Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

20-BOB

Kanax shahrida yaratgan ikkinchi mo‘jizasi

Kanax shahrida yaratgan ikkinchi mo‘jizasi

MARK 1:14, 15 LUQO 4:14, 15 YUHANNO 4:43–54

  • ISO «XUDONING SHOHLIGI YAQINLASHIB QOLDI», DEB VA’Z QILADI

  • UZOQDAN BIR YIGITNI SOG‘AYTIRADI

Samariyada taxminan ikki kun bo‘lgandan so‘ng, Iso ona yurtiga qaytadi. U Yahudiyada ko‘p va’z qilgandi, ammo Jalilaga dam olish uchun qaytmaydi. Aksincha, o‘zi o‘sib-ulg‘aygan joyda Iso yanada faol xizmat qiladi. U yerdagilar uni yaxshi kutib olishlarini Iso kutmaydi, chunki o‘zi aytganidek, «payg‘ambar o‘z yurtida hurmat qilinmaydi». (Yuhanno 4:44) Shogirdlari esa u bilan qolish o‘rniga o‘z oilalariga qaytib, oldingi ishlari bilan shug‘ullanishadi.

Iso nima haqda va’z qiladi? U: «Xudoning Shohligi yaqinlashib qoldi. Tavba qilib, xushxabarga ishoninglar»,— deb yuradi. (Mark 1:15) Bunga odamlarning munosabati qanday bo‘ladi? Aksariyat jalilaliklar Isoni yaxshi qabul qilib, unga hurmat ko‘rsatishadi. Ammo ular nafaqat xabarni eshitishgani uchun, balki bir necha oy oldin Quddusda Fisih bayramida bo‘lishganida, Iso yaratgan mo‘jizalarni ko‘rishgani uchun bunday yo‘l tutishadi. (Yuhanno 2:23)

Xo‘sh, yaxshi samara keltirgan xizmatini Iso Jalilaning qaysi shahrida boshlaydi? Ehtimol Kanax shahrida. O‘sha yerda bo‘lgan nikoh bazmida Iso suvni sharobga aylantirgan edi. Ikkinchi marta bu yerga kelib, Iso bir yigit o‘lim to‘shagida yotganidan xabar topadi. Bu yigitning otasi Yahyoni qatl qilgan shoh Hirod Antipaning saroyida xizmat qiladi. Bu kishi Isoning Yahudiyadan Kanax shahriga kelganini eshitadi. Shu sababli, Isoni topish maqsadida u Kafarnahumdan Kanax shahriga jo‘naydi. Qayg‘u-alam ichida u Isodan: «Hazrat, bolaginam o‘lmasidan oldin men bilan yuraqoling!» — deya iltimos qiladi. (Yuhanno 4:49)

Isoning: «Siz boravering, o‘g‘lingiz sog‘aydi»,— degan javobi uni hayratda qoldirgan bo‘lsa kerak. (Yuhanno 4:50) Hirodning amaldori Isoga ishonib, uzoq yo‘lga uyiga qaytib ketadi. O‘g‘li sog‘ayib, hammasi yaxshi bo‘lganini aytish uchun qullari unga peshvoz chiqishadi. Uning o‘g‘li tirik va soppa-sog‘! Bu qanday yuz berganini bilish niyatida u qullaridan: «Soat nechada sog‘aydi?» — deb so‘raydi.

«Kecha kunduzi soat birlarda isitmasi tushdi»,— deb javob berishadi ular. (Yuhanno 4:52)

Shunda saroy amaldori bu voqea, Iso: «O‘g‘lingiz sog‘aydi»,— degan paytda sodir bo‘lganini anglaydi. Mazkur voqeadan so‘ng, qullari bo‘lgan bu boy kishi va uning butun xonadoni Masihning shogirdlari bo‘lishadi.

Shu yo‘sin, Iso Kanax shahrida ikki marta mo‘jiza yaratadi: suvni sharobga aylantiradi va keyinchalik taxminan 25 kilometr uzoqdan yigitni sog‘aytiradi. Iso boshqa mo‘jizalarni ham yaratishi turgan gap. Lekin bu mo‘jiza shunisi bilan diqqatga sazovorki, Iso Jalilaga qaytganidan darak beradi. U Allohning payg‘ambari bo‘lgani aniq, ammo uni o‘z yurtida hurmatga sazovor deb bilishadimi?

Bu, Iso uyiga, Nosira shahriga qaytganida ma’lum bo‘ladi. U yerda uni nima kutadi?