Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

6-SABOQ

Axloqiy qadriyatlarning o‘rni

Axloqiy qadriyatlarning o‘rni

AXLOQIY QADRIYATLAR NIMA DEGANI?

Yuqori axloqiy me’yorlar bo‘yicha yashaydigan insonlar nima yomon va nima yaxshi ekanini aniq tushunishadi. Ularning axloqiy me’yorlari ayni paytda o‘zlarini qanday his qilishi bilan o‘lchanmaydi. Aksincha, boshqalar buni ko‘rmagan paytda ham, ular mahkam o‘rnashgan prinsiplar asosida yo‘l tutishadi.

NEGA AXLOQIY QADRIYATLAR MUHIM?

Bolalar maktabdoshlaridan hamda musiqa, film, teledasturlar orqali axloq borasida juda ko‘p noto‘g‘ri ma’lumotlarni eshitishadi. Bunday ta’sir ostida ularda nima yaxshi va nima yomon ekani haqida turli savollar paydo bo‘ladi.

Ayniqsa, o‘smirlar bunday muammoga duch kelishadi. Bir kitobda shunday deyilgan: «Bunday davrda ular tengdoshlari va ommaviy axborot vositalari orqali mashhur bo‘lish va tan olinish bosimiga duch kelishadi. Shuning uchun bu do‘stlariga yoqmasa-da, o‘smirlar o‘z qadriyatlari va tanlovi asosida qaror chiqarishni o‘rganishlari muhim». («Beyond the Big Talk») Ko‘rinib turganidek, tarbiya o‘smirlik davridan ancha oldin boshlanishi lozim.

AXLOQIY QADRIYATLARNI QANDAY SINGDIRSA BO‘LADI?

Axloqiy me’yorlarni o‘rnating.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Qattiq ozuqa... zehnini ishga solish orqali yaxshini yomondan ajratishga o‘rgangan yetuk kishilar uchundir». (Ibroniylarga 5:14)

  • Axloqiy me’yorlarni belgilovchi so‘zlarni qo‘llang. Kundalik vaziyatdan foydalanib quyidagilarni farqlashga yordam bering: «Bu halollik, bu esa insofsizlik»; «Bu sadoqat, bu esa xoinlik»; «Bu yaxshi, bu esa yomon». Shunda bolangiz axloqiy me’yorlar xulq-atvorda qanday aks etishini ko‘ra oladi.

  • Nima uchun mazkur me’yorlarga amal qilish kerakligini tushuntiring. Masalan, shunday deb so‘rang: «Nima uchun halol bo‘lish yaxshi? Qanday qilib yolg‘on do‘stlikni buzadi? Nega o‘g‘rilik yomon?» Farzandingizning vijdonini tarbiyalashga hamda mantiqan fikr yuritishga yordam bering.

  • Axloqiy me’yorlarga amal qilishning foydasini ko‘rsating. Shunday deb aytishingiz mumkin: «Agar halol bo‘lsang, odamlar senga ishonadi» yoki «Agar mehribon bo‘lsang, odamlar senga intiladi».

Axloqiy me’yorlarga amal qilish oilangizni ajratib turadigan belgi bo‘lsin.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Qanday inson ekaningizni tekshirib turinglar». (2 Korinfliklarga 13:5)

  • Axloqiy me’yorlar oilangizning ajralmas qismi bo‘lsa, bolangizga bemalol quyidagilarni ayta olasiz:

    • «Bizning uyda hech kim yolg‘on gapirmaydi»;

    • «Biz hech kimga baqirmaymiz va hech kimni urmaymiz»;

    • «Biz qo‘pol gapirmaymiz va so‘kinmaymiz».

Shunda farzandingiz bu me’yorlar shunchaki qoida emas, balki butun oilani boshqalardan ajratib turadigan belgi ekanini tushunib yetadi.

  • Bolangiz bilan tez-tez oilangizdagi qadriyatlar haqida suhbatlashib turing. Kundalik voqealar yordamida unga ta’lim bering. Bolangiz ommaviy axborot vositalarida va maktabda ko‘rgan-bilganlarini oilangizdagi qadriyatlar bilan solishtiring. Undan: «Bu vaziyatda sen nima qilgan bo‘larding? Oilamiz bu muammoni qanday hal qilardi?» — deb so‘rashingiz mumkin.

Axloqiy qadriyatlarga amal qilish qarorini mustahkamlang.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Vijdoningizni toza saqlanglar». (1 Butrus 3:16)

  • Yaxshi xulq-atvori uchun maqtang. Bolangiz to‘g‘ri yo‘l tutsa, bu uchun uni maqtang va nega bunday yo‘l tutish yaxshi ekanini tushuntiring. Masalan, shunday desangiz bo‘ladi: «Sen rostgo‘ylikni namoyon etding. Sen bilan faxrlanaman». Mabodo bolangiz yomon ish qilib qo‘ygani haqida sizga aytsa, avval uni rostgo‘y bo‘lgani uchun maqtang, so‘ng tuzatsangiz bo‘ladi.

  • Yomon xulqini tuzating. Bolalaringiz ishlari uchun javobgarlikni his qilishiga yordam bering. Ular qilgan ishlarining nimasi yomon ekanini hamda bu oilaviy qadriyatlarga qanchalik zid ekanini tushunishi lozim. Ba’zi ota-onalar bolasining ko‘ngli cho‘kmasligi uchun tuzatgisi kelmaydi. Biroq bolangizga nima uchun uning bunday xulqi yomon ekanini tushuntirib bersangiz, vijdonini tarbiyalab, kelajakda bu xatoni takrorlamasligiga ko‘maklashgan bo‘lasiz.