Asosiy materiallarga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

«Endi dunyoni o‘zgartirishim kerak deb o‘ylamayman»

«Endi dunyoni o‘zgartirishim kerak deb o‘ylamayman»
  • TUG‘ILGAN YILI: 1966

  • MAMLAKATI: FINLYANDIYA

  • O‘TMISHDA: FAOL JAMOATCHI

OLDINLARI:

Bolaligimdan tabiatni yaxshi ko‘raman. Markaziy Finlyandiyaning Yyuvyaskyulya shahrida tug‘ilib o‘sganman. Oilamiz bilan uning atrofidagi ajoyib o‘rmonlar-u go‘zal ko‘llarga tez-tez borishdan zavq olardik. Hayvonlarni ham juda yaxshi ko‘raman. Bolaligimda kuchuk va mushukni ko‘rsam, bag‘rimga bosgim kelardi. Ulg‘ayar ekanman, ko‘pincha odamlar hayvonlarga yomon munosabatda bo‘lishini ko‘rib xafa bo‘lardim. Keyinchalik hayvonlarni muhofaza qilish tashkilotiga a’zo bo‘ldim. U yerda hamfikr insonlarni uchratdim.

Hayvonlarni himoya qilish uchun faol tarzda kampaniyalar uyushtirardik. Biz mo‘yna do‘konlari va hayvonlar asosida sinov o‘tkazadigan laboratoriyalar haqida ma’lumot tarqatib, ularga qarshi namoyishlar-u yurishlar bilan chiqardik. Biz hatto hayvonlarni muhofaza qilish uchun yangi tashkilotni yaratdik. Ishimizni kengroq ko‘lamda olib borish uchun qat’iy choralar ko‘rganimiz tufayli hukumat bilan o‘rtamizda tez-tez muammolar paydo bo‘lardi. Meni bir necha bor hibsga olib, sud qilishgan.

Meni nafaqat hayvonlar bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyat, balki dunyodagi boshqa muammolar ham tashvishlantirardi. Oxiri bir nechta tashkilotga, jumladan, Xalqaro amnistiya va Grinpisga a’zo bo‘ldim. Bor kuchimni ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga sarflardim. Kambag‘al, och va kam ta’minlangan odamlarning huquqlarini himoya qilardim.

Lekin vaqt o‘tgach, dunyodagi vaziyatni o‘zgartira olmasligimni tushundim. O‘sha tashkilotlar bir nechta kichik muammoni hal qilgan bo‘lsa-da, katta muammolar battarlashib ketayotganday edi. Butun dunyo yovuz kuchlar girdobiga g‘arq bo‘lgandek tuyulardi va hech kimning ishi yo‘qday edi. Men o‘zimni zaif his qilardim.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI:

Qo‘limdan hech narsa kelmayotgani tufayli ruhim tushdi va Xudo hamda Muqaddas Kitob haqida o‘ylay boshladim. Oldinlari Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilgan edim. Ularning mehribon va menga nisbatan samimiy qiziqishi juda yoqardi, ammo o‘shanda hayotimni o‘zgartirishga tayyor emas edim. Bu safar esa vaziyat boshqacha edi.

Muqaddas Kitobni olib, o‘qiy boshladim. U yaralarimga chinakam malham bo‘ldi. U yerdagi ko‘p oyatlar hayvonlarga yaxshi munosabatda bo‘lishga undashiga e’tibor berdim. Masalan, Hikmatlar 12:10 da: «Odil kishi o‘z hayvoniga g‘amxo‘rlik qiladi»,— deb aytilgan. Shuningdek, bu dunyodagi muammolarning sababchisi Xudo emasligini angladim. Aksincha, aksariyat odamlar Xudoning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilmayotgani tufayli muammolar murakkablashib boryapti. Yahovaning sevgisi va sabr-toqati haqida bilganimda, bu menga qattiq ta’sir qildi. (Zabur 103:8–14)

Taxminan o‘sha paytlarda «Muqaddas Kitob ta’limotlari» kitobini buyurtma qilish uchun mo‘ljallangan kartochkani topib oldim va uni to‘ldirib, yubordim. Tez orada Yahovaning Shohidlari bo‘lgan bir juftlik uyimga keldi va Muqaddas Kitob tadqiqini taklif qildi. Bunga rozi bo‘ldim. Qolaversa, Yig‘ilish zalida o‘tadigan uchrashuvlarga qatnay boshladim. Natijada Muqaddas Kitobdagi haqiqat yuragimda ildiz ota boshladi.

Muqaddas Kitob yordamida hayotimga ko‘plab o‘zgarishlar kirita oldim. Chekishni va ichkilikbozlikni tashladim. Tashqi ko‘rinishimni joyiga keltirib, nutqimni to‘g‘riladim. Bundan tashqari, hukmron hokimiyatga nisbatan nuqtai nazarimni o‘zgartirdim. (Rimliklarga 13:1) Axloqsiz hayot tarziga botib ketgan edim va bu sohada ham o‘zgarishlar qildim.

Ijtimoiy tashkilotlarga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarni rivojlantirish, men uchun eng qiyini bo‘ldi. Bu anchagina vaqt talab qildi. Boshida o‘sha tashkilotlar bilan aloqani uzsam, xiyonat qilgan bo‘laman, deb o‘ylardim. Ammo shuni tushundimki, faqatgina Xudoning Shohligi chinakam umid bera oladi. Shunda, bu Shohlikni qo‘llab-quvvatlash va odamlarga u haqida bilib olishga ko‘maklashish uchun bor kuchimni solishga qaror qildim. (Matto 6:33)

QANDAY FOYDA OLDIM?

Faol jamoatchi sifatida odamlarni ikki toifaga ajratar edim. Biri yaxshi, ikkinchisi yomon. Yomon deb bilgan odamlarga qarshi chiqishga tayyor edim. Ammo Muqaddas Kitob tufayli endi odamlardan nafratlanmayman. Aksincha, barcha insonlarga nisbatan Xudoga xos sevgini rivojlantirishga intilyapman. (Matto 5:44) Shu bilan birga, Shohlik haqidagi xushxabarni boshqalar bilan bo‘lishish orqali bunday sevgini namoyon etyapman.

Bu najotbaxsh faoliyat odamlarga tinchlik, quvonch va chinakam umid berishini ko‘rishdan xursandman. Shuningdek, barcha muammolarni Yahovaning qo‘liga topshirish orqali ichki xotirjamlikka ega bo‘lishga o‘rgandim. Shunga aminmanki, U Yaratuvchi sifatida hayvonlar-u odamlarga toabad yomon munosabatda bo‘lishlariga va go‘zal yerimiz yo‘q bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Aksincha, yetkazilgan barcha zararni tez orada Shohligi orqali bartaraf etadi. (Ishayo 11:1–9) Nafaqat bu haqiqatlarni bilish, balki boshqalarga ham ularga ishonishga yordam berish menga quvonch baxsh etyapti. Endi dunyoni o‘zgartirishim kerak, deb o‘ylamayman.