Allohga bo‘ysunadiganlar qanday barakalar olishadi?
Muso payg‘ambarning so‘zlariga ko‘ra, agar Allohning amrlariga bo‘ysunsak, Uning barakalariga erishamiz. (Qonunlar 10:13; 11:27) Biz Xudoga Uning jazosidan qo‘rqqanimiz uchun emas, balki go‘zal fazilatlari bizni jalb qilgani bois bo‘ysunamiz. Shuningdek, biz Xudoni yaxshi ko‘rganimiz uchun Uni ranjitadigan ishlarni qilishdan qochamiz. Ha, «Allohga bo‘lgan sevgi Uning amrlariga rioya qilishdan iboratdir». (1 Yuhanno 5:3)
Ammo Xudoga bo‘ysunish qanday barakalar olib keladi? Keling, ulardan ikkitasini ko‘rib chiqaylik.
1. ALLOHGA BO‘YSUNISH BIZNI DONO QILADI
«Men Yahova, sening Xudoyingman, sening manfaatingni ko‘zlab ta’lim beraman, yurishing kerak bo‘lgan yo‘ldan yetaklayman». (ISHAYO 48:17)
Parvardigorimiz Yahova bizni yaxshi biladi va bizga kerakli yo‘l-yo‘riqlar beradi. Agar Xudoning ta’limotlari dono qarorlar chiqarishimizga yordam berishini istasak, Muqaddas Yozuvlardan U nimalarni talab qilayotganini bilib olishimiz va bu bilimlarni amalda qo‘llashimiz kerak.
2. ALLOHGA BO‘YSUNISH BIZNI BAXTLI QILADI
«Tangrining kalomini tinglab, uni bajo keltirganlar baxtlidir!» (LUQO 11:28)
Bugungi kunda millionlab insonlar Xudoning Kalomidagi so‘zlarga itoat qilib, chinakam baxtga erishyapti. Keling, Ispaniyadan bo‘lgan bir kishining misolini ko‘rib chiqaylik. U jahli tez odam edi va boshqalarga, jumladan, xotiniga ham qo‘pol munosabat qilardi. Bir kuni o‘sha kishi Muso payg‘ambar yozgan kitoblardan Yoqub alayhissalomning o‘g‘li Yusuf yumshoq tabiatli bo‘lgani borasida o‘qib qoladi. Bayonotga ko‘ra, Yusuf qullikka sotilgandi va adolatsizlarcha zindonga tashlangandi, lekin shunga qaramay, u muloyim, tinchliksevar va kechirimli bo‘lishda davom etgandi. (Ibtido 37–45) Yuqorida tilga olingan kishi shunday dedi: «Yusufning misoli ustida mulohaza yuritish meni muloyimlik, mehribonlik va o‘zini tuta bilish kabi fazilatlarni rivojlantirishga undadi. Bu tufayli hozir baxtli hayot kechiryapman».
Muqaddas Yozuvlarda boshqalarga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerakligi haqida yana ko‘p maslahatlar mavjud. Bunday maslahatlarni navbatdagi maqolada batafsil muhokama qilamiz.