18-BOB
Masih o‘sadi, Yahyo pasayadi
MATTO 4:12 MARK 6:17–20 LUQO 3:19, 20 YUHANNO 3:22–4:3
-
ISONING SHOGIRDLARI ODAMLARNI SUVGA CHO‘MDIRISHADI
-
YAHYO QAMOQQA TASHLANADI
Mil. 30-yilning Fisih bayramidan so‘ng, Iso bilan shogirdlari Quddusdan chiqib ketishadi. Lekin ular uylariga, ya’ni Jalilaga qaytmay Yahudiyaga borishadi va o‘sha yerda ko‘p odamlarni suvga cho‘mdirishadi. Yahyo ham taxminan bir yildan beri, ehtimol, Iordan daryosining qirg‘og‘ida bu ish bilan mashg‘ul va ba’zi shogirdlari haliyam uning yonida.
Aslida Isoning o‘zi emas, balki shogirdlari uning boshchiligida odamlarni suvga cho‘mdirishayotgan edi. Iso xizmatining bu davrida, u ham, Yahyo ham Tavrot ahdiga qarshi qilgan gunohlaridan tavba qilgan yahudiylarga ta’lim berishadi. (Havoriylar 19:4)
Ammo Yahyoning shogirdlari rashk qilib: «Siz bilan bo‘lgan... kishi [Iso] suvga cho‘mdiryapti va hamma uning oldiga kelyapti»,— deya Isoning ustidan shikoyat qilishadi. (Yuhanno 3:26) Yahyo hecham hasad qilmaydi, aksincha, u Isoning erishgan muvaffaqiyatidan quvonib, shogirdlari ham xursand bo‘lishini xohlaydi. Yahyo shogirdlariga: «Men Masih emas, faqat uning oldidan yuborilganman, deb aytganimga o‘zlaringiz shohidsizlar»,— deb eslatadi. Keyin u zo‘r bir misol keltiradi: «Kelin kimga tegishli bo‘lsa, kuyov o‘sha bo‘ladi. Lekin kuyovning yonida turib, ovozini eshitgan do‘sti juda quvonadi. Shu singari mening quvonchim ham ichimga sig‘mayapti». (Yuhanno 3:28, 29)
Bir necha oy oldin Yahyo o‘z shogirdlarini Iso bilan tanishtirayotganida, kuyovning do‘sti sifatida quvongan edi. Uning shogirdlaridan ayrimlari Masihga ergashib muqaddas ruh bilan moylangan masihiylar qatoriga kirishadi. Yahyo, qolgan shogirdlari ham Isoga ergashishlarini xohlaydi. Chunki uning maqsadi — Masihning xizmatiga yo‘l tayyorlab berishdir. Shu bois Yahyo: «Masih o‘sishi, men esa pasayishim kerak»,— deb tushuntiradi. (Yuhanno 3:30)
Isoning shogirdi Yuhanno, keyinchalik ustozining kelib chiqishi va insoniyatni qutqarishdagi hissasi to‘g‘risida quyidagilarni yozadi: «Yuqoridan kelgan barchadan ustun. [...] Ota O‘g‘lini sevadi, U hamma narsani uning qo‘liga topshirgan. O‘g‘ilga ishongan kishi abadiy hayotga egadir. O‘g‘ilga itoat qilmagan kishiga esa hayot nasib etmaydi, aksincha, u Xudoning g‘azabiga yo‘liqadi». (Yuhanno 3:31, 35, 36) Bu muhim haqiqatni barcha insonlar bilishi kerak!
Yahyo o‘z faoliyatining qisqarishi haqida aytganidan ko‘p o‘tmay, shoh Hirod uni hibsga oladi. Hirod o‘gay akasi Filipning xotini Hirodiyani xotinlikka olgani uchun, Yahyo uning bu axloqsiz qilmishini hammaning oldida yuziga soladi. Shu sababli, Hirod Yahyoni qamoqqa tashlaydi. Iso buni eshitgach, shogirdlari bilan birga Yahudiyani tark etib, Jalilaga jo‘nab ketadi. (Matto 4:12; Mark 1:14)