Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Ibodat haqida odamlarning fikri

Ibodat haqida odamlarning fikri

«Nima qilarimni bilmay qolganimda ibodat qilaman. Shunda go‘yoki Xudo oldimda turib, qo‘limdan ushlayotganini va meni yo‘naltirayotganini his qilaman». (MARIYA)

«Rafiqam 13-yil saraton kasalligi bilan kurashgach, vafot etdi. O‘sha paytlari Tangriga har kuni ibodat qilib, dardimni to‘kib solardim va U meni tinglayotganini his qilardim. Bu menga xotirjamlik bag‘ishlardi». (RAUL)

«Ibodat — Xudo odamlarga bergan ajoyib sovg‘adir». (ARNI)

Mariya, Raul, Arni va ko‘plab boshqa insonlar ibodatni o‘zgacha sovg‘a deb bilishadi. Ibodat ularga Xudo bilan gaplashish, Unga minnatdorchilik bildirish va Undan yordam so‘rash imkonini beradi. Shuningdek, ular Muqaddas Kitobda Allohga ibodat qilish haqida yozilgan quyidagi so‘zlar rost ekaniga to‘liq ishonishadi: «Biz shunda aminmizki, Allohga murojaat qilib Uning irodasiga muvofiq nimaiki so‘rasak, U bizni eshitadi». (1 Yuhanno 5:14)

Boshqa tarafdan esa aksariyat odamlar Xudoning Kalomida ibodat haqida yozilganlarga ishonmaydi. Stiv ibodatga nisbatan munosabati qanday bo‘lgani borasida shularni aytib berdi: «17 yoshligimda ikkita baxtsiz hodisa tufayli uchta do‘stimdan ayrildim. Ulardan bittasi avtohalokatda vafot etdi, qolgan ikkitasi esa dengizda cho‘kib ketdi». O‘shanda Stiv nima qildi? U shunday dedi: «Xudoga ibodat qilib, nega bularning hammasi sodir bo‘lganini so‘rardim, ammo javob olmasdim. Shunda “O‘zi ibodat qilishdan foyda bormi?” deb o‘ylay boshladim». Ko‘pchilik ibodatlariga javob olmagani uchun «Ibodat qilishdan foyda bormikan?» degan fikrga boradi.

Odamlar ibodat qilishni befoyda deb hisoblashlarining yana boshqa sabablari ham bor. Ba’zilar shunday deydi: «Agar Xudo barcha narsadan xabardor bo‘lsa va ehtiyojlarimiz yoki muammolarimiz to‘g‘risida oldindan bilsa, unda bu narsalar haqida Unga aytishning hojati yo‘q».

Boshqalar esa o‘tmishda qilgan xatolari tufayli Alloh ularning ibodatlarini tinglashni istamaydi, deb o‘ylashadi. Masalan, Jeni ismli bir ayol quyidagicha bo‘lishdi: «O‘zimni keraksizday his qilish — mening eng katta muammoyim. Afsuslanishimga sabab bo‘lgan ishlar qilganman, shunga Xudo meni tinglashiga noloyiqman, deb hisoblayman».

Siz-chi, ibodat haqida qanday fikrdasiz? Qachondir sizda ham ibodat borasida shunga o‘xshash savollar tug‘ilgan bo‘lsa, ularga Muqaddas Kitobda qoniqarli javoblar borligi sizga tasalli berishi mumkin. Xudoning Kalomida ibodat haqida yozilganlarga ishonsak bo‘ladi *. Uning yordamida quyidagi savollarga javob topa olamiz:

  • Alloh chindan ham ibodatlarimizni eshitadimi?

  • Nega ba’zi ibodatlar javobsiz qoladi?

  • Xudo sizni eshitishi uchun qanday ibodat qilishingiz kerak?

  • Ibodat sizga qay yo‘sin yordam bera oladi?

^ 9- x.b. Muqaddas Kitobda Xudoning ko‘plab xizmatchilari, jumladan, Iso alayhissalomning ibodatlari yozilgan. Ko‘pchilik orasida Tavrot va Zabur deb tanilgan Ibroniycha yozuvlarning o‘zida 150 dan oshiq ibodat qalamga olingan.