Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

24-TADQIQ MAQOLASI

Yahova kechirimli Tangridir

Yahova kechirimli Tangridir

Sen, ey Yahova, mehribon va kechirishga tayyorsan. Senga murojaat qilganlardan mehr-sadoqatingni ayamaysan. ZAB. 86:5

42-QO‘SHIQ Alloh xizmatchisining ibodati

BU MAQOLADA *

1. Shoh Sulaymon qaysi haq so‘zlarni aytgan? (Voiz 7:20)

 SHOH SULAYMON shunday deb yozgan: «Yer yuzida doimo yaxshilik qilib, hech qachon gunoh qilmaydigan insonning o‘zi yo‘qdir». (Voiz 7:20) Rostdan ham, barchamiz gunohkormiz. (1 Yuhan. 1:8) Shuning uchun, har birimiz Xudoning va boshqalarning kechirimiga muhtojmiz.

2. Yaqin do‘stingiz sizni kechirsa, o‘zingizni qanday his qilasiz?

2 Yaqin do‘stingizni xafa qilgan paytlaringiz bo‘lgani shubhasiz. Bunday paytda vaziyatni o‘zgartirib, munosabatlaringizni tiklashga harakat qilgandirsiz va chin dildan kechirim so‘ragandirsiz. Xo‘sh, u sizni sidqidildan kechirganida nimalarni his qilgansiz? O‘zingizni ancha yengilroq va hatto baxtliroq his qilgandirsiz.

3. Ushbu maqolada nimalarni muhokama qilamiz?

3 Barchamiz Yahova eng yaqin Do‘stimiz bo‘lishini istaymiz. Lekin ba’zida so‘zlarimiz va xatti-harakatlarimiz bilan Uni ranjitamiz. Yahova bizni kechirishni istayotganiga nega ishona olamiz? Yahovaning va insonlarning kechirishi orasida qanday farq bor? Xudo kimlarni kechiradi?

YAHOVA KECHIRISHGA TAYYOR

4. Yahova kechirishga tayyor ekaniga nega ishonsak bo‘ladi?

4 Xudoning Kalomi Yahova kechirishga tayyor ekaniga bizni ishontiryapti. U Sinay tog‘ida Muso payg‘ambarga O‘zini oshkor etganida, farishta orqali shunday degan: «Yahova, Yahova — shafqatli va rahmdil, sabr-toqatli, mehr-sadoqat va haqiqatga boy Xudo. U minglab odamlarga mehr-sadoqat ko‘rsatuvchi, xato, ayb va gunohni kechiruvchi... Tangridir». (Chiq. 34:6, 7) Yahova mehribon, rahmdil va tavba qilganlarni kechirishga doim tayyor. (Naxim. 9:17; Zab. 86:15)

Yahova bizni nima shakllantirgani haqida barchasini biladi (5-xatboshiga qarang.)

5. Yahova biz haqimizda barcha narsani bilgani Uni nima qilishga undaydi? (Zabur 103:13, 14)

5 Yaratuvchimiz Yahova biz haqimizda hamma narsani biladi. Bir o‘ylab ko‘ring, yer yuzidagi barcha insonlar haqida U har bir tafsilotdan xabardor. (Zab. 139:15–17) U ota-onamizdan meros bo‘lib o‘tgan barcha kamchiliklarimizni ko‘ra oladi. Bundan tashqari, Xudo shaxsiyatimiz shakllanishiga sababchi bo‘lgan hayotimizdagi barcha vaziyatlarni biladi. Yahova bizni juda yaxshi bilgani Uni nima qilishga undaydi? U bizga rahm-shafqat ko‘rsatadi. (Zab. 78:39; Zabur 103:13, 14 ni o‘qing.)

6. Yahova bizni kechirishni istashini qanday isbotlagan?

6 Yahova bizni kechirishni istashini isbotlagan. U barchamiz ilk inson, Odamato tufayli gunoh va o‘lim la’nati ostida ekanimizni tushunadi. (Rim. 5:12) O‘zimizni va boshqalarni bu la’natdan ozod qila olmaymiz. (Zab. 49:7–9) Ammo sevuvchi Xudoyimiz rahm-shafqat ko‘rsatib, bizni ozod qilish uchun bir chora ko‘rdi. Bu qanday chora ekan? Yuhanno 3:16 ga ko‘ra, Yahova bizni o‘limdan qutqarish uchun yagona O‘g‘lini yubordi. (Mat. 20:28; Rim. 5:19) Iso Masih biz uchun o‘ldi. Unga ishongan har kim ozodlikka erisha oladi. (Ibron. 2:9) O‘g‘lining dahshatli va sharmandali o‘limini ko‘rish Yahovaga qattiq og‘riq keltirdi. U bizni kechirishni istamaganida, O‘g‘lining o‘lishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi.

7. Muqaddas Kitobda Yahova chin dildan kechirgan qaysi insonlar haqida yozilgan?

7 Muqaddas Kitobda Yahova kechirgan ko‘plab insonlar haqida aytilgan. (Efes. 4:32) Xayolingizga kim keldi? Balki, shoh Manashe. Bu yovuz inson Yahovaga qarshi ko‘plab gunohlar qilgan. U soxta xudolarga sig‘ingan va boshqalarni ham bunga og‘dirgan. Qolaversa, Manashe o‘z farzandlarini soxta xudolarga qurbonlikka keltirgan. U hatto Yahovaning muqaddas ma’badida soxta xudoning butini o‘rnatgan. Muqaddas Kitobda u haqida shunday deyilgan: «Yahovaning nazarida ko‘p yovuz ishlar qilib, Uni ranjitdi». (2 Sol. 33:2–7) Shunga qaramay, Manashe chin dildan tavba qilgani uchun Yahova uni kechirgan va qaytadan shoh qilib tayinlagan. (2 Sol. 33:12, 13) Yoki zino va qotillikka qo‘l urib, Yahovaning nazarida jiddiy gunoh qilgan shoh Dovud xayolingizga kelgandir. Lekin u gunohini tan olib, chin dildan tavba qilgani uchun Yahova uni kechirgan. (2 Shoh. 12:9, 10, 13, 14) Ha, Yahova kechirishga tayyor ekaniga ishonishimiz mumkin. Endi esa, Yahovaning kechirishi insonlarnikidan farq qilishini ko‘rib chiqamiz.

YAHOVA KECHIRIMLI XUDO

8. Yahova a’lo Hakam bo‘lgani kechirishi bilan qanday bog‘liq?

8 Yahova «butun yer yuzining Hakami». (Ibt. 18:25) Masalan, yaxshi hakam qonunlarni a’lo darajada biladi. Yahova bizning Hakamimiz bo‘lib, barcha qonunlarni yaxshi tushunadi. U shuningdek, Qonun chiqaruvchimiz. (Ishayo 33:22) Hech bir inson Yahova kabi nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekanini bilmaydi. Qiziq, yaxshi hakamdan yana nima kutiladi? U biror ish masalasida qaror chiqarishdan avval barcha tafsilotlarni bilib olishi zarur. Yahova eng a’lo Hakam. Chunki U doim hamma narsani biladi.

9. Yahova nima asosida insonni kechirish-kechirmaslikni hal qiladi?

9 Insoniy hakamlardan farqli ravishda Yahova har bir vaziyatning barcha tafsilotlarini mukammal tarzda biladi. (Ibt. 18:20, 21; Zab. 90:8) U insonlar kabi ko‘rgani yoki eshitgani bilan chegaralanmagan. Yahova insonning harakatlariga ota-onasidan o‘tgan fazilatlar, moyilliklar, tarbiya, atrof-muhit hamda hissiy va aqliy salomatligi qay yo‘sin ta’sir qilishini yaxshi tushunadi. Qolaversa, U har bir insonning qalbini ko‘rib, niyatlari-yu istaklarini to‘laqonli tushunadi. Hech narsa Yahovaning nazaridan chetda qolmaydi. (Ibron. 4:13) Yahova barcha tafsilotlarni bilgani uchun insonni kechiradi.

Yahova adolatli, haqqoniy va xolis. Unga hech kim pora bera olmaydi (10-xatboshiga qarang.)

10. Nima uchun Yahovaning hukmlarini adolatli va haqqoniy deb ayta olamiz? (Qonunlar 32:4)

10 Yahovaning barcha hukmlari adolatli va haqqoniydir. U butunlay xolis. Yahovaning kechirishiga insonning tashqi ko‘rinishi, boyligi, mansabi yoki qobiliyatlari ta’sir qilmaydi. (1 Shoh. 16:7; Yoqb. 2:1–4) Hech bir inson Yahovaga na pora bera oladi, na bosim o‘tkaza oladi. (2 Sol. 19:7) U g‘azabga yoki boshqa his-tuyg‘ularga berilib qaror chiqarmaydi. (Chiq. 34:7) Shubhasizki, Yahova eng oliy Hakam, chunki U bizni hamda vaziyatimizni yaxshi tushunadi. (Qonunlar 32:4 ni o‘qing.)

11. Yahova insonlardan farqli ravishda qay tarzda kechiradi?

11 Ibroniycha yozuvlarning yozuvchilari Yahovaning kechirishi insonlarnikidan farq qilishini tushunishgan. Ba’zida ular ibroniycha bir so‘zni qo‘llashgan. Bu haqda bitta lug‘atda shunday deyilgan: «Ushbu so‘z gunoh qilganlarni Xudo qay tarzda kechirishini tasvirlash maqsadidagina qo‘llanilgan. U insonlar bir-birini kechirishini ko‘rsatish uchun ishlatilmaydi». Tavba qilayotgan insonni faqat Yahova to‘la-to‘kis kechirishga qodir. Xo‘sh, buning natijasi qanday bo‘ladi?

12, 13. a) Yahova bizni kechirganida nimalarni his qilamiz? b) Yahova qancha muddatga bizni kechiradi?

12 Yahova bizni kechirganiga amin bo‘lish «tetiklik baxsh etadi». Qolaversa, ichki xotirjamlikka va toza vijdonga ega bo‘lamiz. «Yahovaning O‘zi» bizni kechirgani uchun bunday tuyg‘ularni his qilishimiz mumkin. (Havor. 3:19) Yahova bizni kechirganida U bilan qayta do‘stlashish imkonini berib, go‘yo biz hech qachon gunoh qilmaganday munosabat ko‘rsatadi.

13 Yahova kechirganidan keyin, qilgan o‘sha gunohimiz uchun bizni boshqa ayblamaydi yoki jazolamaydi. (Ishayo 43:25; Yerm. 31:34) Sharq g‘arbdan uzoq bo‘lganiday, Yahova gunohlarimizni unutib yuboradi *. (Zab. 103:12) Yahova kechirimli ekani haqida fikr yuritganimizda minnatdorlik va ehtirom tuyg‘usiga to‘lamiz. (Zab. 130:4) Xo‘sh, Yahova kimlarni kechiradi?

YAHOVA KIMLARNI KECHIRADI?

14. Yahovaning kechirish-kechirmaslik qarori borasida nimalarni bilib oldik?

14 Ko‘rib chiqqanimizday, Yahovaning kechirish qarori gunohning katta-kichikligiga bog‘liq emas. Qolaversa, Yahova kimnidir kechirishi uchun Yaratuvchi, Qonun chiqaruvchi va Hakam sifatida ega bo‘lgan bilimlaridan foydalanadi. U kechirish-kechirmaslikni hal qilayotib, qaysi omillarga e’tibor beradi?

15. Yahova kechirish-kechirmaslik borasida qaysi bir omilni inobatga oladi? (Luqo 12:47, 48)

15 Yahova inobatga oladigan bir omil gunoh qilgan kishi uning ishi noto‘g‘ri ekanini bilish-bilmasligidir. Iso Luqo 12:47, 48 da (o‘qing) bu borada aniq ma’lumot bergan. Agar kishi biron ish yomon ekanini va Xudoga ma’qul emasligini bila turib, unga qo‘l ursa — bu jiddiy gunoh hisoblanadi. Yahova bu kishini kechirmaslikka qaror qilishi mumkin. (Mark 3:29; Yuhan. 9:41) Lekin shuni aytish joizki, gohida biz qilgan ish keyinchalik noto‘g‘ri ekanini bilib qolarmiz. Bunday vaziyatda Yahova bizni kechirishiga umid qilsak bo‘ladimi? Ha! Yahova inobatga oladigan yana bir omil mavjud.

Chin dildan tavba qilganimizda, Yahova bizni kechirishiga ishonsak bo‘ladi (16-, 17-xatboshilariga qarang.)

16. Tavba qilish nima degani va nega bu Yahova bizni kechirishi uchun muhim?

16 Yahova e’tibor beradigan yana bir omil gunohkorning chin dildan tavba qilishi. Bu nima degani? Tavba qilish «fikrlarni, munosabatni yoki niyatlarni o‘zgartirishni» bildiradi. Bu inson qilgan yomon ishidan yoki to‘g‘ri ish qila olmaganidan pushaymon bo‘lishni va ich-ichidan afsuslanishni o‘z ichiga oladi. Tavba qilgan inson nafaqat qilmishidan, balki bunga Yahova bilan munosabatlari zaiflashgani sabab bo‘lganidan qayg‘uga botadi. Shoh Manashe va Dovudni eslaylik, ularning ikkalasi ham jiddiy gunohga qo‘l urgan. Chin dildan tavba qilishgani uchun Yahova ularni kechirgan. (3 Shoh. 14:8) Ha, U tavba qilayotganimizni ko‘rsagina bizni kechiradi. Lekin gunohimizdan shunchaki pushaymon bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Harakat qilishga tayyor bo‘lishimiz lozim *. Yahova e’tiborga oladigan yana bir omilga nazar solaylik.

17. O‘zgarish nimani bildiradi va nega o‘tmishdagi gunohlarni qaytarmaslikka harakat qilishimiz muhim? (Ishayo 55:7)

17 Yahova o‘zgarish jarayoniga ham e’tibor beradi. O‘zgarish — inson yomon hayot tarzidan qaytib, Yahova ko‘rsatayotgan hayot yo‘lidan yurishini anglatadi. (Ishayo 55:7 ni o‘qing.) Bunday inson ongini yangilashi lozim. Shunda u Yahovaning nuqtai nazariga ega bo‘la oladi. (Rim. 12:2; Efes. 4:23) U shuningdek, yomon fikrlar-u ishlarga nuqta qo‘yishi kerak. (Kolos. 3:7–10) Albatta, Iso Masihning qurbonligi asosida Yahova bizni kechirib, gunohdan poklashiga ishonamiz. O‘zgarish uchun qilayotgan barcha urinishlarimizni ko‘rganida, U Isoning qurbonligi asosida bizni kechiradi. (1 Yuhan. 1:7)

YAHOVA SIZNI KECHIRISHIGA ISHONING

18. Yahovaning kechirimi borasida nimalarni bilib oldik?

18 Keling, ko‘rib chiqqan asosiy fikrlarni eslaylik. Darhaqiqat, Yahova koinotdagi eng oliy kechiruvchi Shaxs. Nega bunday deya olamiz? Birinchidan, U doim kechirishga tayyor. Ikkinchidan, U biz haqimizda barcha narsadan xabardor. Yahova biz qanday shakllanganimizni juda yaxshi biladi va chin dildan tavba qilayotganimizni yoki qilmayotganimizni aniqlay oladi. Uchinchidan, Yahova bizni to‘la-to‘kis kechirib, umuman gunoh qilmaganday hisoblaydi. Bu tufayli toza vijdon va Uning marhamatiga ega bo‘lamiz.

19. Nomukammal bo‘lib, gunoh qilishda davom etsak ham nega siqilmasligimiz kerak?

19 Nomukammal ekanmiz, gunoh qilib turamiz. Biroq «Muqaddas Kitobni anglamoq» ensiklopediyasining 2-jildi, 771-sahifasida shunday yozilgan: «Yahova xizmatchilarining kamchiliklariga rahm-shafqat bilan qaraydi. Shuning uchun, ular meros bo‘lib o‘tgan nomukammallik dastidan va xatolar qilishidan doim siqilib yurmasligi lozim. (Zb 103:8–14; 130:3) Ular Xudoning yo‘lida qo‘lidan kelgan eng yaxshisini qilsa, bundan xursand bo‘lishi mumkin. (Flp 4:4–6; 1Yuh 3:19–22)» Bu juda daldali fikr!

20. Keyingi maqolada nimani muhokama qilamiz?

20 Gunohimizdan chin dildan pushaymon bo‘lganimizda, Yahova bizni kechirishga tayyor ekanidan juda minnatdormiz. Yahovaning kechirishiga qanday taqlid qila olamiz? Insonlarning va Yahovaning kechirishi o‘rtasida qanday o‘xshashlik va farq bor? Nega buni tushunish shunchalik muhim? Keyingi maqolada bu savollarga javob topamiz.

45-QO‘SHIQ Qalbim o‘ylari

^ Yahova O‘z Kalomida tavba qilganlarni kechirishga tayyor ekaniga bizni ishontiryapti. Ba’zida o‘zimizni bunga noloyiq his qilishimiz mumkin. Ushbu maqolada gunohimizdan chin dildan pushaymon bo‘lsak, nega Yahova bizni doim kechirishga tayyor ekaniga ishonishimiz mumkinligini muhokama qilamiz.

^ IBORA MA’NOSI. «Tavba qilish» inson fikrlash tarzini o‘zgartirishi bilan birga oldingi hayot tarzidan, yomon xatti-harakatlaridan yoki to‘g‘ri ish qila olmaganidan chin dildan pushaymon bo‘lishini bildiradi. Haqiqiy tavba amalda ko‘rinib, harakatlarni o‘zgartirishga undaydi.