘tgach, yer yuzidagi suv kamayib, kema tog‘ning ustida to‘xtab qolgan. Keyin, kema ichidagilar tashqariga chiqishgan. Ular kemada naq bir yil yashashgan. Nuh payg‘ambar minnatdor ekanini ko‘rsatish maqsadida, Xudovand Yahovaga qurbonlik keltirgan. Egamiz bu qurbonlikni qabul qilib, bundan buyon yer yuzidagi barcha tirik jonni To‘fon bilan yo‘q qilmaslikka va’da bergan. Buni tasdiqlash va tasalli beradigan va’dasini eslatib turish uchun, osmonda kamalakni paydo qilgan.

To‘fondan keyin Alloh odamlarga yangi amrlarni bergan. U, hayvonlarning go‘shtini yeyishga ruxsat berib, qonini esa iste’mol qilmaslikni buyurgan. Bundan tashqari, Nuhning avlodlariga butun yer yuzi bo‘ylab tarqalishni amr etgan. Lekin ba’zilar bunga quloq solmay, Nimro‘d ismli kishining boshchiligi ostida to‘planib, Bobil shahrida baland bir minora qurishga tushishgan. Ha, ular Allohning yer yuzi bo‘ylab tarqalish haqidagi amrini bila turib buzishgan. Ammo Xudo isyonchilarning rejasini buzib, ularni har xil tilda gapiradigan qilib qo‘ygan. Ular bir-birini tushunishmagani uchun minorani qura olmay, tarqalib ketishgan.

Ibtido 6–11- boblarga hamda Yahudo 14- va 15- oyatlarga asoslangan.