Asosiy materiallarga o‘tish

Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi

Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi

Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi

Nega yoshi 60 dan oshgan ayol butlarga sig‘inmay qo‘ygan? Nima tufayli Sinto ruhoniysi ma’baddagi xizmatini tashlab, masihiy bo‘lishga qaror qilgan? Go‘dakligida asrab olingan va keyin o‘zini tashlab ketilgandek his qilgan ayol salbiy tuyg‘ular bilan qay yo‘sin kurashgan? Bu odamlar o‘zlari haqida nimalar deganini bilib oling.

«Bundan buyon butlarga sig‘inmayman». (ABA DANSU)

TUG‘ILGAN YILI: 1938

MAMLAKATI: BENIN

O‘TMISHDA: BUTLARGA SIG‘INGAN

OLDINLARI. Men So-Chaxuvi qishlog‘ida tug‘ilganman. Bu joy ko‘l yaqinidagi botqoq hududda joylashgan. Qishloq aholisi baliq ovlash, qush, qoramol, echki, qo‘y va cho‘chqa boqish bilan shug‘ullanadi. Bu qishloqda yo‘llar bo‘lmagani bois, odamlar qayiq va kanoeda harakatlanishadi. Odatda uylarni yog‘och va xashakdan, ba’zida esa g‘ishtdan qurishadi. Bu yerdagi odamlar kambag‘al yashasa ham, jinoyatchilik shaharlarga qaraganda kamroq.

Bolaligimda dadam men va opamni but-sanamlar ma’badiga jo‘natdi va biz u yerda an’anaviy din asoslarini o‘rganardik. Katta bo‘lganimda yoruba xalqi topinadigan but — Oduduvaga (Odua) sig‘ina boshladim. Men bu ma’bud uchun uy qurdim va muntazam ravishda unga yams (ildizmevali ekin), palma yog‘i, shilliq qurt, jo‘ja, kaptar va boshqa jonivorlarni qurbonlikka keltirardim. Deyarli bor mablag‘imni mazkur qurbonliklar uchun sarflardim.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI. Muqaddas Kitobni tadqiq qila boshlaganimda, Yahova tanho haq Xudo ekanini va topinishda butlardan foydalanishni ma’qullamasligini bildim. (Chiqish 20:4, 5; 1 Korinfliklarga 10:14) Shunda nima qilishim kerakligini anglab yetdim: tasvirlarni tashlab yuborib, butparastlik bilan bog‘liq hamma narsadan qutuldim. Folbinlarga murojaat qilmay qo‘ydim va diniy dafn marosimlar-u urf-odatlarda qatnashmaydigan bo‘ldim.

O‘shanda yoshim 60 dan oshgandi va bunday o‘zgarishlar qilish oson emasdi. Do‘stlarim, qarindoshlarim va qo‘shnilarim menga qarshi chiqib, ustimdan kulishardi. Ammo Yahovadan to‘g‘ri yo‘l tuta olishim uchun yordam so‘rardim. Hikmatlar 18:10 dagi so‘zlar menga dalda berardi: «Yahovaning ismi mustahkam qal’adir. Odil kishi u yerga qochib borib, omon qoladi».

Shuningdek, Yahova Shohidlarining yig‘ilishlariga borish menga katta yordam berdi. U yerda masihiylar orasidagi sevgini ko‘rdim va bu odamlar Muqaddas Kitobdagi yuqori axloqiy me’yorlar bo‘yicha yashashi meni lol qoldirdi. Bularning bari Yahova Shohidlarining dini haqiqiy ekaniga bo‘lgan ishonchimni mustahkamladi.

QANDAY FOYDA OLDIM?Muqaddas Kitob prinsiplarini qo‘llash farzandlarim bilan bo‘lgan munosabatlarimni yaxshiladi. Qolaversa, yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Oldinlari bor-budimni menga hech qanday foyda keltirmaydigan jonsiz butlarga sarflardim. Hozir esa bizni barcha muammolardan batamom ozod qiladigan Xudoga topinyapman. (Vahiy 21:3, 4) Endi butlarga emas, balki Tangri Yahovaga sig‘inayotganimdan nihoyatda xursandman! U menga haqiqiy xavfsizlik va himoya beryapti.

«Kichikligimdan Xudoni izlardim». (SINDZI SATO)

TUG‘ILGAN YILI: 1951

MAMLAKATI: YAPONIYA

O‘TMISHDA: SINTO RUHONIYSI

OLDINLARI.Men Fukuoka viloyatidagi kichik bir shaharchada katta bo‘lganman. Ota-onam xudojo‘y insonlar bo‘lgan. Ular kichikligimdan sinto dini haqida ta’lim berishgan. Hali bola bo‘lganimda, najot topish va qiynalayotgan odamlarga yordam berish to‘g‘risida o‘ylardim. Boshlang‘ich sinfda tahsil olgan paytlarimda, bir safar o‘qituvchimiz butun sinfdan: «Katta bo‘lganingizda kim bo‘lmoqchisiz?» — deb so‘ragandi. Sinfdoshlarimning maqsadlari aniq bo‘lgan. Masalan, ulardan ba’zilari olim bo‘lmoqchi edi. Men esa Xudoga xizmat qilishni orzu qilayotganimni aytganman. O‘shanda butun sinf ustimdan kulgandi.

Maktabni bitirgach, diniy ta’lim olishga qaror qildim. O‘qish paytlarida bir sinto ruhoniysi bo‘sh vaqtlarida qora muqovali qandaydir kitobni o‘qishini ko‘rardim. Bir kuni u mendan: «Sato, bu qanday kitob ekanini bilasanmi?» — deb so‘radi. Muqovasini ko‘rganim uchun: «Muqaddas Kitob»,— deb javob berdim. Shunda u: «Sinto ruhoniysi bo‘lishni istagan inson mana shu kitobni o‘qib chiqishi kerak»,— deb aytdi.

Men o‘sha zahoti borib, Muqaddas Kitob sotib oldim. Uni kitob javonidagi ko‘rinarli joyga qo‘ydim va yaxshi holatda saqlashga harakat qilardim. Maktabdagi ta’lim bilan band bo‘lganimdan bu kitobni o‘qishga vaqt topolmasdim. Maktabni bitirgach, bir ma’badda sinto ruhoniysi sifatida xizmat qilishni boshladim. Bolalikdagi orzuyim amalga oshgandi.

Afsuski, ko‘p o‘tmay sinto ruhoniysi bo‘lish men kutgan narsa emasligini tushundim. Aksariyat ruhoniylar boshqalarga g‘amxo‘rlik qilmasdi va mehr ko‘rsatmasdi. Ularning ko‘pi imonsiz edi. Hatto bosh ruhoniylardan biri menga shunday degandi: «Agar bu xizmatda muvaffaqiyatli bo‘lishni istasang, ko‘proq falsafiy narsalar to‘g‘risida gapir. Imon haqida gapirish mumkin emas».

Bunday gaplardan keyin sinto dinidan ko‘nglim qoldi. Garchi ma’badda ruhoniy bo‘lib xizmat qilishni davom ettirgan bo‘lsam-da, boshqa dinlar bilan ham qiziqishni boshladim. Afsuski, ularning birortasidan ham tayinli narsa topolmadim. Bu dinlar haqida o‘rganganim sayin, ulardan ko‘nglim qolardi. Hech bir dinda haqiqat yo‘q, degan xulosaga keldim.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI.1988-yili bir buddaviy kishini uchratdim. U meni Muqaddas Kitobni o‘qib chiqishga undadi. Bundan bir necha yil oldin sinto ruhoniysi ham meni shunday qilishga undaganini esladim. Bu maslahatga quloq solishga qaror qildim. Muqaddas Kitobni zavq bilan o‘qirdim. Ba’zida uni tuni bilan o‘tirib, quyosh chiqquncha o‘qirdim.

O‘qiganim sayin Muqaddas Kitobdagi Xudoga ibodat qilishni xohladim. Matto 6:9–13 dagi namunali ibodatni aytib, birinchi marta ibodat qildim. Hatto sinto ma’badida xizmatimni bajarganda ham, bu ibodatni har ikki soatda takrorlab turardim.

O‘qiganlarim borasida savollarim ko‘p edi. Vaqt o‘tgach, uylandim. Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobdan ta’lim berishini bilardim. Chunki ilgari ular xotinimning oldiga kelishgan. Shu sababli, Yahovaning Shohidlarini qidirishni boshladim. Bittasini topganimda esa uni savollar bilan ko‘mib tashladim. U har bir savolimga Muqaddas Kitobdan javob berganini ko‘rib qoyil qoldim. U men bilan Muqaddas Kitob tadqiqi o‘tkazilishiga g‘amxo‘rlik qildi.

Ko‘p o‘tmay Yahova Shohidlarining yig‘ilishlariga qatnay boshladim. U yerdagi ba’zi Shohidlarga ilgari qo‘pol munosabatda bo‘lganim xayolimga ham kelmabdi. Lekin shunda ham ular meni iliq qarshi olishardi.

O‘sha uchrashuvlarda erlar oila a’zolarini sevib ardoqlashi Xudo uchun muhim ekanini bilib oldim. Ungacha esa ruhoniylik xizmatim bilan shunchalik band bo‘lganimdan xotinim va ikkita bolamga e’tibor qaratmasdim. Topinish uchun ma’badga kelgan odamlarni diqqat bilan tinglasam ham, xotinimni hech qachon tinglamagan ekanman.

Tadqiqlar davomida Yahova bilan do‘stligimni mustahkamlagan ko‘p narsalarni bilib oldim. Ayniqsa, Rimliklarga 10:13 dagi quyidagi so‘zlar menga kuchli ta’sir qildi: «Yahovaning ismini aytib chaqirgan har bir odam qutqariladi». Xudoni bolaligimdan izlardim va oxiri Uni topdim.

Ma’badda o‘zimni begonadek his qilishni boshladim. Avvaliga sinto dinini tashlasam, boshqalar nima deb o‘yladi, deya xavotirlangandim. Lekin doim «Haqiqiy Xudoni boshqa yerdan topsam, bu yerdan ketaman» deb yurardim. Shunga 1989-yilning bahorida vijdonimga quloq solishga qaror qildim: ma’baddan ketib, o‘zimni Yahovaning qo‘liga topshirdim.

Ma’baddan ketish oson bo‘lmadi. Bosh ruhoniylar meni urishib, fikrimdan qaytarishga harakat qilishardi. Lekin qarorim haqida ota-onamga aytish undan-da qiyin bo‘ldi. Ularning uyiga ketayotganimda yuragim og‘rib, oyoqlarim majolsizlanib qoldi. Yo‘lda bir necha marta to‘xtab, Yahovadan kuch so‘radim.

Ota-onamning uyiga yetib kelganimda, bu mavzu haqida so‘z ochishga yuragim dov bermasdi. Bir necha soat o‘tdi. Va nihoyat, otamga bor gapni aytib berishga qaror qildim. Men otamga haqiqiy Xudoni topganimni va Unga xizmat qilish uchun sinto dinini tashlayotganimni aytdim. Bu u uchun katta zarba bo‘ldi. Boshqa qarindoshlar ham uyimizga kelib, meni fikrimdan qaytarmoqchi bo‘ldi. Oila a’zolarimni ranjitishni istamasdim, lekin shu bilan birga, Yahovaga xizmat qilish to‘g‘ri qaror ekanini bilardim. Vaqt o‘tib, qarindoshlarim qarorimni hurmat qila boshladi.

To‘g‘ri, ma’baddan ketgandim, ammo fikrlash tarzimni hali o‘zgartirishim kerak edi. Ruhoniylik xizmati shaxsiyatimga chuqur singib ketgandi. Avvalgi hayotimni unutish uchun zo‘r berib harakat qilsam ham, atrofimdagi deyarli hamma narsa o‘tmishimni eslatib turardi.

Ikkita narsa bu ta’sirdan qutulishimga yordam berdi. Birinchidan, uyimni axtarib, oldingi dinim bilan bog‘liq hamma buyumlarni topdim. Keyin esa ularning barchasini: kitoblar, rasmlar va hatto qimmatbaho esdalik buyumlarini yoqib yubordim. Ikkinchidan, Shohidlar bilan iloji boricha ko‘proq muloqot qilishga harakat qilardim. Ularning do‘stona munosabati va daldasi menga ancha yordam berdi. Bora-bora o‘tmishdagi hayotimni unuta boshladim.

QANDAY FOYDA OLDIM?Ilgari xotinim va bolalarimga umuman e’tibor qaratmasdim, shunga ular o‘zini yolg‘iz his qilardi. Lekin erlar uchun berilgan Muqaddas Kitob maslahatlariga rioya qilib, ular bilan ko‘proq vaqt o‘tkaza boshladim va natijada o‘zaro jipslashdik. Vaqt o‘tib, xotinim ham men bilan Yahovaga xizmat qila boshladi. Hozir xotinim ikkalamiz, o‘g‘lim, qizim va uning turmush o‘rtog‘i — barchamiz Yahovaga xizmat qilyapmiz.

Bolaligimdan Xudoga xizmat qilib, odamlarga yordam berish orzuyimni eslasam, shuni ayta olamanki, u amalga oshdi. Yahovadan qanchalik minnatdor ekanimni so‘z bilan ta’riflashga til ojiz.

«Xuddi hayotimda nimadir yetishmayotganday edi». (LINETT XOKTING)

TUG‘ILGAN YILI: 1958

MAMLAKATI: JANUBIY AFRIKA

O‘TMISHDA: O‘ZINI TASHLAB KETILGANDEK HIS QILARDI

OLDINLARI. Men konchilar shaharchasi Jermistonda tug‘ilganman. U yerda asosan o‘rtahol odamlar yashaydi va jinoyatchilik ham uncha ko‘p emas. Ota-onam «Bolamizga g‘amxo‘rlik qila olmaymiz» deb o‘ylab, meni boshqa oilaga berib yuborgan. 14 kunlik go‘dak bo‘lganimda bir mehribon juftlik meni asrab oldi va ular ota-onam bo‘lishdi. Keyinchalik bor haqiqatni bilganimda o‘zimni tashlab ketilgandek his qildim. O‘gay ota-onam oldida go‘yoki begonadek edim va ular meni unchalik tushunmasligini sezardim.

16 yoshligimda barlarga bora boshladim va u yerda do‘stlarim bilan jonli musiqa tinglab, raqsga tushardim. 17 yoshimda chekishni boshladim. Tamaki reklamalaridagi modellar kabi xushbichim ko‘rinishni istardim. Yoshim 19 da bo‘lganida Yoxannesburgda ish topdim va shu zahoti yomon to‘daga ilakishib qoldim. Ko‘p o‘tmay so‘kinadigan bo‘ldim, tamakiga berilib ketdim, dam olish kunlari esa spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilardim.

Shunga qaramay, jismonan faol hayot kechirardim. Muntazam ravishda aerobika, skvosh (tennisning bir turi) va ayollar futboli bilan shug‘ullanardim. Qolaversa, turli kompyuter kompaniyalarida ishlab, mansab pillapoyasidan yuqorilab borardim. Natijada, mo‘maygina daromad topardim va atrofdagilar meni muvaffaqiyatli deb hisoblardi. Lekin o‘zimni baxtsiz his qilardim va hayotim ma’nosiz edi. Xuddi hayotimda nimadir yetishmayotganday edi.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI.Muqaddas Kitobni o‘rgana boshlaganimda Yahova sevgi Xudosi ekanini bilib oldim. Qolaversa, U Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobni berib, O‘z sevgisini ko‘rsatganini bildim. Kalomni Xudo shaxsan bizga yozgan maktubga o‘xshatsa bo‘ladi va u orqali Yahova bizga yo‘l-yo‘riq beradi. (Ishayo 48:17, 18) Yahovaning mehrga to‘la ko‘rsatmalaridan foyda olish uchun, hayotimda katta o‘zgarishlar qilishim kerakligini anglab yetdim.

Masalan, eski do‘stlarim bilan aloqani uzishim lozim edi. Hikmatlar 13:20 dagi so‘zlar menga kuchli ta’sir qildi. U yerda shunday deyilgan: «Dono bilan yurgan dono bo‘ladi, nodonga sherik bo‘lgan esa aziyat chekadi». Bu prinsip meni eski do‘stlarimni tashlab, Yahovaning Shohidlari orasidan yangi do‘stlar orttirishga undadi.

Eng qiyini chekishni tashlash bo‘ldi. Bu odatga qaram bo‘lib qolgandim. Asta-sekin undan qutuldim, lekin boshqa qiyinchilikka duch keldim: chekishni tashlab, taxminan 13 kiloga semirib ketdim! Buning dastidan o‘zimga bo‘lgan hurmatni yo‘qotdim va ortiqcha vazndan qutulish uchun deyarli 10-yil kerak bo‘ldi. Biroq chekishni tashlab, to‘g‘ri ish qilganimni bilardim. Yahovaga qayta-qayta ibodat qilardim va U meni qo‘llab-quvvatlardi.

QANDAY FOYDA OLDIM?Hozir sog‘lig‘im ancha yaxshilandi. Shuningdek, hayotimdan mamnunman: ish, mavqe va boylik keltiradigan aldamchi baxt ketidan quvmayapman. Aksincha, Muqaddas Kitob haqiqatlarini boshqalar bilan bo‘lishishdan quvonch topyapman. Natijada, uchta sobiq hamkasbim va erim men bilan birga Yahovaga xizmat qilishyapti. Qolaversa, meni asrab olgan ota-onam vafot etishidan oldin, ularga jannatda tirilish bo‘lishi haqidagi va’dani aytishga ulgurdim.

Yahova bilan do‘stona munosabatlarim o‘zimni tashlab ketilganday his qilmasligimga ko‘maklashdi. U tufayli umumjahon oilamizning a’zosi bo‘ldim. Ularning orasidan ota-ona, aka-uka va opa-singillar topdim. (Mark 10:29, 30)

[12- sahifadagi rasm]

Yahova Shohidlarining orasida sevgini his qildim

[13- sahifadagi rasm]

Men qachonlardir borib sig‘ingan Sinto ma’badi