Xizmat qilishga xohish bildirganlar. Madagaskarda
«KASHSHOFLARGA ehtiyoj katta bo‘lgan hududda xizmat qilayotgan do‘stlarim aytib bergan voqealarni eshitgach, men ham o‘sha xursandchilikni his etishni istay boshladim»,— deb bo‘lishdi yoshi 25 larda bo‘lgan Silviana ismli kashshof. Ushbu singlimiz qo‘shimcha qilib dedi: «Ammo ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilishni uddalay olmayman, deb qo‘rqdim».
Silviana his etgan tuyg‘ular sizga tanishmi? Shohlik xabarchilariga ehtiyoj katta bo‘lgan hududda xizmat qilishni siz ham orzu qilyapsizmi? Balki bu maqsadga qachondir erisha olamanmi, deb o‘ylayotgandirsiz? Unda taslim bo‘lmang! Yahovaning yordami bilan minglab birodaru opa-singillarimiz xizmatni kengaytirishiga xalaqit beradigan to‘siqlarni yenga olishdi. Yahova ulardan ayrimlarining yo‘lini qanday ochganini bilish uchun, kattaligi jihatdan sayyoramizda to‘rtinchi o‘rinni egallaydigan Madagaskar oroliga tashrif buyuramiz.
Oxirgi o‘n yil ichida 11 mamlakatdan * 70 dan oshiq g‘ayratli va’zgo‘ylar va kashshoflar Afrikaning bu sermahsul hududiga, aksariyat odamlari Muqaddas Kitobni hurmat qiladigan bu yerga xizmat qilgani kelishdi. Boz ustiga, Shohlik xabarini ushbu ulkan orol bo‘ylab yoyish uchun son-sanoqsiz mahalliy va’zgo‘ylar ham ko‘chishga xohish bildirishdi. Keling, ularning ba’zilari bilan tanishaylik.
QO‘RQUV VA TUSHKUNLIKNI YENGISH
30 yoshlarda bo‘lgan Lui va Perin ismli juftlik Madagaskarga Fransiyadan ko‘chib o‘tdi. Ular bir necha yil davomida xorijga borib xizmatni kengaytirish haqida o‘ylab yurishgan edi, lekin Perin ko‘chishga ikkilanayotgandi. Perin shunday dedi: «Men notanish joyga borishdan qo‘rqardim. Qarindoshlarimizni, jamoatni, uyni, o‘zimizga tanish bo‘lgan joylarni va odatiy hayotimizni qoldirishdan tashvishlanardim. Xavotirlangan narsalarim men uchun katta to‘siq edi va men uni yengdim». 2012- yili Perin o‘zida jasorat topa oldi va Lui ikkalasi ko‘chdi. Chiqargan qarorlari haqida u qanday fikrda? «O‘tmishga boqib shuni ayta olamanki, Yahovaning yordamini hayotimizda
ko‘rish imonimizni mustahkamladi»,— deb aytdi Perin. Lui esa shunday deb qo‘shib qo‘ydi: «Bir o‘ylab ko‘ring, Madagaskardagi ilk Qutlug‘ Kechligimizga biz tadqiq o‘tkazgan o‘n kishi keldi!»Muammolar paydo bo‘lganda, xizmatni qoldirmaslikka ularga nima kuch ato etdi? Bardoshli bo‘lish uchun ular Yahovaga iltijo qilib kuch berishini so‘rashdi. (Filip. 4:13) Lui shunday deb bo‘lishdi: «Yahova ibodatlarimizga javob berganini ko‘rdik. Shuningdek, “Xudoning tinchligi”ga ega bo‘ldik. Diqqat-e’tiborimizni xizmatimiz keltirayotgan quvonchga qaratdik. Do‘stlarimiz ham elektron xatlar va pochta orqali maktublar jo‘natib bizni taslim bo‘lmaslikka undashardi». (Filip. 4:6, 7; 2 Kor. 4:7)
Sabr-bardoshi uchun Yahova Lui bilan Perinni saxiylik ila mukofotladi. «2014- yil oktyabr oyida biz Fransiyada o‘tgan Er-xotinlar uchun Muqaddas Kitob maktabida * o‘qidik,— deb aytdi Lui.— Ushbu maktabda o‘qish Yahova bergan unutilmas sovg‘a edi». Maktabni bitirganda ular yana Madagaskarga tayinlanganidan rosa xursand bo‘lishdi.
«SIZLAR BILAN FAXRLANAMIZ!»
Fransiyalik juftlik Didye va Nadin 2010- yili Madagaskarga ko‘chganda yoshi ellikdan oshgan edi. Didye shunday deya so‘zlab berdi: «Yoshligimizda kashshoflik qilganmiz, keyin uchta farzandni katta qildik. Bolalarimiz voyaga yetganda xorijda xizmat qilish haqida o‘ylay boshladik». Nadin fikrni davom ettirdi: «Farzandlarimni qoldirib ketish haqida o‘ylaganimda ikkilana boshladim, lekin ular bizga: “Xorijda ehtiyoj bo‘lgan joyda xizmat qilsangizlar, sizlar bilan faxrlanamiz!” — deb aytishdi. Ularning so‘zlari bizni ko‘chishga undadi. Garchi hozir farzandlarimizdan yiroqda yashasak-da, ular bilan tez-tez suhbatlashib turish imkoni borligidan xursandmiz».
Didye va Nadin uchun malagasi tilini o‘rganish qiyin kechdi. «Axir biz 20 yashar emasmiz-ku!» — deya tabassum bilan aytdi Nadin. O‘rganishga nima yordam berdi? Avvaliga ular fransuz tilidagi jamoatga qatnay boshlashdi. Keyinchalik mahalliy tilni o‘rganish uchun ko‘proq vaqt paydo bo‘lganida malagasi tilidagi jamoatga o‘tishdi. Nadin shunday dedi: «Biz xizmatda uchratgan aksariyat odamlar Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni yaxshi ko‘rishadi. Ko‘pincha ular tashrif buyurganimizda minnatdorchilik bildirishadi. Boshida bu menga tushday tuyulardi. Bu hududda kashshof bo‘lib xizmat qilishni yaxshi ko‘raman. Ertalab uyg‘onganimda o‘zimga: “Bugun va’zgo‘ylikka boraman. Qanday zo‘r!” — deb aytaman».
Dide malagasi tilini o‘rgangan paytlarini kulib eslaydi. «Jamoat yig‘ilishini o‘tkazganimda birodaru opa-singillarimizning sharhlarini tushunmasdim. Hammaga “rahmat” deb aytardim. Bir safar opamizga sharhi uchun rahmat aytganimda, orqa qatorlarda o‘tirganlar imo-ishora qilib javobi noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatishdi. Men darhol to‘g‘ri javobni birodardan so‘radim (aqalli u to‘g‘ri javob berdi degan umiddaman)».
U TAKLIFNI QUVONCH ILA QABUL QILDI
2005- yilgi anjumanda Terri xotini Nadiya bilan «Xudoni sharaflaydigan maqsadlar sari intiling» nomli sahna asarini tomosha qilayotgan edi. Timo‘tiy haqidagi ushbu sahna asari ularning qalbiga ta’sir etib, Shohlik xabarchilariga ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilish istagini kuchaytirdi. Terri ta’riflab shunday dedi: «Sahna asarining oxirida hamma qarsak chalayotgan edi. Men xotinim tomonga engashib, undan: “Qayerga boramiz?” — deb so‘radim. Xotinim ham aynan shu haqda o‘ylayotganini aytdi». Ko‘p o‘tmay ular maqsadga erishish uchun qadamlar qo‘ya boshlashdi. «Narsalarimiz to‘rtta chamadonga sig‘maguncha ulardan sekin-asta qutula boshladik»,— deb aytdi Nadiya.
Ular 2006- yili Madagaskarga kelishdi va boshidanoq zavq bilan xizmat qilishdi. «Uchratgan odamlarimiz bizga rosa quvonch keltirishadi»,— dedi Nadiya.
Olti yil o‘tgach ushbu juftlik qiyinchilikka duch keldi. Nadiyaning Fransiyada yashovchi onasi Mari-Madlen yiqilib tushib qo‘lini sindirdi va boshi jarohat oldi. Ular onasining shifokori bilan maslahatlashishdi va onasidan Madagaskarga ko‘chib ular bilan yashashni so‘rashdi. Yoshi 80 ga chiqqan bo‘lsa-da, u quvonch ila taklifni qabul qildi. Xo‘sh, oyisi xorijdagi hayoti haqida qanday fikrda? Mari-Madlen shunday dedi: «Ba’zan moslashish oson kechmaydi, lekin imkoniyatlarim cheklangan bo‘lsa-da, jamoatga foydam tegayotganini his qilyapman. Bu yerda yashashimiz bolalarimga samarali xizmat qilishga yo‘l ochayotgani meni rostakamiga baxtli qilyapti».
«YAHOVA YORDAM QO‘LINI CHO‘ZGANINI HIS QILDIM»
Rin yoshi 20 larda bo‘lgan birodar. U Madagaskarning serhosil sharqiy hududida, Alaotra-Mangoroda katta bo‘lgan. Rin maktabda yaxshi o‘qigan va oliy ma’lumotli bo‘lishga intilgan. Biroq Muqaddas Kitobni tadqiq qilgach u fikrini o‘zgartirdi. U shunday deya hikoya qildi: «Men o‘rta maktabni ertaroq bitirishga intildim va Yahovaga: “Oxirgi imtihonimni topshirsam, kashshoflikni boshlayman”,— deb va’da berdim». Maktabni bitirgach u so‘zining ustidan chiqdi. Rin kashshof birodarnikiga ko‘chdi va yarim kunlik ishga joylashib kashshoflikni boshladi. U: «Bu hayotimdagi eng zo‘r qaror»,— deb aytdi.
Biroq Rinning qarindoshlari u nega yuqori martabaga intilmaganidan hayron qolishdi. U quyidagilarni so‘zlab berdi: «Dadam, amakim va dadamning xolasi meni oliy ma’lumotli bo‘lishga undashdi. Ammo nima bo‘lganda ham men kashshoflikni to‘xtatishni xohlamadim». Ko‘p o‘tmasdan Rin va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilishni istadi. Nega unda bunday istak paydo bo‘ldi? U shunday deb aytdi: «Uyimizga o‘g‘ri tushdi va ko‘p narsalarimni o‘g‘irlab ketdi. Bu voqea meni Isoning “xazinani osmonda to‘planglar” degan so‘zlari ustida o‘ylab ko‘rishga undadi. Shunda bor kuchim bilan mehnat qilib ma’naviy boyliklar to‘plashga qaror qildim». (Mat. 6:19, 20) Rin mamlakatning janubiy qismiga, o‘zi yashayotgan joydan 1 300 km uzoqlikdagi qurg‘oqchilik hukm surayotgan hududga ko‘chib o‘tdi. Bu hududda antandroy nomli xalq yashaydi. Rin nega u yerga ko‘chdi?
O‘g‘irlik sodir bo‘lishidan bir oy oldin, Rin antandroy xalqiga mansub ikki kishi bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qila boshlagan edi. Rin ularning tilidagi ayrim iboralarni o‘rganib oldi va Shohlik xabarini eshitmagan ko‘plab antandroy odamlari haqida o‘yladi. U shunday dedi: «Tandroy tilida so‘zlashadigan odamlar yashaydigan hududga ko‘chib o‘tish uchun yordam so‘rab Yahovaga ibodat qildim».
U yerga ko‘chishi bilan Rin to‘siqqa duch keldi. U ish topa olmadi. Bir kishi unga: «Nega bu yerga kelding? Bu yerdagi odamlar ish izlab sen yashaydigan joyga borishadi-ku!» — deb aytdi. Ikki haftadan keyin Rin nima qilishini bilmay cho‘ntagida deyarli sariq chaqasiz hududiy anjumanga yo‘l oldi. Anjumanning oxirgi kunida bitta birodar Rinning cho‘ntagiga nimanidir solib qo‘ydi. Bu Antandroyga qaytishiga va u yerda yogurt sotishdek kichik biznesni yuritishiga yetadigan pul edi. «Shu payt Yahova yordam qo‘lini cho‘zganini his qildim. Endi Yahova haqida bilim olish imkoniyati bo‘lmagan odamlarga yordam berishni davom ettira olardim!» — deb bo‘lishdi Rin. U yerdagi jamoatda ham ish ko‘p edi. «Menga har hafta ommaviy nutqlar so‘zlash vazifasi topshirildi. Yahova O‘z tashkiloti orqali menga ta’lim berdi»,— deb qo‘shib
qo‘ydi u. Bugun Rin Yahova haqida bilim olishni istovchi tandroy xalqiga mansub ko‘plab odamlarga Shohlik xabarini yetkazmoqda.«SADOQATLI XUDO TOMONIDAN BARAKA TOPADI»
Yahova bizni ishontirib aytyaptiki, «yer yuzida o‘ziga baraka tilagan har kim sadoqatli Xudo tomonidan baraka topadi». (Ishayo 65:16) Xizmatimizni kengaytirish yo‘lida duch kelgan to‘siqlarni yengishga jon-jahdimiz bilan harakat qilsak, Yahovadan baraka olamiz. Maqolamiz boshida eslatib o‘tilgan Silviananing vaziyatini ko‘rib chiqaylik. Esingizdami, u ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilishni uddalay olmayman, deb qo‘rqqan. U nima uchun bunday o‘ylaganini bilasizmi? U shunday deb tushuntirdi: «Chap oyog‘im o‘ng oyog‘imga qaraganda taxminan 9 sm kaltaroq. Oqsoqlanib yurganim uchun tezda charchab qolaman».
Silviana 2014- yili jamoatidagi Silvi Enn ismli yosh kashshof singlimiz bilan o‘z shahridan 85 km uzoqlikda joylashgan kichik bir qishloqqa ko‘chib o‘tdi. To‘siqlarga qaramay Silviananing orzusi ushaldi va u beqiyos barakaga ega bo‘ldi! «Tayinlangan yangi hududimda bir yil xizmat qilgach, men tadqiq o‘tkazgan Dorati ismli yosh ona tuman anjumanida suvga cho‘mdi»,— deb so‘zlab berdi u.
«SENGA... YORDAM BERAMAN»
Ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilib imonini namoyon etganlarning hayotidan ko‘rinib turganidek, xizmatni kengaytirish yo‘lidagi to‘siqlarni yengishga intilsak, Yahovaning O‘z xizmatchilariga bergan mana bu va’dasi haqiqat ekaniga shaxsan amin bo‘lamiz: «Senga kuch ato etaman, yordam beraman». (Ishayo 41:10) Natijada Yahova bilan munosabatimiz qalinlashadi. Buning ustiga, xoh o‘z yurtimizda, xoh o‘zga yurtda xizmat qilishga xohish bildirsak, bu bizni yangi dunyodagi haq topinish bilan bog‘liq boshqa ishlarga tayyorlaydi. Yuqorida eslatib o‘tilgan Dide shunday dedi: «Ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilish kelajak uchun yaxshi mashq!» Iloyim ko‘plab xabarchilar xohish bildirib tez orada bu mashqni boshlasin!
^ 4- x.b. Ehtiyoj katta bo‘lgan joyga ko‘chganlar Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Gvadelupa, Kanada, Lyuksemburg, Qo‘shma Shtatlar, Yangi Kaledoniya, Chexiya, Shvetsiya va Shveytsariyadan edi.
^ 8- x.b. Hozir Shohlik xabarchilari maktabi deb nomlanadi. Talablarga mos keladigan xorijda xizmat qiluvchi to‘la vaqtli xizmatchilar ona yurtida yoki ularning ona tilida o‘tkaziladigan boshqa mamlakatda o‘tadigan maktabda o‘qishlari mumkin.