Oqsoqollar «sizlarga quvonch keltiradigan xizmatdoshlar»
Biz bo‘lsak sizlarga quvonch keltiradigan xizmatdoshlarmiz. 2 KOR. 1:24
1. Korinfliklar haqidagi qanday xabar Pavlusga quvonch bag‘ishladi?
MILODIY 55- yil edi. Havoriy Pavlus port shahar bo‘lmish Troasda bo‘lsa-da, Korinfdagi birodarlar haqida o‘ylayotgan edi. Shu yilning boshida, ularning oralarida kelishmovchilik sodir bo‘lgani to‘g‘risidagi xabar uni ranjitgan edi. Shu bois, u otalarga xos g‘amxo‘rlik ila ularni to‘g‘rilash uchun maktub yuborgandi (1 Kor. 1:11; 4:15). U shuningdek, hamkori Titusni jo‘natib, Troasga xabar yuborishni topshirgan edi. Endi esa Pavlus Troas shahrida, korinfliklar qanday ahvolda ekanini bilish uchun Titusni kutayotgan edi. Lekin undan hech darak bo‘lmagach, Pavlusning hafsalasi pir bo‘ldi. Xo‘sh, shunda Pavlus nima qildi? U Makedoniyaga yo‘l oldi va ularni o‘sha yerda uchratib, rosa xursand bo‘ldi. Titus, Pavlusning maktubi korinfliklarga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini va ular Pavlus bilan ko‘rishishni zoriqib kutishayotganini aytdi. Bunday quvonchli xabarni eshitish, Pavlusga «katta quvonch bag‘ishladi» (2 Kor. 2:12, 13; 7:5–9).
2. a) Pavlus korinfliklarga imon va quvonch borasida nima degan? b) Qanday savollarni ko‘rib chiqamiz?
2 Bundan ko‘p o‘tmay, Pavlus korinfliklarga ikkinchi maktubini yubordi. Pavlus ularga shunday dedi: «Biz sizlarning imoningiz ustidan xo‘jayinlik qilayotganimiz yo‘q. Axir sizlar imoningiz tufayli mahkam turibsizlar-ku. Biz bo‘lsak sizlarga quvonch keltiradigan xizmatdoshlarmiz» (2 Kor. 1:24). Bu bilan Pavlus nimani nazarda tutgan edi? Ushbu so‘zlar bugungi oqsoqollarga qanday ta’sir ko‘rsatishi kerak?
IMONIMIZ VA QUVONCHIMIZ
3. a) «Imoningiz tufayli mahkam turibsizlar», degan so‘zlar bilan Pavlus nimani nazarda tutgan? b) Bugungi oqsoqollar Pavlusning o‘rnagiga qanday taqlid qilishmoqda?
3 Pavlus topinishimizning ikkita muhim tomoni bo‘lmish imon va quvonchni aytib o‘tgan. Imon haqida u: «Biz sizlarning imoningiz ustidan xo‘jayinlik qilayotganimiz yo‘q. Axir sizlar imoningiz tufayli mahkam turibsizlar-ku»,— deb aytgan. Bu so‘zlar bilan Pavlus, Korinfdagi birodarlar u yoki boshqa insonlar orqali emas, balki Xudoga bo‘lgan ishonchlari tufayli mahkam turishganini tan olgan. Shunday ekan, Pavlus imondoshlarining imonini nazorat qilishga zarurat yo‘qligini tushungan, bunday qilishni istamagan ham. Pavlus, ular to‘g‘ri yo‘l tutishni xohlovchi sadoqatli masihiylar ekanlariga ishongan (2 Kor. 2:3). Bugungi kunda, oqsoqollar Pavlusning o‘rnagiga ergashib, birodar-u opa-singillarining imoni va Allohga xizmat qilish istaklari borligiga ishonchlari komil (2 Salon. 3:4). Jamoat uchun qat’iy qoidalar o‘rnatishning o‘rniga, oqsoqollar Muqaddas Kitob me’yorlari hamda Yahova tashkilotining yo‘l-yo‘rig‘iga tayanishadi. Bundan tashqari, ular birodarlarining imoni ustidan xo‘jayinlik qilishmaydi (1 Butr. 5:2, 3).
4. a) Pavlusning: «Biz bo‘lsak sizlarga quvonch keltiradigan xizmatdoshlarmiz»,— degan so‘zlari nimani anglatadi? b) Oqsoqollar Pavlusga qanday taqlid qilishyapti?
4 Pavlus shuningdek: «Biz bo‘lsak sizlarga quvonch keltiradigan xizmatdoshlarmiz»,— deb aytgan. Ushbu so‘zlar bilan, u o‘zini va yaqin hamkorlarini nazarda tutgan. Nega bunday xulosaga kelyapmiz? Boisi, shu maktubida Pavlus korinfliklarga: «Orangizda biz, ya’ni men, Silvan va Timo‘tiy orqali va’z etilgan Xudoning O‘g‘li Iso Masih»,— deb yozganida, hamkorlaridan ikkitasini eslatib o‘tgan (2 Kor. 1:19). Ustiga-ustak, Pavlus maktublarida Apollos, Akila, Priskilla, Timo‘tiy, Titus va boshqa yaqin xizmatdoshlari haqida gapirganida, doimo «hamkor» so‘zini qo‘llagan (Rim. 16:3, 21; 1 Kor. 3:6–9; 2 Kor. 8:23). Shunday ekan, Pavlus: «Biz bo‘lsak sizlarga quvonch keltiradigan xizmatdoshlarmiz»,— degan so‘zlar bilan, o‘zi va hamkorlari butun jamoatga quvonch keltirishni istashlariga korinfliklarni ishontirgan. Bugun ham oqsoqollar aynan shuni istashadi. Ular, imondoshlari «xursand bo‘lib Egamizga sajdalar qilishlariga» yordam berish uchun, qo‘llaridan kelganini qilishga tayyorlar (Zab. 99:2; Filip. 1:25).
5. Qaysi savolga javobni ko‘rib chiqamiz va nima maqsadda?
5 Yaqinda, dunyoning turli qismlarida yashovchi g‘ayratli birodaru opa-singillarimizga: «Oqsoqollarning qaysi so‘zlari yoki ishlari sizga quvonch baxsh etadi?» — degan savol berildi. Hozir ularning kuzatuvlarini ko‘rib chiqar ekanmiz, ularning javoblarini o‘zingizniki bilan solishtirib ko‘rishingiz mumkin. Bundan tashqari, qay yo‘sin har birimiz o‘z jamoatimizning quvonchiga quvonch qo‘sha olishimizni ko‘rib chiqamiz a.
«SUYUKLI PERSISGA HAM SALOM»
6, 7. a) Oqsoqollar Iso, Pavlus va Xudoning boshqa xizmatchilariga taqlid qilishlarining sabablaridan biri nimada? b) Imondoshlarimizning ismlarini eslab qolish, nega ularning quvonchini oshiradi?
6 Ko‘pchilik birodaru opa-singillarimizning aytishlaricha, oqsoqollar ularga shaxsan qiziqish ko‘rsatishsa, quvonchlari oshar ekan. Oqsoqollar bunday qilishlarining asosiy sabablaridan biri, ular Dovud, Elixu va Isoning o‘rnagiga ergashishlaridadir (2 Shohlar 9:6; Ayub 33:1 b; Luqo 19:5 ni o‘qing). Yahovaning ushbu har bir xizmatchisi boshqa kishiga ismini aytib murojaat qilish bilan, samimiy qiziqayotganini namoyon etgan. Pavlus ham imondoshlarining ismlarini eslab qolish va qo‘llashni muhim deb bilgan. U maktublaridan birini, 25 dan ortiq birodaru opa-singillarni nomma-nom aytib, salom yo‘llash bilan yakunlagan. Masalan, Persis ismli opamiz haqida: «Suyukli Persisga ham salom»,— deb aytgan (Rim. 16:3–15).
7 Ayrim oqsoqollar uchun ismlarni eslab qolish qiyin kechadi. Biroq ular bunday qilishga intilishsa, imondoshlariga: «Men sizlarni qadrlayman»,— deganday bo‘lishadi (Chiq. 33:17). «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining muhokamasi yoki boshqa uchrashuvlarda oqsoqollar sharh bermoqchi bo‘lganlarning ismini aytib chaqirishsa, ularga mamnuniyat baxsh etishadi (Yuhanno 10:3 ni solishtiring).
«U AYOL HAZRATIMIZ XIZMATIDA ZO‘R BERIB ISHLAGAN»
8. Pavlus qaysi muhim bir usul bilan Yahova hamda Isoning o‘rnagiga taqlid qilgan?
8 Pavlus shuningdek maqtovli so‘zlar aytish bilan boshqalarga qiziqish ko‘rsatgan. Bu, imondoshlarga quvonch baxsh etishning yana bir usulidir. Shu bois, aynan shu maktubida Pavlus: «Men sizlar bilan ko‘p maqtanaman»,— deb yozgan (2 Kor. 7:4). Ushbu maqtovli so‘zlar, Korinfdagi birodarlarning ko‘ngliga iliqlik baxsh etgan bo‘lishi kerak. Pavlus shu kabi maqtovlarni boshqa jamoatlarga ham aytgan (Rim. 1:8; Filip. 1:3–5; 1 Salon. 1:8). Darhaqiqat, u Rimdagi jamoatga yo‘llagan maktubida Persisni eslatib o‘tgandan so‘ng: «U ayol Hazratimiz xizmatida zo‘r berib ishlagan»,— deya qo‘shib qo‘ygan (Rim. 16:12). Bunday maqtovli so‘zlar, ushbu sadoqatli opamizning ko‘nglini qanchalik ko‘targandir-a! Pavlus boshqalarni maqtashda, Yahova hamda Isoning o‘rnagiga taqlid qilgan (Mark 1:9–11; Yuhanno 1:47 ni o‘qing; Vah. 2:2, 13, 19).
9. Maqtovli so‘zlarni aytish va eshitish, nega jamoatning quvonchiga quvonch qo‘shadi?
9 Bugungi kunda ham oqsoqollar, imondoshlarini qadrlashlarini aytish muhimligini bilishadi (Hik. 3:27; 15:23). Oqsoqol birodaru opa-singillarini maqtash orqali, ular haqida g‘am chekayotgani va ular qilayotgan ishlarini payqayotganini ko‘rsatadi. Shubhasizki, imondoshlar ham oqsoqollarning daldali so‘zlarini eshitishga muhtojlar. Yoshi 50 dan oshgan bir opamiz shunday deb bo‘lishdi: «Ish joyimda maqtovli so‘zlarni kam eshitaman. U yerdagi muhit sovuq va raqobat ruhi ufurib turadi. Shu sababli, jamoatda qilgan biror ishim uchun oqsoqol meni maqtasa, bu menga rohat va dalda baxsh etadi! Osmondagi Otam meni juda yaxshi ko‘rishini his etaman». Ikkita farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan birodarimiz ham shunday fikr bildirdi. Yaqinda bir oqsoqol uni chin dildan maqtabdi. Birodarimizga bu qanday ta’sir qilibdi? U: «Oqsoqolning so‘zlari menga chinakamiga dalda berdi!» — deb aytdi. Haqiqatan ham, imondoshlarini samimiyat ila maqtash orqali, oqsoqol ularning ruhini ko‘tarib, quvonchlariga quvonch qo‘shadi. Shuningdek bu, hayot yo‘lida «toliqmay» yurishlariga kuch bag‘ishlaydi (Ishayo 40:31).
«JAMOATGA CHO‘PONLIK QILISH»
10, 11. a) Qay yo‘sin oqsoqollar Naximiyoning o‘rnagiga ergashishlari mumkin? b) Daldali tashrif mobaynida, oqsoqollarga Xudo ato etgan in’om bilan bo‘lishishga nima ko‘maklashadi?
10 Oqsoqollar birodarlarga shaxsan qiziqish ko‘rsatib, jamoatga quvonch baxsh eta olishlarining muhim usullaridan biri qaysi? Bu ham bo‘lsa, daldaga muhtoj bo‘lganlarga yordam berishda tashabbus ko‘rsatishdir (Havoriylar 20:28 ni o‘qing). Oqsoqollar bunday qilishsa, qadimdagi ramziy ma’nodagi cho‘ponlarga taqlid qilgan bo‘lishadi. Misol uchun, sadoqatli nozir Naximiyo ayrim yahudiy birodarlarining ma’nan susayib qolishganini ko‘rganida, nima qilganiga e’tibor bering. U darhol o‘rnidan turib, ularga dalda bera boshlagan edi (Naxim. 4:14). Bugun ham oqsoqollar shunday qilishni istashadi. Ular o‘rinlaridan turib, ya’ni tashabbus ko‘rsatib, imondoshlari imonda mustahkam qolishlariga yordam berishadi. Shaxsan dalda berish uchun esa, agar sharoit bunga yo‘l qo‘ysa, ular birodaru opa-singillarning uylariga borishadi. Bunday daldali tashriflar paytida, ular «Xudo ato etgan in’om bilan bo‘lishishni» xohlashadi (Rim. 1:11). Oqsoqollarga bunda nima ko‘maklashadi?
11 Biror kishinikiga daldali tashrif buyurishdan oldin, oqsoqol u haqida o‘ylashga bir muncha vaqt ajratishi darkor. Uning qanday qiyinchiliklari bor? Qaysi fikrlar unga dalda baxsh etishi mumkin? Muqaddas Kitobdagi qaysi oyat yoki misol, uning sharoitlariga qo‘l keladi? Bunday fikr yuritish, oqsoqolga shunchaki emas, balki mazmunli suhbat qurishiga ko‘maklashadi. Daldali tashrif paytida oqsoqol, birodar yoki opamizni diqqat bilan tinglab, ichidagilarni to‘kib solishiga imkon beradi (Yoqb. 1:19). Bir opamiz: «Oqsoqolning chin dildan tinglashi, tasalli bag‘ishlaydi»,— deya bo‘lishdi (Luqo 8:18).
12. Jamoatda kimlar daldaga muhtoj bo‘lishadi va nega?
12 Daldali tashrifdan kimlar foyda oladi? Pavlus oqsoqollarni «butun suruvga diqqat qilishga» rag‘batlantirgan. Demak, jamoatning barcha a’zolari, jumladan yillar mobaynida sodiq xizmat qilib kelayotgan va’zgo‘ylar va kashshoflar ham daldaga muhtoj bo‘lishadi. Nega ular oqsoqollarning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj? Sababi, ba’zida bunday ma’nan kuchli kishilar ham, ushbu yovuz dunyo o‘tkazayotgan bosimdan ruhan ezilishadi. Hatto Allohning kuchli xizmatchilari ham yordamga muhtoj bo‘lishlarini, shoh Dovud bilan sodir bo‘lgan voqeadan ko‘rishimiz mumkin.
«ABUSHAY DOVUDNI HIMOYA QILDI»
13. a) Yishbibano‘v Dovudning qanday ahvolidan foydalanmoqchi bo‘ldi? b) Qanday qilib Abushay Dovudni qutqarib qoldi?
13 Yosh Dovud shoh bo‘lish uchun moylanganidan ko‘p o‘tmay, Rafa degan pahlavon naslidan bo‘lgan Go‘liyot bilan yakkama-yakka jangga chiqdi. Jasoratli Dovud bu pahlavonni o‘ldirdi (1 Shoh. 17:4, 48–51; 1 Sol. 20:5, 8). Yillar o‘tib, filistlarga qarshi jangda Dovud boshqa bir pahlavon bilan yuzma-yuz kelib qoldi. Uning ismi Yishbibano‘v bo‘lib, u ham Rafa naslidan edi (2 Shoh. 21:16, izoh). Lekin o‘shanda, bu pahlavon Dovudni o‘ldirishiga sal qoldi. Nega? Dovud jasoratini yo‘qotgani uchun emas, balki kuchsiz bo‘lib qolgani tufayli. Muqaddas Kitobda: «Dovud juda toliqib qoldi»,— deyilgan. Uning charchab qolganini payqab, «Yishbibano‘v Dovudni o‘ldirmoqchi bo‘ldi». U qilichini endi Dovudga suqaman deb turganda, «Zeruya o‘g‘li Abushay Dovudni himoya qilib, o‘sha Filistni mag‘lub qilib o‘ldirdi» (2 Shoh. 21:15–17). Dovud bir o‘limdan qoldi! Abushay Dovudni nazaridan qochirmay, darhol yordamga kelib, hayotini qutqarib qolganidan u qanchalar minnatdor bo‘lgandir-a! Bu voqeadan qanday saboq olsak bo‘ladi?
14. a) «Go‘liyot» kabi qiyinchiliklarni qanday yenga olamiz? b) Qay yo‘sin oqsoqollar quvonchimiz va kuchimizni qayta tiklashga yordam berishlari mumkin? Misol keltiring.
14 Dunyo bo‘ylab Yahovaning Shohidlari, Shayton va uning izdoshlari turli qiyinchiliklar tug‘dirayotganiga qaramay, xizmatlarini bajarib kelishmoqda. Ayrimlarimiz, haybatli bo‘lib tuyuladigan muammolarga duch kelamiz. Lekin Yahovaga to‘liq tayansak, bunday «Go‘liyotlarni» qulatib, ustidan g‘alaba qozonamiz. Ammo, bu dunyoning bosimiga tinmay qarshi turish, ba’zida holdan toydirib, ruhan tushirishi mumkin. Bu kabi vaziyatda, biz zaiflashib, ilgari muvaffaqiyat ila kurashib kelgan bosimga yengilish xavfi ostida qolamiz. Bunday paytda, oqsoqollar tomonidan o‘z vaqtida berilgan dalda, quvonchimiz va kuchimizni qayta tiklashga yordam berishi mumkin. Buni ko‘plar o‘zlarida his etishgan. Yoshi 60 dan oshgan kashshof opamiz shunday dedi: «Bir muncha vaqt avval, o‘zimni yomon his qila boshladim va xizmatda charchab qoladigan bo‘ldim. Bir oqsoqol kuchsizlanib qolganimni payqab, mendan hol-ahvol so‘radi. Biz Muqaddas Kitobga asoslanib, daldali suhbat qurdik. U bergan maslahatlarni qo‘llab, men foyda topdim». O‘sha opamiz yana: «Bu oqsoqol mening zaif ahvolimni tushunib, menga mehr ila yordam berdi»,— deb aytdi. Darhaqiqat, bizlarni mehr ila kuzatib turgan va Abushay kabi himoya qilishga tayyor bo‘lgan oqsoqollarimiz borligidan naqadar xursandmiz!
«SIZLARNI... SEVGANIMNI BILINGLAR»
15, 16. a) Nega Pavlusni imondoshlari judayam yaxshi ko‘rishgan? b) Nima uchun biz g‘amxo‘r oqsoqollarimizni sevamiz?
15 Cho‘ponlik qilish oson ish emas. Ba’zan oqsoqollar Xudoning suruvi uchun ibodat qilib yoki imondoshlarini ma’nan qo‘llab-quvvatlash uchun tunlari uxlamay chiqishadi (2 Kor. 11:27, 28). Shunday bo‘lsa-da, ular Pavlus singari vazifalarini to‘liq va mamnuniyat ila bajarib kelishmoqda. U korinfliklarga: «Sizlar uchun men bor-yo‘g‘imni bajonidil sarflayman, hatto o‘zimni ham ayamayman»,— deb yozgan (2 Kor. 12:15). Haqiqatan ham, birodarlarini sevgani uchun, Pavlus ularni qo‘llab-quvvatlash niyatida hatto o‘zini ham ayamagan (2 Korinfliklarga 2:4 ni o‘qing; Filip. 2:17; 1 Salon. 2:8). Mana shuning uchun ham, birodarlar Pavlusni judayam yaxshi ko‘rishgan! (Havor. 20:31–38).
16 Biz Tangrining xizmatchilari, g‘amxo‘r oqsoqollarimizni yaxshi ko‘ramiz va bizni qo‘llab-quvvatlash niyatida ulardan foydalanayotgani uchun Yahovadan minnatdormiz. Ular bizga shaxsan qiziqish ko‘rsatish bilan, quvonchimizga quvonch qo‘shib kelishmoqda. Ularning daldali tashriflarini o‘ta qadrlaymiz. Boz ustiga, ular bu dunyoning bosimiga dosh bera olmay qolganimizda, bizga yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor ekanliklari uchun mingdan-ming rahmat. Ha, bunday diqqatli oqsoqollar chindan ham bizlarga «quvonch keltiradigan xizmatdoshlardir».
a O‘sha birodaru opa-singillarimizga: «Oqsoqollarda qaysi fazilatni ko‘proq qadrlaysiz?» — degan savol ham berildi. Ulardan aksariyati, mehribon va bemalol murojaat qilsa bo‘ladigan oqsoqollarni, deb aytishdi. Boshqa maqolada, nega oqsoqollar bunday bo‘lishlari muhim ekanini bilib olamiz.