Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

38-BOB

Yahyoni qiziqtirgan savol

Yahyoni qiziqtirgan savol

MATTO 11:2–15 LUQO 7:18–30

  • YAHYO ISONING TUTGAN O‘RNI HAQIDA BILMOQCHI

  • ISO YAHYONI MAQTAYDI

Yahyo bir yildan beri qamoqda o‘tiribdi. Lekin shunga qaramay, u Isoning yaratgan mo‘jizalari haqida eshitadi. Shogirdlari unga Nain shahrida beva ayolning o‘g‘li tirilgani to‘g‘risida aytib berishganida, u nimalarni his qilganini bir tasavvur qiling-a?! Ammo Yahyo bularning hammasi nimani anglatishini Isoning o‘zidan eshitishni xohlaydi. Shu bois Yahyo: «Kelishi kerak bo‘lgan zot senmisan yoki boshqasini kutaylikmi?» — deya so‘rash uchun Isoning yoniga ikkita shogirdini jo‘natadi. (Luqo 7:19)

Bu savol qandaydir g‘alati tuyulishi mumkin. Axir taxminan ikki yil burun Yahyoning o‘zi Isoni suvga cho‘mdirganida, ustiga Xudoning ruhi tushganiga va Tangri undan mamnun ekanini aytganiga guvoh bo‘lgan-ku. Ammo bu Yahyoning imoni susayganini anglatmaydi. Bordi-yu, shunday bo‘lganda, Iso uni maqtamagan bo‘lardi. Agar Yahyo shubhalanmayotgan bo‘lsa, nega unda Isoga shunday savol beradi?

Yahyo Isodan uning Masih ekanini tasdiqlovchi bir isbot olmoqchidir, xolos. Bu qamoqda qiynalib o‘tirgan Yahyoga kuch baxsh etardi. Lekin Yahyoning savoli ko‘proq narsani o‘z ichiga olishi ehtimoldan yiroq emas. Chunki Yahyo Muqaddas Kitob bashoratlarini yaxshi biladi. Ularga ko‘ra Xudo moylagan zot shoh va xaloskor bo‘lishi kerak. Ammo Iso suvga cho‘mganidan keyin ko‘p oylar o‘tdi, Yahyo esa qamoqda. Shuning uchun u Isodan keyin yana kimdir, chunonchi, Masih haqida yozilgan barcha bashoratlarni oxirigacha amalga oshiradigan boshqa bir kishi kelish-kelmasligini bilmoqchi bo‘lgandir.

Iso Yahyoning shogirdlariga shunchaki: «Albatta, kelishi kerak bo‘lgan zot menman»,— deb aytishning o‘rniga, ular Xudo u bilan ekanini ko‘rishlari uchun ko‘p odamlarni turli kasalliklardan va og‘ir dardlardan sog‘aytiradi. So‘ngra Iso shogirdlarga: «Borib, eshitayotgan va ko‘rayotganlaringizni Yahyoga aytib beringlar: ko‘rlar ko‘ryapti, cho‘loqlar yuryapti, moxovlar pok bo‘lyapti, karlar eshityapti, o‘liklar tirilyapti va kambag‘allarga xushxabar e’lon qilinyapti»,— deydi. (Matto 11:4, 5)

Yahyo bu savoli bilan Isodan bundan ham ko‘proq ishlar qilishini kutayotgandir. Ehtimol, Iso uni qamoqdan ozod etishiga umid bog‘layotgandir. Biroq Iso, yaratayotgan mo‘jizalardan ko‘prog‘ini kutmaslik kerakligini Yahyoga yetkazishlarini aytadi.

Yahyoning shogirdlari ketishganida, Yahyo shunchaki bir payg‘ambar emasligini Iso xaloyiqqa tushuntiradi. Malaki 3:1 da bashorat qilinganidek, Yahyo Tangri Yahovaning «xabarchisi». Shuningdek, u Malaki 4:5, 6- oyatlarda karomat qilingan Ilyos payg‘ambar bo‘lgan. Iso quyidagicha tushuntiradi: «Ishonavering, ayol zotidan tug‘ilganlar orasida xalqni suvga cho‘mdirib yurgan Yahyodan ulug‘rog‘i kelib chiqmagan. Ammo Osmon Shohligida eng kichik martabaga ega bo‘lgan ham undan buyukroqdir». (Matto 11:11)

Iso Shohlikda eng kichik martabaga ega bo‘lgan ham Yahyodan buyukroqdir deya, Yahyo u bilan birgalikda Osmon Shohligida hukmronlik qilmasligini ko‘rsatadi. Yahyo Isoga yo‘l hozirlagan, ammo u Masih osmonga yo‘l ochib berishdan oldin hayotdan ko‘z yumadi. (Ibroniylarga 10:19, 20) Lekin Allohning sodiq xizmatchisi Yahyo Xudo Shohligining yerdagi fuqarosi bo‘ladi.