130-BOB
Iso qatl qilinish uchun topshiriladi
MATTO 27:31, 32 MARK 15:20, 21 LUQO 23:24–31 YUHANNO 19:6–17
-
PILAT ISONI OZOD QILISHGA URINADI
-
ISO O‘LIM JAZOSIGA MAHKUM ETILADI
Garchand Iso shafqatsiz qiynoqlar-u masxaralarga duch kelgan bo‘lsa-da, bosh ruhoniylar unga zarracha ham rahm qilishmaydi. Isoni ozod etish uchun qilgan Pilatning harakatlari ham puchga chiqadi. Ular Isoni o‘ldirishlarini istab, shunday baqirishadi: «Uni ustunga mixlating, ustunga!» Pilat esa: «O‘zlaringiz uni olib mixlanglar, men unda hech qanday ayb topolmayapman!» — deydi. (Yuhanno 19:6)
Yahudiylar Pilatni Iso siyosiy ayblov bo‘yicha qatl qilinishi kerakligiga ishontira olishmaydi. Shunda Isoni diniy qonunni buzganlikda ayblashga urinishadi. Ular Oliy Kengashda ilgari surilgan da’voni keltirib, Isoni Xudoga qarshi gapirganlikda ayblashadi. Ular shunday deyishadi: «Bizning qonunimiz bor va qonunga ko‘ra u o‘limga loyiq, chunki u o‘zini Xudoning O‘g‘li deb atadi». (Yuhanno 19:7) Pilat buni ilk bor eshitadi.
U saroyiga qaytib, shafqatsiz munosabatni boshdan kechirgan va xotini tushida ko‘rgan bu odamni ozod qilish yo‘lini qidiradi. (Matto 27:19) Endi yahudiylar Iso o‘zini «Xudoning O‘g‘li» deb atayapti deya, yangi ayblov qo‘yishadi. Iso jalilalik ekanini Pilat biladi. (Luqo 23:5–7) Shunday bo‘lsa-da, u Isodan: «Sen qayerdansan?» — deb so‘raydi. (Yuhanno 19:9) Ehtimol, Pilatni: «Iso ilgari osmonda yashaganmikin va ilohiy mavjudot bo‘lganmikin»,— degan savol o‘ylantirayotgandir.
Isoning o‘zi Pilatga podshoh ekanini va uning Shohligi bu dunyodan emasligini aytgandi. Ilgari aytgan so‘zlarini yana tushuntirishga hojat yo‘qligini bilib Iso jim turadi. Bu esa Pilatning nafsoniyatiga tegadi va u norozilik bilan shunday deydi: «Hali menga javob bermaysanmi? Yoki seni ozod etishga ham, mixlatishga ham haqqim borligini bilmaysanmi?» (Yuhanno 19:10)
Iso unga javoban shunday deydi: «Agar sizga yuqoridan berilmaganida edi, mening ustimdan hech qanday hokimiyatga ega bo‘lmas edingiz. Shuning uchun meni sizning qo‘lingizga topshirgan kishining gunohi og‘irroq». (Yuhanno 19:11) Bu so‘zlari bilan Iso muayyan bir kishini nazarda tutmagan bo‘lsa kerak. Aksincha, Pilatga qaraganda Kayafa, uning sheriklari hamda Yahudo Ishqariyotning aybi og‘irroq demoqchi.
Iso o‘zini qanday tutayotganidan va aytayotgan gaplaridan Pilat hayratda. Buning ustiga, Iso yuqoridan kelgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikr uni bezovta qiladi. Shuning uchun u yana Isoni ozod etish imkonini izlashga tushadi. Shunda yahudiylar Pilatning zaif tomonidan foydalanib, yangi hiyla ishlatishadi. Ular: «Agar uni ozod qilsangiz, siz podshohning do‘sti emassiz. O‘zini shoh qilgan har qanday kimsa, podshohga qarshi chiqqan bo‘ladi»,— deb do‘q qilishadi. (Yuhanno 19:12)
Hokim yana bir daf’a Isoni xalqning oldiga chiqaradi, o‘zi esa hakamlik kursisiga o‘tirib: «Ana, shohingiz!» — deydi. Lekin yahudiylarning ko‘ngli yumshamaydi. Ular: «Yo‘qoting uni! Yo‘qoting! Uni ustunga mixlating!» — deb baqirishadi. Pilat Isoni himoya qilib: «Shohingizni ustunga mixlaymi?» — deb so‘raydi. Yahudiylar anchadan beri Rim boshqaruvidan aziyat chekib kelishayotganiga qaramay, bosh ruhoniylar unga: «Rim shohidan o‘zga shohimiz yo‘q»,— deyishadi. (Yuhanno 19:14, 15)
Qo‘rqqanidan Pilat yahudiylarning tinimsiz talablariga ko‘nib, Isoni qatl qilishga topshiradi. Askarlar Isoning egnidagi qirmizi yopinchiqni yechib, ustki kiyimini kiydirishadi. Uni qatl qilinish joyiga olib ketishayotganida, azob ustunini ko‘tarib borishga majburlashadi.
Hozir juma 14-nison, peshin vaqti ham yaqinlashib qoldi. Iso payshanba sahardan beri birin-ketin ko‘plab azoblarni boshdan kechirdi. Endi esa og‘ir ustunni ko‘tarib ketayotganida umuman kuchi qolmadi. Shuning uchun askarlar bir yo‘lovchini, Afrikaning Kirineya shahridan bo‘lgan Simunni Isoning azob ustunini qatl joyiga ko‘tarib borishga majburlashadi. Isoning ortidan
tumonat odam ergashib ketmoqda. Ba’zilar ko‘ksiga urib, Iso uchun yig‘lashyapti.Iso hasrat chekayotgan ayollarga quyidagi so‘zlar bilan murojaat qiladi: «Ey Quddus qizlari, men uchun yig‘lamanglar. O‘zingiz va bolalaringiz uchun yig‘langlar. Zero: “Bepusht, bola ko‘rmagan va emizmagan ayollar baxtlidir!” — deb aytiladigan kunlar kelyapti. O‘shanda odamlar tog‘larga: “Ustimizga qulanglar!” va tepaliklarga: “Bizni bosib qolinglar!” — deb aytishadi. Daraxt ko‘karib turganda shunday qilayotgan bo‘lishsa, u qurib qolsa nima qilishar ekan?» (Luqo 23:28–31)
Iso yahudiy xalqini nazarda tutadi. Bu xalq o‘layotgan daraxt kabidir, ammo hali ko‘karib turibdi. Zero yahudiylar orasida Iso va unga ishonganlar bor. Biroq Iso vafot etganida va uning shogirdlari yahudiy dinini tark etishganida, xalq o‘lik daraxt singari ma’nan qurib qoladi. Rim askarlari Xudoning hukmini ijro etish uchun kelishganida, yahudiy xalqi dod-faryod qiladigan vaqt bo‘ladi.