Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

67-BOB

«Hech kim, hech qachon u kabi gapirmagan»

«Hech kim, hech qachon u kabi gapirmagan»

YUHANNO 7:32–52

  • ISONI HIBSGA OLISH UCHUN SOQCHILARNI YUBORISHADI

  • NIKODIM ISONING TARAFINI OLADI

Iso hali ham Quddusda. U yerda Chaylalar bayrami davom etyapti. Iso, ko‘plar unga ishonganidan xursand. Biroq din rahbarlariga bu yoqmaydi va ular Isoni qo‘lga olish maqsadida soqchilarni yuborishadi. (Yuhanno 7:31, 32) U esa yashirinishga urinmaydi.

Aksincha, u Quddusda xaloyiqqa ochiqchasiga ta’lim berib, shunday deydi: «Sizlar bilan yana bir oz qolaman-da, keyin meni Yuborganning oldiga qaytaman. Meni izlaysizlar-u, lekin topolmaysizlar. Men qayerda bo‘lsam, sizlar u yerga borolmaysiz». (Yuhanno 7:33, 34) Yahudiylar buni tushunmay, o‘zaro shunday deyishadi: «U qayerga bormoqchi-ki, biz uni topolmas ekanmiz? Nahotki u yunonlar orasida tarqalib ketgan yahudiylar oldiga borib, yunonlarga ham ta’lim bermoqchi bo‘lsa? Uning: “Meni izlaysizlar-u, lekin topolmaysizlar. Men qayerda bo‘lsam, sizlar u yerga borolmaysiz”,— degan gaplari nimani anglatadi?» (Yuhanno 7:35, 36) Iso yaqinlashib kelayotgan o‘limi, tirilishi va kelajakdagi samoviy hayoti to‘g‘risida gapiradi, dushmanlari u yerga bora olishmaydi.

Bayramning so‘nggi, yettinchi kuni keladi. Ushbu yetti kun mobaynida har ertalab ruhoniy Siloam hovuzidan suv olib uni shunday to‘kardiki, suv ma’baddagi qurbongohning tagiga oqardi. Ehtimol, Iso har kungi bu marosimni xalqqa eslatib, baland ovozda xitob qiladi: «Kim chanqagan bo‘lsa, mening oldimga kelib ichsin. Muqaddas Yozuvlarda aytilganidek, menga ishongan kishining “ichidan hayotbaxsh suv oqib chiqadi”». (Yuhanno 7:37, 38)

Iso o‘zining o‘limidan so‘ng shogirdlari muqaddas ruh bilan moylanib, samoda yashash umidiga ega bo‘lishlarini aytadi. Bu, kelasi yilgi Hosil bayramida yuz beradi. O‘sha kundan boshlab moylangan shogirdlari odamlarga va’z qilishganda, «hayotbaxsh suv» oqib chiqa boshlaydi.

Ba’zilar Isoning bu so‘zlarini eshitib: «U chindan ham bashorat qilingan payg‘ambar»,— deyishadi. «Payg‘ambar» deyishganda, ular va’da qilingan, Muso payg‘ambardan buyukroq payg‘ambarni nazarda tutishadi. Boshqalar: «Bu Masih»,— deyishsa, ba’zilar esa shunday deyishadi: «Axir Masih Jaliladan kelmaydi-ku. Muqaddas Yozuvlarda Masih Dovud avlodidan kelib chiqishi va Dovud yashagan Baytlahm qishlog‘idan bo‘lishi aytilmaganmi?» (Yuhanno 7:40–42)

Xullas, odamlarning fikri har xil bo‘ladi. Ba’zilar Isoni ushlab olmoqchi bo‘lishadi, ammo hech kim buning uddasidan chiqa olmaydi. Soqchilar bosh ruhoniylar va farziylarning oldiga qaytib kelishganda, farziylar ulardan: «Nega uni olib kelmadingizlar?» — deb so‘rashadi. Soqchilar javob berib: «Hech kim, hech qachon u kabi gapirmagan»,— deyishadi. Alamidan din rahbarlari soqchilarni mazax qilib, haqoratlashadi va shunday deyishadi: «Nahotki sizlarni ham yo‘ldan ozdirishgan bo‘lsa? Boshliqlardan yoki farziylardan biror kishi unga ishonganmi? Tavrotni bilmaydigan bu odamlar esa la’nati bo‘lsin». (Yuhanno 7:45–49)

Bundan so‘ng Nikodim ismli kishi Isoning tarafini olmoqchi bo‘ladi. U farziylardan biri va Oliy Kengash a’zosi edi. Taxminan ikki yarim yil oldin u Isoning oldiga tunda kelib, unga ishonganini aytgan. Nikodim ularga: «Biror insonni tinglamay va qilayotgan ishlarini aniqlamay turib, hukm qilish Tavrotga xilof emasmi?» — deydi. Farziylar esa o‘zlarini oqlamoqchi bo‘lib, shunday deyishadi: «Nima, siz ham Jaliladanmisiz? Muqaddas Yozuvlarni tekshirib ko‘rsangiz, Jaliladan payg‘ambar chiqmasligini bilib olasiz». (Yuhanno 7:51, 52)

Muqaddas Yozuvlarda payg‘ambar Jaliladan kelib chiqishi haqida aniq aytilmagan. Biroq Allohning Kalomida Masih ushbu o‘lkadan kelishi haqida aytilgan. Bashoratga ko‘ra, «o‘zga xalqlar Jalilasi»da «cheksiz yorug‘lik» ko‘rinadi. (Ishayo 9:1, 2; Matto 4:13–17) Boz ustiga, karomat qilinganiday, Iso Dovud avlodidan kelib chiqqan bo‘lib, Baytlahmda tug‘ilgan. Garchi farziylar bundan xabardor bo‘lishsa-da, ehtimol, aynan ular xalq ichida Iso to‘g‘risida soxta ma’lumot tarqalayotganiga javobgar.