Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

10-TADQIQ MAQOLASI

13-QO‘SHIQ Masih biz uchun o‘rnakdir

Suvga cho‘mgandan keyin ham Iso Masihga ergashib yuring

Suvga cho‘mgandan keyin ham Iso Masihga ergashib yuring

Kimki mening ortimdan yurishni istasa, o‘zidan kechsin va o‘zining azob ustunini ko‘tarib, hamisha menga ergashib yursin. (LUQO 9:23)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Bu maqolada o‘zimizni Yahovaga bag‘ishlaganimiz hayot tarzimizga qanday ta’sir qilishini ko‘ramiz. U, ayniqsa, yaqinda suvga cho‘mgan kishilarga sodiq bo‘lib qolishga qanday yordam berishini bilib olamiz.

1, 2. Suvga cho‘mganingizdan keyin hayotingiz qanday yaxshilanadi?

 SUVGA CHO‘MIB, Yahovaning oilasiga qo‘shilganimizda juda suyunamiz. Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lish katta sharaf. Sano bastakori Dovud Yahova haqida aytgan quyidagi so‘zlariga qo‘shilamiz: «Hovlilaringda yashashi uchun tanlab, O‘zingga yaqinlashtirgan inson baxtlidir». (Zab. 65:4)

2 Yahova hovlilariga har qanday insonni kiritavermaydi. Oldingi maqoladan bilib olganimizday, Yahova U bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lish istagini tasdiqlagan kishilarni tanlaydi. (Yoqb. 4:8) O‘zingizni Unga bag‘ishlab, suvga cho‘mganingizda, Unga o‘zgacha tarzda yanada ko‘proq yaqinlashasiz. Suvga cho‘mganingizdan keyin, Alloh «hech narsada muhtojlik ko‘rmasligingiz uchun ustingizga baraka yog‘dir»adi. (Mal. 3:10; Yerm. 17:7, 8)

3. Bag‘ishlanib, suvga cho‘mgan masihiylar qanday jiddiy mas’uliyatga ega? (Voiz 5:4, 5)

3 Albatta, suvga cho‘mish xizmatingizni boshlanishi, xolos. Bu qadamni qo‘ygach, hatto vasvasaga duch kelganda yoki imoningiz sinalganda, bag‘ishlov va’dangizga yarasha yashash uchun qo‘lingizdan kelgan eng yaxshisini qilishni istaysiz. (Voiz 5:4, 5 ni o‘qing.) Isoning shogirdi sifatida uning o‘rnagiga ergashib, amrlariga imkon qadar yaxshiroq amal qilishga intilasiz. (Mat. 28:19, 20; 1 Butr. 2:21) Bu maqola sizga bunday qilishga ko‘maklashadi.

SINOV HAMDA VASVASALARGA QARAMAY ISOGA ERGASHING

4. Qaysi ma’noda Isoning shogirdi «azob ustunini» ko‘tarib yuradi? (Luqo 9:23)

4 Suvga cho‘mganingizdan keyin hayotingiz muammolardan holi bo‘lmaydi. Ha, Iso shogirdlari «azob ustunini ko‘tarib» yurishi haqida aytganida buni ta’kidlagandi. Darhaqiqat, ular buni «hamisha» qilishadi. (Luqo 9:23 ni o‘qing.) Xo‘sh, Iso uning izdoshlari doimo azob chekishini aytganmi? Yo‘q. Aksincha, ular oladigan barakalaridan tashqari, qiyinchiliklarga duch kelishini aytmoqchi edi. Bu qiyinchiliklarning ba’zilari juda og‘riqli bo‘lishi mumkin. (2 Tim. 3:12)

5. Fidoyiliklar qiladigan insonlarga Iso qanday barakalarni va’da qilyapti?

5 Balki, oila a’zolaringiz tomonidan qarshiliklarga duch kelgandirsiz yoki Shohlik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish uchun muayyan moddiy narsalaringizdan voz kechgandirsiz. (Mat. 6:33) Unday bo‘lsa, sadoqat ila qilgan ishlaringiz Yahovaning nazaridan chetda qolib ketmayotganiga amin bo‘ling. (Ibron. 6:10) Isoning quyidagi so‘zlari rost ekaniga o‘zingiz guvoh bo‘lgandirsiz: «Meni va xushxabarni deb uy-joy, aka-uka, opa-singil, ota-ona, bola-chaqa va yer-u mulkini qoldirgan har kim hozirning o‘zida, shu vaqtda, quvg‘unlar bilan birga, 100 barobar ortiq uy-joy, aka-uka, opa-singil, ota-ona, bola-chaqa hamda yer-u mulkka, kelajak zamonada esa abadiy hayotga erishadi». (Mark 10:29, 30) Olayotgan barakalaringiz qilgan har qanday qurbonligingizdan chindan ham yuksakroq. (Zab. 37:4)

6. Nega suvga cho‘mgandan keyin ham «tana nafsi» bilan kurashishda davom etishingiz kerak?

6 Suvga cho‘mganingizdan so‘ng «tana nafsi» bilan kurashishda davom etishingizga to‘g‘ri keladi. (1 Yuhan. 2:16) Chunki siz o‘sha-o‘sha Odamatoning gunohkor avlodidansiz. Gohida tuyg‘ularingiz havoriy Pavlusnikiga o‘xshashi mumkin. U shunday degan: «Qalbimda Allohning qonunidan zavq olaman. Tanamda esa boshqa qonunni payqayapman. Bu qonun aqlimdagi qonunga qarshi kurashib, tanamdagi gunohning qonuniga meni asir qilyapti». (Rim. 7:22, 23) Gunohkor moyilliklaringiz dastidan ruhingiz tushayotgandir. Lekin bag‘ishlov va’dangiz ustida fikr yuritish vasvasaga qarshi kurashishda qat’iy bo‘lishingiz uchun kuch beradi. Bu va’da vasvasalarga duch kelganingizda sizga ko‘maklashadi. Qanaqasiga?

7. Yahovaga bag‘ishlanganingiz Unga sodiq bo‘lib qolishingizga qanday yordam beradi?

7 O‘zingizni Yahovaga bag‘ishlaganda, o‘zingizdan kechgansiz. Bu siz Yahovaga yoqmaydigan xohish-istaklaringiz-u maqsadlarga yo‘q deganingizni anglatadi. (Mat. 16:24) Demak, sinovga duchor bo‘lganingizda, nima qilish borasida bosh qotirib o‘tirmaysiz. Bunday paytda, barcha variantlar oldida faqat bitta — Yahovaga sadoqatli qolishdan tashqari — eshikni allaqachon yopib bo‘lgan bo‘lasiz. Yahovani mamnun qilish qaroringiz qat’iy bo‘ladi. Ayub payg‘ambarday bo‘lasiz. U nihoyatda og‘ir qiyinchiliklarga duch kelgan bo‘lsa ham, qat’iyan: «Benuqsonligimdan voz kechmayman!» — deb aytgan. (Ayub 27:5)

8. Bag‘ishlov va’dangiz ustida fikr yuritish vasvasaga qarshi turishingizga qanday ko‘maklashishi mumkin?

8 Yahovaga o‘zingizni bag‘ishlab qilgan ibodatingiz ustida fikr yuritish orqali har qanday vasvasani yengish uchun kuch topa olasiz. Masalan, boshqa insonning umr yo‘ldoshiga noz-karashma qilasizmi? Albatta, yo‘q! Chunki Yahovaga bu kabilarni qilmaslikka allaqachon va’da bergansiz. Shu yo‘sin, noo‘rin tuyg‘ular chuqur ildiz otganidan keyin ular bilan bog‘liq azob-uqubatlardan o‘zingizni asragan bo‘lasiz. «Yovuzlar so‘qmog‘iga» oyoq bosmaysiz. (Hik. 4:14, 15)

9. Bag‘ishlov va’dangiz ustida fikr yuritish ma’naviy narsalarni birinchi o‘ringa qo‘yishingizga qanday yordam bera oladi?

9 Bordi-yu, kimdir yig‘ilishlarga muntazam ravishda kelishingizga to‘sqinlik qiladigan ishni sizga taklif qilsa-chi? Ha, qanday yo‘l tutishingiz kerakligini aniq bilasiz. Bu taklifdan avval yig‘ilishlarga qatnashingizga to‘sqinlik qiladigan har qanday ishga allaqachon yo‘q deb aytgansiz. Shunday ekan, bu kabi taklifga rozi bo‘laymi yoki yo‘qmi deb o‘ylab o‘tirmaysiz va keyin Yahovani ham birinchi o‘ringa qo‘yish yo‘lini izlashga tushmaysiz. Isoning Otasini mamnun qilish borasidagi qat’iyligi haqida mulohaza yuritish orqali Xudoga ma’qul kelmaydigan har qanday ishni darrov va qat’iyan rad etasiz. (Mat. 4:10; Yuhan. 8:29)

10. Suvga cho‘mganingizdan keyin ham Isoga ergashib yurishingizga Yahova qanday ko‘maklashadi?

10 Haqiqat shuki, sinovlar-u vasvasalar Isoga ergashish qaroringiz qanchalik qat’iy ekanini ko‘rish imkonidir. Ishonavering, Yahova Isoga ergashib yurishingizga ko‘maklashadi. Kalomda shunday yozilgan: «Xudo... O‘z so‘ziga sodiqdir va dosh bera olmaydigan darajada vasvasa qilinishingizga U yo‘l qo‘ymaydi. Aksincha, vasvasa paytida chiday olishingiz uchun ilojini ham beradi». (1 Kor. 10:13)

ISOGA ERGASHIB YURISH UCHUN NIMA QILA OLASIZ?

11. Isoga ergashib yurishda davom etishning eng a’lo yo‘llaridan biri qanday? (Rasmga ham qarang.)

11 Iso Yahovaga sidqidildan xizmat qilib, doim ibodat qilgan. (Luqo 6:12) Ha, suvga cho‘mganingizdan keyin ham Isoga ergashib yurishning eng yaxshi yo‘llaridan biri Yahovaga ko‘proq yaqinlashishga hissa qo‘shadigan ishlar bilan band bo‘lishdir. Kalomda: «Nimaga erishgan bo‘lsak, kelinglar, bundan buyon ham odat tusiga kirgan shu tartibga binoan yo‘l tutaylik»,— deb aytilgan. (Filip. 3:16) Gohida Yahovaga ko‘proq xizmat qilishni qaror qilgan imondoshlarimiz haqida eshitamiz. Ehtimol, ular Shohlik xabarchilari maktabida o‘qigandir yoki ehtiyoj katta hududlarga ko‘chgandir. Agar sharoitingiz yo‘l qo‘ysa, bu siz uchun ham yaxshi maqsad. Yahovaning xizmatchilari xizmatini kengaytirishga harakat qilishadi. (Havor. 16:9) Lekin hozir bunday qilish imkoniyatingiz bo‘lmasa-chi? Ulardan kam joyim bor deb o‘ylamang. Eng muhimi, sabr-bardosh qilib, chidashda davom etayotganingizdir. (Mat. 10:22) O‘z qobiliyat va sharoitingizga qarab qilayotgan har bir ishingiz bilan Yahovani quvontirayotganingizni unutmang. Suvga cho‘mgach, Isoga ergashishda davom etish uchun buni tushunish ayniqsa muhim. (Zab. 26:1)

Suvga cho‘mganingizdan keyin Yahovaga ko‘proq yaqinlashishingizga yordam beradigan maqsad qo‘ying (11-xatboshiga qarang.)


12, 13. G‘ayratingiz so‘nishni boshlasa nima qila olasiz? (1 Korinfliklarga 9:16, 17) (« Yugurishda davom eting» nomli ramkaga ham qarang.)

12 Agar sidqidildan ibodat qilmayotganingizni yoki xizmat shunchaki odatga aylanib qolganini his qilsangiz-chi? Muqaddas Kitobni o‘qish avvalgiday zavq keltirmayotgan bo‘lsa-chi? Unda, suvga cho‘mganingizdan so‘ng Yahovaning ruhidan mahrum bo‘ldim deb xulosa qilmang. Unutmangki, siz nomukammal insonsiz va tuyg‘ularingiz o‘zgarib turishi mumkin. Mabodo, g‘ayratingiz so‘nishni boshlasa, havoriy Pavlusning misoli borasida fikr yuriting. Garchi u Isoga taqlid qilishga intilgan bo‘lsa ham, ba’zan qilishi kerak bo‘lgan ishni qilishni uncha xohlamasligini bilgan. (1 Korinfliklarga 9:16, 17 ni o‘qing.) U shunday degan: «Bordi-yu, ixtiyoriy ravishda qilmasam ham bu mas’uliyat menga ishonib topshirilgan». Boshqacha aytganda, u o‘zini qanday his qilishiga qaramay xizmatini ado etishga qat’iy qaror qilgan.

13 Shu singari, nomukammal tuyg‘ularingiz siz uchun qaror chiqarishiga yo‘l qo‘ymang. O‘zingizni qanday his qilishingizga qaramay to‘g‘ri yo‘l tutish qaroringiz qat’iy bo‘lsin. Vaqt o‘tib harakatlaringiz tuyg‘ularingiz yaxshilanishiga ta’sir qiladi. Ungacha suvga cho‘mgandan so‘ng ham Isoga ergashib yurishda davom etishingizga ko‘maklashadigan yaxshi ma’naviy jadvalga rioya qiling. Sabr-bardoshingiz imondoshlaringizga ham dalda baxsh etadi. (1 Salon. 5:11)

«O‘ZINGIZNI SINAB,... TEKSHIRIB TURINGLAR»

14. Nimani doim tahlil qilib turishimiz kerak? (2 Korinfliklarga 13:5)

14 Suvga cho‘mgach, doim o‘zingizni tekshirib turish ham foydalidir. (2 Korinfliklarga 13:5 ni o‘qing.) Vaqti-vaqti bilan hayotingiz hamda har kuni ibodat qilish, Kalomni o‘qish va tadqiq qilish, yig‘ilishlarga borish hamda xizmatda qatnashish odatlaringiz borasida o‘ylab ko‘rish yaxshi bo‘lardi. Bu sohalarda yanada ko‘proq yaxshilanish yo‘llarini izlab ko‘ring. Masalan, o‘zingizga shu kabi savollarni bering: «Boshqalarga Muqaddas Kitobdagi asosiy ta’limotlarni tushuntirib bera olamanmi? Xizmatim yanada yoqimli bo‘lishi uchun nimalar qila olaman? Ibodatlarim qanchalik mazmunli va ulardan men Yahovaga to‘liq tayanayotganim ko‘rinyaptimi? Yig‘ilishlarga muntazam ravishda boryapmanmi? Uchrashuvlarda diqqatimni yanada ko‘proq jamlashim va ishtirok etishim uchun qay yo‘sin yaxshilana olaman?»

15, 16. Vasvasani rad etish borasida bitta birodarning misolidan nimani o‘rgandingiz?

15 Shuningdek, kamchiliklaringizni rostgo‘ylik ila tahlil qilish yaxshi bo‘lardi. Robert ismli birodar bu borada shunday bo‘lishdi: «20 yoshda bo‘lganimda, yarim kunlik ishda ishlardim. Bir kuni ishdan keyin hamkasbim uyiga taklif qildi. O‘sha ayol biz yolg‘iz qolib, “vaqtimizni chog‘ o‘tkazishimizni” aytdi. Avvaliga har xil bo‘lmag‘ur bahonalar keltirdim, lekin oxiri unamadim va sababini tushuntirdim». Robert vasvasani rad etdi va bu maqtovga sazovor. Keyinchalik esa u nima yuz bergani borasida o‘ylab, yaxshiroq yo‘l tutishi kerakligini angladi. U shunday deb aytdi: «O‘sha ayolning taklifini qat’iyan va Yusuf kabi darrov rad etmagandim. (Ibt. 39:7–9) Ha, buni rad etish men uchun shunchalik qiyin bo‘lganidan hayron edim. O‘sha vaziyat yordamida Yahova bilan munosabatlarimni yanada mustahkam qilishim kerakligini ko‘rdim».

16 Siz ham Robert kabi o‘zingizni tekshirib ko‘rishdan foyda olarsiz. Hatto vasvasani rad eta olsangiz ham, o‘zingizdan: «Yo‘q, deb aytishimgacha qancha vaqt o‘tdi?» — deb so‘rab ko‘ring. Agar yaxshilanishingiz kerakligini ko‘rsangiz, kayfiyatingiz tushmasin. Bunday kamchilikni hozir aniqlaganingizdan xursand bo‘ling. Bu borada ibodat qiling va Yahovaning axloqiy me’yorlari bo‘yicha yashash qaroringizni mustahkamlash uchun qadamlar qo‘ying. (Zab. 139:23, 24)

17. Robertning vaziyatida Yahovaning ismi qay yo‘sin ulug‘langan?

17 Robertning misolidan yana bir narsani o‘rganyapmiz. U shunday deb davom ettirdi: «Hamkasbimning taklifini rad etganimdan keyin u menga: “Sinovdan o‘tdingiz!“ — dedi. U nima demoqchi ekanini so‘radim. Unga ilgari Yahovaning Shohidi bo‘lgan bitta do‘sti barcha yosh Shohidlar imkon tug‘ilishi bilanoq noto‘g‘ri ishni yashirincha qilishini aytgan ekan. Shunda u o‘sha do‘stiga meni ham sinab ko‘rishni taklif qilgan ekan. O‘shanda Yahovaning ismini ulug‘laganimdan juda suyunib ketgandim».

18. Suvga cho‘mgach, nima qilishga qaroringiz qat’iy? (« Sizga yoqadigan maqolalar» nomli ramkaga ham qarang.)

18 Bag‘ishlab, suvga cho‘mganingizda, nima bo‘lsa ham Xudoning ismini muqaddas qilish istagingiz borligini ko‘rsatasiz. Ishonavering, Yahova siz duch kelayotgan sinovlarni va rad etayotgan vasvasalarni biladi. Unga sodiq bo‘lib qolish harakatlaringizga U baraka beradi. Xudo muqaddas ruhi orqali bunday qilishingiz uchun kuch berishiga ishoning. (Luqo 11:11–13) Yahovaning ko‘magi bilan suvga cho‘mgandan keyin ham Isoga ergashib yurish qo‘lingizdan keladi!

QANDAY JAVOB BERARDINGIZ?

  • Qanday qilib masihiylar azob ustunini hamisha ko‘tarib yurishi mumkin?

  • Suvga cho‘mgandan keyin ham qanday qilib Isoga ergashib yura olasiz?

  • Bag‘ishlov va’dangiz ustida fikr yuritish sadoqatli bo‘lib qolishingizga qanday yordam berishi mumkin?

89-QO‘SHIQ Tingla, quloq sol va ol baraka