Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘N YETTINCHI BOB

Ibodat orqali Xudoga yaqinlashing

Ibodat orqali Xudoga yaqinlashing
  • Nima uchun Xudoga ibodat qilish darkor?

  • Ibodatlarimiz ijobat bo‘lishi uchun, nima talab qilinadi?

  • Xudo ibodatlarimizga qanday javob beradi?

Qaerda bo‘lishingizdan qat’inazar, ibodatingiz ijobat bo‘ladi

1, 2. a) Nima uchun ibodat qilish katta sharafdir? b) Nega ibodat haqida Muqaddas Kitobda nima deyilganini bilib olishimiz kerak?

ULKAN olam bilan solishtirilganda Yer sayyoramiz juda kichikdir. «Yeru osmonni yaratgan Xudovand» uchun, barcha millatlar xuddi bir tomchi kabidir (Zabur 113:23; Ishayo 40:15). Bunga qaramay Zabur 144:18-, 19- oyatlarida quyidagini o‘qiymiz: «Xudovandga murojaat qiladigan, chin qalbdan murojaat qiladigan har bir insonga U yaqindir. Xudojo‘ylarning tilagini U qondirar, ularning faryodini eshitib, najot berar». Faqatgina o‘ylab ko‘ring: Parvardigori Olam, Unga chin qalbdan murojaat qiladiganlarga yaqin va ularning faryodini eshitar ekan! Xudovandga ibodat qilish katta sharafdir!

2 Sizning ibodatlaringiz ham ijobat bo‘lishini xohlaysizmi? Bo‘lmasa, Yahova Taologa ma’qul bo‘lgan uslubda ibodat qilishingiz kerak. Biroq, Muqaddas Kitobda ibodat haqida nima deyilganini bilmay buning imkoni bo‘larmidi? Bu savolni ko‘rib chiqish o‘ta muhim, chunki ibodat orqali Egamiz Yahovaga yaqinlashishimiz mumkin.

NIMA UCHUN YAHOVAGA IBODAT QILISH DARKOR?

3. Nega Yahovaga ibodat qilishimiz kerak?

3 Ibodat qilish uchun eng muhim sabab, bu Yahovaning taklifidir. Uning Kalomi shunday deb rag‘batlantirmoqda: «Hech narsadan tashvish qilmanglar, lekin har doim ibodatda va iltijoda bo‘lib, har bir tilagingizni Xudoning oldida minnatdorchilik bilan izhor qilinglar. Shunda inson xayoliga sig‘maydigan, Xudo bergan tinchlik sizning ko‘nglingiz va fikr-xayolingizni xotirjam qiladi» (Filippiliklarga 4:6, 7). Darhaqiqat, Parvardigori Olamning bu ajoyib in’omi naqadar e’tiborlidir!

4. Nimaga ibodat qilib tursak, Xudovand Yahova bilan do‘stona munosabatimiz mustahkamlanadi?

4 Ibodat qilib turish uchun yana bir sabab, u orqali Xudovand Yahova bilan do‘stona munosabatimiz mustahkamlanadi. Samimiy do‘stlar nafaqat biror narsa kerak bo‘lib qolganda, balki doimo birga bo‘lib, fikrlari, tuyg‘ulari va tashvishlari bilan bo‘lishib suhbat qiladilar. Buni Tangri Yahova bilan bo‘lgan do‘stona munosabatga o‘xshatish mumkin. Ushbu kitob yordamida, siz Xudovand chindan ham mavjud shaxs ekanini ko‘rdingiz. Yahovaning ajoyib fazilatlari va niyatlari haqida bilib oldingiz. Ibodat orqali esa fikrlaru tuyg‘ular bilan bo‘lishib, bu Oliy shaxsga yaqinlashishingiz mumkin (Yoqub 4:8).

NIMA TALAB QILINADI?

5. Barcha ibodatlar ijobat bo‘lmasligini qayerdan bilamiz?

5 Barcha ibodatlar ijobat bo‘ladimi? Ishayo payg‘ambarning davrida Yahova Taoloning itoatsiz isroilliklarga qarata aytilgan so‘zlariga e’tibor bering: «Ibodatlaringizni ko‘paytirsalaring-da, quloq solmayman; qo‘llaringiz qonga to‘la» (Ishayo 1:15, YADT). Ko‘rinyaptiki, ba’zi ishlar sababli ibodatlar ijobat bo‘lmas ekan. Xudo ibodatlarimizni tinglashi uchun, ba’zi narsalar talab qilinadi.

6. Ibodatlarimiz ijobat bo‘lishi uchun, muhim talablardan biri qaysidir?

6 Muhim talablardan biri — imondir (Mark 11:24). Havoriy Pavlus yozganiday: «Ishonmasdan esa Xudoning roziligini topmoqning imkoni yo‘q. Kim Xudoga yaqinlashmoqchi bo‘lsa, Uning borligiga ishonmog‘i lozim, Xudo Uni izlovchilarga mukofot berishiga e’tiqod qilmog‘i shart» (Ibroniylarga 11:6). Haqiqiy imon, nafaqat Xudo borligini bilish, va hatto ibodatlarimiz ijobat bo‘lishiga ishonishdan ham ko‘proq narsani anglatadi. Imon ishlarimizda ko‘rinadi. Har kungi ishlarimiz, imonimiz borligidan dalolat berishi kerak (Yoqub 2:26).

7. a) Nima uchun Yahovaga ibodat qilayotib kamtarin bo‘lish lozim? b) Ibodat qilayotib, kamtarin va samimiy ekanimizni qanday namoyon qila olamiz?

7 Ibodat qilganimizda shuningdek, kamtarin va samimiy bo‘lishimiz lozim. Parvardigori Olam Yahovaga murojaat qilar ekanmiz, kamtarin bo‘lish muhim emasmi? Masalan, odamlar prezidentning yuksak martabasini tushunib, unga murojaat qilishganida izzat-ehtirom ila gapirishmaydimi? Xudovandimiz Yahova esa ulardan ham yuksak emasmi? (Zabur 137:6) Axir, U — «Qodir Tangridir» (Ibtido 17:1). Shuning uchun Xudoga ibodat qilayotib, Uning oldida o‘z o‘rnimizni bilaylik. Kamtarinlik, chin qalbdan ibodat qilishga undaydi. Shunda yoddan aytiladigan va takroran o‘qiladigan ibodatlardan chetda bo‘lamiz (Matto 6:7, 8).

8. Ibodatlarimizga muvofiq harakat qilish nimani anglatadi?

8 Ibodatlarimiz ijobat bo‘lishi uchun, ularga muvofiq harakat qilishimiz kerak. Zero «odamlardan harakat — Xudodan barakat», deyilishi bejiz emas. Masalan, «rizq-ro‘zimizni bergin», deb ibodat qilar ekanmiz, o‘z qo‘limiz bilan bajonidil mehnat qilishimiz kerak (Matto 6:11; 2 Salonikaliklarga 3:10). Agar kamchiliklarimizni yengish uchun Xudodan yordam so‘rasak, vasvasaga soladigan vaziyatlardan chetlanishimiz lozim (Kolosaliklarga 3:5). Xo‘sh, buni qilar ekanmiz, ibodatlar ijobat bo‘lishi uchun, yana biror narsa talab qilinadimi?

YANA NIMA TALAB QILINADI?

9. Kimga ibodat qilishimiz kerak va kim orqali?

9 Kimga ibodat qilish kerak? Hazrati Iso aytganlariday, faqatgina «osmondagi Otamiz» bo‘lgan Alloh Taolo Yahovaga (Matto 6:9). Lekin Xudovand, «yagona O‘g‘li» bo‘lmish Iso Masihning mavqeini tan olishimizni xohlaydi. Chunki, 5- bobdan bilib olganimizday, Iso Masih o‘z hayotini fido qilib, bizni gunoh va o‘lim qulligidan ozod qildi (Yuhanno 3:16; Rimliklarga 5:12). Hozir esa u Oliy ruhoniy va Hokimdir (Yuhanno 5:22; Ibroniylarga 6:20). Aynan shu sabab Xudoning Kalomi, Iso Masih orqali ibodat qilishga undamoqda. Hazrati Iso shunday deganlar: «Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman. Mensiz hech kim Otaning oldiga borolmaydi» (Yuhanno 14:6). Xullas, ibodatlarimiz ijobat bo‘lishi uchun, faqat Yahova Taologa Hazrati Iso Masih orqali ibodat qilishimiz kerak.

10. Nega ibodat muayyan xatti-harakat bilan ijro etilishi shart emas?

10 Ibodat muayyan xatti-harakat bilan ijro etilishi shartmi? Yo‘q. Yahova bunday shartlarni qo‘ygani yo‘q. Muqaddas Kitobdan ko‘rinyaptiki, ibodat har xil holatlarda aytilishi mumkin, masalan: o‘tirib, qo‘llarni ko‘kka cho‘zib, tiz cho‘kib, tik turib va hokazo (2 Shohlar 7:18; Naximiyo 8:6; Doniyor 6:10; Mark 11:25). Eng muhimi, ibodat xo‘ja ko‘rsinga emas, balki chin qalbdan ijro etilishi lozim. Chunki, qayerda bo‘lishimizdan qat’inazar, har kungi ishlar bilan band bo‘lamizmi yoki hatto qiyin vaziyatlarga duch kelamizmi, ichimizda ibodat qilishimiz ham mumkin. Bunday ibodatlarni boshqalar payqamagan bo‘lsa-da, Yahova ularni albatta eshitadi (Naximiyo 2:1–6).

11. Qanday narsalar haqida ibodat qilish mumkin?

11 Nima haqda ibodat qilish mumkin? Injilda: «Xudoning irodasiga ko‘ra bir nima tilasak, U bizga quloq soladi», deb aytilgan (1 Yuhanno 5:14). Demak, Xudoning irodasiga muvofiq narsalar haqida bemalol ibodat qilishimiz mumkin. Bizni tashvishlantiradigan narsalar ham Xudoning irodasiga muvofiqmi? Bo‘lmasam-chi! Tangrimiz Yahovaga ibodat qilar ekanmiz, xuddi yaqin do‘st bilan muloqot qilganimizday, Uning oldida yuragimizni ochishimiz mumkin (Zabur 61:9). To‘g‘ri yo‘l tutishga yordam bera oladigan muqaddas ruh haqida so‘rab turish joiz (Luqo 11:13). Shuningdek, hikmat ila qaror chiqarish uchun va qiyinchiliklarni yengish uchun, Xudoning rahbarligini so‘rab tursak bo‘ladi (Yoqub 1:5). Birorta gunoh qilib qo‘ysak, Iso Masih to‘kkan qoni asosida Xudodan kechirim so‘rashimiz kerak (Efesliklarga 1:3, 7). Albatta, nafaqat o‘zimiz uchun, balki oilamiz va imondoshlarimiz uchun ham ibodat qilib turishimiz lozim (Havoriylar 12:5; Kolosaliklarga 4:12).

12. Ibodatlarimizning asosiy mavzusi qanday bo‘lishi zarur?

12 Ammo, Xudovand Yahova bilan bog‘liq bo‘lgan narsalar, ibodatlarimizning asosiy mavzusi bo‘lishi zarur. Chunki Uning mehr-inoyati hamdu sanolarga loyiqdir (1 Solnomalar 29:10–13). Matto 6:9–13- oyatlarida Iso Masih, Xudoning muqaddas ismi ulug‘lanishi haqida ibodat qilishni o‘rgatgan. Shuningdek, Xudoning Shohligi kelishi va Uning irodasi osmonda bo‘lgani kabi yerda ham bajo kelishi haqida aytilgan edi. Faqat ushbu muhim mavzulardan so‘nggina, Hazrati Iso shaxsiy tilaklar haqida gapirib o‘tdi. Agar Xudovand bilan bog‘liq narsalar ibodatlarimizda asosiy o‘rinni egallasa, unda nafaqat o‘zimizni, balki o‘zgalarni ham o‘ylayotganimizni ko‘rsatgan bo‘lamiz.

13. Muqaddas Kitobda ibodatlarning uzunligi to‘g‘risida nima deyilgan?

13 Ibodatlarning uzunligi qanaqa bo‘lishi kerak? Muqaddas Kitobda, shaxsiy hamda omma uchun aytilgan ibodat qancha davom etilishi haqida hech narsa deyilmagan. Ular, masalan ovqatdan oldin qisqa aytiladigan yoki yurakdagi qayg‘uni ifodalaydigan uzun ibodat bo‘lishi mumkin (1 Shohlar 1:12, 15). Biroq, xo‘ja ko‘rsinga uzoq ibodat qilayotgan mag‘rur kishilarni Hazrati Iso qoralagan edi (Luqo 20:46, 47). Bunday ibodatlarni Xudovand Yahova xush ko‘rmaydi. Aksincha, U ko‘ngildan chiqadigan ibodatlarni yoqtiradi. Xullas, ibodatlarning uzunligi ehtiyoj va vaziyatga bog‘liq.

Ibodatimizga javoban, Yahova birorta imondoshimizni yordamga jo‘natishi mumkin

14. «Tinmay toat-ibodat qilish» nimani nazarda tutadi va nega bu tasallidir?

14 Necha vaqt ibodat qilinishi kerak? Muqaddas Kitob: «Ibodat qila turinglar», «toat-ibodatda sabotli bo‘linglar» va «tinmay toat-ibodat qilinglar», deb chorlamoqda (Matto 26:41; Rimliklarga 12:12; 1 Salonikaliklarga 5:17). Bu, kechayu kunduz ibodat qilish kerakligini bildirmaydi. Aslida Muqaddas Kitob, Yahova Taologa mehr-inoyati uchun shukrlar deyishga, yo‘l-yo‘riq va madad so‘rab, doimiy ravishda toat-ibodatda bo‘lishimizni nazarda tutadi. Nahotki, ibodat necha vaqt qilinishiga va uning uzunligiga Yahova chegara qo‘ymaganini bilish, sizga tasalli bermasa? Agar ibodat qilish imtiyozini qadrlayotgan bo‘lsak, unda samoviy Otamizga ibodat qilishga doimo vaqt topgan bo‘lamiz.

15. Nima uchun shaxsiy va omma oldida aytilgan ibodatlarning so‘ngida «omin» deyilishi lozim?

15 Nima uchun ibodatning so‘ngida «omin» deyilishi lozim? «Omin» so‘zi «shunday bo‘lsin» degan ma’noga ega. Muqaddas Kitobda bayon etilgan ibodatlar, xoh shaxsiy, xoh omma oldida aytilgan bo‘lsin, odatda «omin» so‘zi bilan yakunlanar edi (1 Solnomalar 16:36; Zabur 40:14). «Omin» deyilishi o‘rinlidir, chunki bu bilan gapimiz samimiy ekanini ko‘rsatgan bo‘lamiz. Omma oldida aytilgan ibodatning so‘ngida, xoh ichimizda, xoh ovoz chiqarib «omin» desak, aytilgan gap bilan rozi ekanimizni ko‘rsatamiz (1 Korinfliklarga 14:16).

XUDO IBODATLARIMIZGA QANDAY JAVOB BERADI?

16. Ibodat qilayotib nimadan shubhalanmasak bo‘ladi?

16 Yahova Taolo ibodatlarga javob berishi tayinmi? Albatta! «Ibodatni eshitguchi» bo‘lmish Xudo, millionlab insonlarning ibodatlariga javob berishida shubhalanmasak ham bo‘ladi (Zabur 64:3). Uning javoblari turli usullarda bo‘lishi mumkin.

17. Nega, Tangri Yahova farishtalar yoki yerdagi xizmatchilari orqali javob berishi mumkin, deb ayta olamiz?

17 Tangri Yahova farishtalar yoki yerdagi xizmatchilari orqali javob berishi mumkin (Ibroniylarga 1:13, 14). Masalan, odamlar: «Yo Alloh, Seni topishimga yordam bergin»,⁠— deya iltijo qilganlarida, ko‘pincha Yahovaning xizmatchilari bilan duch kelishar edi. Bundan ko‘rinyaptiki, Shohlik to‘g‘risidagi xushxabarning yoyilishiga farishtalar g‘amxo‘rlik qilar ekan (Vahiy 14:6). Shuningdek, ibodatimizga javoban Yahova birorta imondoshimizni yordamga jo‘natishi mumkin (Hikmatlar 12:25; Yoqub 2:16).

 

18. Ibodatlarimizga javob tariqasida Yahova O‘z ruhini va Kalomini qanday taqdim etadi?

18 Boz ustiga, ibodatlarimizga javob tariqasida Yahova O‘z ruhini va Kalomini taqdim etadi. Vasvasada sodiq qolish uchun, Yahova O‘z ruhi orqali kerakli yo‘l-yo‘riqni va qudratni havola qilishi mumkin (2 Korinfliklarga 4:7). Ko‘pincha, javob Muqaddas Kitobdan kelishi mumkin, chunki uning qonunlari dono qarorlarga kelishga yordam beradi. Kerakli ko‘rsatmalarni Muqaddas Kitobdan va ushbu kitob kabi adabiyotlardan topishimiz mumkin. Shuningdek, Xudoning Kalomiga asoslangan maslahatlarni Yahova Shohidlarining jamoat yig‘ilishlarida yoki u yerdagi g‘amxo‘r oqsoqollar bilan muloqot qilganimizda eshitishimiz mumkin (Galatiyaliklarga 6:1).

19. Agar ibodatlarimiz javobsiz qolayotganday tuyulsa, nimani yodda tutishimiz kerak?

19 Agar Yahova ibodatlarimizga javob bermayotganday tuyulsa, bu Uning ojizligidan dalolat bermaydi. To‘g‘risi, Yahova O‘z irodasi ila va aynan kerakli vaqtda javob berishini yodda tutishimiz kerak. Chunki, nimaga muhtoj ekanimizni va bizga qanday yordam berish kerakligini U yaxshi biladi. Ko‘pincha Yahova so‘rab, izlab va taqillatib turishimizga imkoniyat beradi (Luqo 11:5–10). Shunday yo‘l tutib, so‘rayotgan narsaning muhimligini ko‘rsatib, samimiy imonimizni namoyon etamiz. Boz ustiga, ba’zida javob biz kutayotganday bo‘lmasligi mumkin. Masalan, sinovlarga duch kelib, ulardan xalos qilgin deya ibodat qilsak, Yahova javobiga qiyinchiliklardan xalos qilmay, kuch-quvvat berishi mumkin (Filippiliklarga 4:13).

20. Nima uchun ibodat qilish imtiyozini qadrlashimiz kerak?

20 Ulkan olamning Parvardigori, chin qalbdan murojaat qiladiganlarga yaqin ekanidan naqadar minnatdormiz! (Zabur 144:18). Keling, ibodat qilish imtiyozini qadrlaylik. Shunda ibodatni eshitguchisi bo‘lmish Yahova Taolo bilan yanada yaqin bo‘lamiz.