Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

4-SABOQ

Mas’uliyatli bo‘lishni o‘rgating

Mas’uliyatli bo‘lishni o‘rgating

MAS’ULIYATLI BO‘LISHGA NIMA KIRADI?

Mas’uliyatli insonlar ishonchli bo‘lishadi. Ular topshirilgan vazifani yaxshi va o‘z vaqtida bajarishadi.

Imkoniyatlari chegaralanganiga qaramay, kichik yoshdagi bolalar ham mas’uliyatli bo‘lishni o‘rgana oladi. Bir kitobda shunday deyiladi: «O‘n besh oylik bo‘lganda bolalarda hamkorlik qilish qobiliyati uyg‘onadi, o‘n sakkiz oylik bo‘lganida esa ota-onasi qilayotgan ishlarni takrorlash istagi paydo bo‘ladi. Ko‘plab madaniyatlarda ota-onalar besh-yetti yosh oralig‘idagi bolalariga uy ishlarida qanday yordam berish mumkinligini ko‘rsata boshlashadi. Kichkina bo‘lishlariga qaramay, bolalar anchagina uy yumushlarini yaxshi bajara olishadi». («Parenting Without Borders»)

NEGA MAS’ULIYATLI BO‘LISH MUHIM?

Ko‘plab yoshlar balog‘atga yetib mustaqil hayotga qadam qo‘ygach, muammolarni hal qila olmaydi. Ko‘p hollarda bu ularga pulni to‘g‘ri sarflash, ro‘zg‘or yuritish va kundalik ishlarni mas’uliyat ila bajarishni o‘rgatishmagani uchun sodir bo‘ladi.

Shu sababli bolangizni hozirdanoq mas’uliyatli bo‘lishga o‘rgatsangiz, u katta bo‘lganida ham to‘g‘ri yo‘l tuta oladi. Farzand tarbiyasiga bag‘ishlangan yana bir kitobda shunday deyilgan: «Bolangiz o‘n sakkizga to‘lguniga qadar u uchun mas’uliyatni to‘liq zimmangizga olib, keyin uni birdaniga real hayotga qo‘yib yuborishni istamaysiz-ku». («How to Raise an Adult»)

MAS’ULIYATLI BO‘LISHNI QANDAY O‘RGATSA BO‘LADI?

Ayrim uy yumushlarini topshiring.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Har qanday mehnatning foydasi bor». (Hikmatlar 14:23)

Ota-onalar nima ish qilmasin, kichkina bolalar doim ularga yordam bermoqchi bo‘lishadi. Ularning bunday tabiiy istagidan foydalanib, bolangizga ba’zi uy yumushlarini topshirishingiz mumkin.

Ayrim ota-onalar bunday qilishni istashmaydi. Ularning fikricha, maktab yoshidagi bolalarining shundoq ham darslari ko‘p, qo‘shimcha ish topshirilsa ular qiynalib qolishadi.

Aslida uy yumushlarini bajaradigan bolalar darslarni ham yaxshi o‘zlashtirishadi, chunki ular har qanday ishni boshlagach, oxiriga yetkazishni o‘rganishgan. Qolaversa, yuqorida tilga olingan kitobda aytilishicha, «agar kichikligidayoq bolaning yordam berish istagini so‘ndirsak, u “Mening yordamim muhim emas ekan” deb o‘ylay boshlaydi. Shuningdek, barcha ishlarni uning o‘rniga boshqalar qilib qo‘yishiga o‘rganib qoladi». («Parenting Without Borders»)

Uy ishlarini bajarishga odatlangan bolalar, xudbin bo‘lmay, boshqalarga yordam berishni o‘rganadi. Uy ishlarini bajarish bolalarga oilada ularning muhim o‘rni borligini va ularga muayyan mas’uliyat yuklanganini tushunishga yordam beradi.

Xatolari uchun javobgarlikni bo‘yniga olishni o‘rgating.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Kelajakda dono bo‘lishing uchun, maslahatga quloq solib, tarbiyani qabul qil». (Hikmatlar 19:20)

Agar farzandingiz — o‘g‘lingiz yoki qizingiz birovning narsasini bilmasdan buzib qo‘ysa, vaziyatni bosdi-bosdi qilishga shoshilmang. Bola qilgan ishining oqibati uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga qodir, ya’ni bu vaziyatda u kechirim so‘rashi va hatto zararni qoplashi mumkin.

Xato va kamchiliklarini tan olib bolangiz quyidagilarga o‘rganadi:

  • rostgo‘y bo‘lishga

  • boshqalarni ayblamaslikka

  • o‘zini oqlamaslikka

  • o‘rinli bo‘lganda kechirim so‘rashga